Jahon | 07:28 / 21.08.2019
17711
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya va Xitoy AQShning raketa rejalari tufayli BMT yig‘ilishini chaqirtirdi

Foto: AP Photo / Jason DeCrow

Rossiya va Xitoy AQShning o‘rta masofadagi raketalarni ishlab chiqish va joylashtirish rejalari tufayli BMT Xavfsizlik yig‘ilishini chaqirtirdi. Uchrashuv 22 avgustda bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Dmitriy Polyanskiy ma'lum qildi. 

Pentagon 19 avgustda 1987 yilda tuzilgan O‘rta va kichik masofadagi raketalarni yo‘q qilish bitimi bilan taqiqlangan qanotli raketani sinovdan o‘tkazganini e'lon qilgan. Bitim 2 avgustdan amal qilmay qo‘ygan, u 500 kmdan 5500 kmgacha masofaga uchuvchi raketalarni taqiqlagan. 

AQShning quruqlikdagi qo‘shinlari vaziri vazifasini bajaruvchi Rayan Makkarti AQSh bitimda taqiqlagan masofadagi ballistik jangovar kallakli gipertovushli raketa ishlab chiqayotganini ma'lum qilgan. Rossiya tashqi ishlar vazirligida sinov vaqtida AQShning Ruminiyadagi harbiy bazasida turgan Mk-41 qurilmasi qo‘llanganiga e'tibor qaratilgan. Moskvada ushbu holat “bu qurilmalar nafaqat ushlash raketalarini, balki qanotli raketalarni ham uchirishga mo‘ljallanganining yaqqol tasdig‘i” deb baholangan. Pentagonda sinovlar vaqtida haqiqatan ham Mk-41 qurilmalari qo‘llangani, biroq ular Ruminiyadagidan boshqacha konfiguratsiyada ekani aytilgan. 

Yil boshida Vashington Rossiyani O‘rta va kichik masofadagi raketalarni yo‘q qilish bitimini buzishda ayblab, undan bir tomonlama chiqishini e'lon qilgan. Biroq Rossiya bir necha marotaba bitim shartlarini to‘liq bajarib kelayotganini ta'kidlagan. Iyul boshida esa Rossiya prezidenti Vladimir Putin bitimning to‘xtatilishi haqidagi qonunni imzolagan. 

Mavzuga oid