O‘zbekiston | 15:10 / 23.08.2019
24496
4 daqiqa o‘qiladi

Qator yirik korxonalar O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga o‘xshash tovarlarni import qilgan

Oliy Majlis Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi majlisida import qilinayotgan mahsulotlar hajmi va unga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash, import mahsulotlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida Iqtisodiyot va sanoat vazirligining hisoboti eshitildi.

Foto: Oliy Majlisi Senati axborot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabariga ko‘ra, respublikada yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilishi o‘zlashtirilayotgan bo‘lsa-da, ayrim vazirlik va idoralar, hududiy korxonalar, jismoniy shaxslar tomonidan Mahalliylashtirish dasturi doirasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga o‘xshash tovarlar va asosiy faoliyatiga xos bo‘lmagan tovarlar importini amalga oshirish davom etmoqda.

Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida 878,8 mln. dollarga teng bo‘lgan o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan tovarlar import qilingan. Jumladan, “O‘zavtosanoat” AJ, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi, “O‘zmetkombinat” AJ, “O‘zeltexsanoat” AJ, “O‘zcharmsanoat” uyushmasi, Olmaliq KMK tomonidan respublikamizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga o‘xshash tovarlar importi amalga oshirilgan.

Majlisda ta'kidlanganidek, import hajmining mahsulotlar kesimidagi tahlili tashqi savdoni tarif va notarif boshqarishga ehtiyoj oshib borayotganligini ko‘rsatdi. Xususan, respublika importidagi bojxona bojlarining amaldagi tarif stavkalari o‘rtacha qiymati 5,6 foizga teng bo‘lib, mahsulotlarning 62,7 foizi uchun nol stavkalari qo‘llanilib kelinmoqda. Bu o‘z navbatida, respublikamizdagi mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga salbiy ta'sir etib, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishdan ko‘ra chetdan tayyor mahsulotlar olib kirilishini rag‘batlantirmoqda.

Qolaversa, tegishli vazirlik va idoralar tomonidan yetarli darajada nazorat olib borilmayotganligi sababli ayrim tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari mahsulotlar bojxona qiymatini kamaytirib, ba'zi hollarda esa ko‘paytirib ko‘rsatishlari natijasida import qilingan mahsulot ichki bozorda 3 5 barobarga qimmatga sotilmoqda.

Foto: Oliy Majlisi Senati axborot xizmati

Shu kabi muammolar hamda olingan ma'lumotlar tahlilidan kelib chiqib, majlisda mahalliy ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, bozorni o‘zimizda ishlab chiqarilgan sifatli tovarlar bilan to‘ldirish, tashqi bozorda raqobatbardosh mahsulotlarning hajmlarini oshirish, import qilinayotgan mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash, ularni mahalliylashtirish bo‘yicha belgilangan vazifalarning Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan ijro etilishi talab darajasida emasligi qayd etildi. Xususan, nazorat yo‘qligi va tegishli choralar ko‘rilmaganligi natijasida joriy yilning birinchi yarmida tarmoq korxonalari tomonidan umumiy qiymati 340 mln. dollar bo‘lgan 8 ta obekt ishga tushirilishi ta'minlanmagan.

Majlisda mavjud muammolar yechimi xususida so‘z yuritilar ekan, import qilinayotgan mahsulotlar hajmini aniqlash, ularni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning mavjud holatini har bir vazirlik va idora, mahalliy hokimiyatlar, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar darajasida o‘rganib chiqib, dolzarb vazifalar yechimini ta'minlash yuzasidan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqish lozimligi alohida ta'kidlab o‘tildi. Shuningdek, bu yo‘nalishda vazirlik va idoralar, mahalliy hokimiyat organlari, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida xabardorlik darajasini oshirish maqsadida “on-line” axborot almashuv tizimini joriy etish zarurligi aytib o‘tildi.

Mavzuga oid