O‘zbekiston | 13:56 / 24.08.2019
7682
2 daqiqa o‘qiladi

Moddiy madaniy meros obektlarining 259tasi butkul yo‘qotilgan, qayta tiklab bo‘lmaydi – Senat

Foto: KUN.UZ

Oliy Majlis Senatining 21-yalpi majlisi ikkinchi kunida senatorlar “Moddiy madaniy meros obektlarining muhofaza qilinishi kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunini ma'qullash yuzasidan muhokama o‘tkazishdi.

Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ro‘zi Saidov madaniy obektlarning xatlovdan o‘tkazilish jarayoni, ularni asrash borasida amalga oshirilayotgan tadbirlar haqida ma'lumot berdi.

“Ayni paytda yurtimizda 7 ming 500 ga yaqin moddiy madaniy meros obektlari mavjud bo‘lib, ularning 4308 tasi arxeologik, 2079 tasi arxitektura, 694 tasi mahobatli san'at asari, 395 tasi diqqatga sazovor joylarni tashkil qiladi. Mazkur obektlarning 7123 tasi davlat mulki va 353 tasi xususiy mulk hisoblanadi. Moddiy madaniy meros obektlari xatlovdan o‘tkazilganda, afsuski,  259 tasi butkul yo‘qotilgani, obektlarning atigi 34 foizining kadastr hujjatlari mavjudligi, bor yo‘g‘i 29,5 foiziga muhofaza belgilari o‘rnatilgani aniqlangan. Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish kiritilib, Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamenti mansabdor shaxslariga ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzish vakolati berilmoqda”.

Saidovning ta'kidlashicha, YuNeSKO huzuridagi Umumjahon merosi qo‘mitasi 2016 yil 13 iyuldagi yig‘ilishida Shahrisabz tarixiy markazi xavf ostida turgan Umumjahon merosi obektlari ro‘yxatiga kiritildi. Samarqand shahrida o‘tkazilgan tahlil natijalarida shaharning tarixiy qiyofasi va muhitiga salbiy ta'sir etadigan 159 ta ko‘p qavatli bino va inshootlar qurilgani aniqlandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid