O‘zbekiston | 14:58 / 23.08.2019
14153
3 daqiqa o‘qiladi

Mudofaa to‘g‘risidagi qonun yangi tahrirda qabul qilinmoqda

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Yangi tahrirdagi “Mudofaa to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan joriy yilning 12 iyul kuni birinchi o‘qishda qabul qilingan edi, deb yozadi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Akmal Rahmonov.

Bildirilishicha, qonunning normalari jahondagi va mintaqadagi vaziyatning rivojlanishi, ehtimol tutilgan tahdidlar, milliy xavfsizlikka bo‘lgan xavf-xatarlar va ularga qarshi yo‘naltirilgan mamlakatning salohiyati, shuningdek, keyingi yillarda mamlakatimizda mudofaa sohasida o‘tkazilayotgan islohotlarni inobatga olgan holda, qayta ishlab chiqilgan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi huzurida tuzilgan ishchi guruh tomonidan loyiha ikkinchi o‘qishga tayyorlanib, maromiga yetkazildi va siyosiy partiyalar fraksiyalari muhokamasiga taqdim etildi.

Ushbu loyihani takomillashtirish jarayonida Mudofaa vazirligi mutaxassislari bilan o‘tkazilayotgan islohotlarga hamohang tarzda bir qator jihatlarga alohida e'tibor qaratilgan. Xususan, yangi sharoitlarda O‘zbekiston Respublikasining mudofaa sohasidagi davlat siyosatining asosiy maqsad va vazifalari belgilab berish, mamlakatimiz milliy manfaatlarining ustuvorligi asosida hamda xalqaro huquqning umume'tirof etilgan normalarini inobatga olgan holda, davlat harbiy tashkilotini rivojlantirish vazifalari va yo‘nalishlari aniqlashga ustuvor vazifa sifatida qaraldi. Bundan tashqari, mudofaani tashkil etish, Qurolli Kuchlarning asosiy vazifalari, ularni qo‘llash shakllari va usullari, mamlakat mudofaasi va Qurolli Kuchlarga rahbarlik qilish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining, Vazirlar Mahkamasining, Mudofaa vazirligining, Qurolli Kuchlar Bosh shtabi, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining mudofaa sohasidagi vakolatlari belgilandi. Shuningdek, urush holati, urush davri, harbiy va favqulodda holat, safarbarlik, hududiy mudofaa va fuqaro muhofazalarini belgilash, mudofaa sohasidagi xalqaro hamkorlik, mamlakat mudofaasining harbiy-iqtisodiy ta'minotiga oid munosabatlar huquqiy tartibga solish bo‘yicha ilgari surilgan normalar maromiga yetkazilgan.

Qayd etilishicha, mazkur yangi tahrirdagi qonunning qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasining mudofaa sohasidagi qonunchilik tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi. 

Mavzuga oid