Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Senat majlisi: Ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qonun ma'qullanmadi
23 avgust kuni o‘z ishini boshlagan Senatning 21-yalpi majlisi kun tartibiga muvofiq “Ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash hamda go‘daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi, ammo ma'qullanmadi.
Mazkur qonun loyihasi tahlili bo‘yicha ma'ruza qilgan Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayevga ko‘ra, loyiha bir qator xalqaro normalarga zid, masala to‘liqligicha qamrab olinmagan.
─ Ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash, go‘daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir belgilangan tadbirlarga rioya etilishini ta'minlashni ko‘zda tutuvchi mazkur qonun loyihasi o‘rganilib, uni tamomila qayta ko‘rib chiqish kerak, degan xulosaga kelindi, ─ deydi qo‘mita raisi.
Nizomxo‘jayevga ko‘ra, qonunda go‘daklar va kichik yoshdagi bolalarga mo‘ljallangan oziq-ovqat mahsulotlarini reklama qilish nazarda tutilgan. Biroq Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasi normalariga ko‘ra, aholi orasida ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilmaslik, ular sotilishini targ‘ib qilishning biror shaklini qo‘llamaslik qat'iy belgilab qo‘yilgan.
Shuningdek, qonunda “kimyoviy tarkibi va oziqlik qimmati bo‘yicha ona sutiga yaqinlashtirilgan” degan ibora qo‘llanilib, ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlar eng ideal mahsulot sifatida talqin qilingan. Vaholanki, ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni sotish qoidalarining Xalqaro tavsiyalar to‘plamiga ko‘ra, bunday mahsulotlarning etiketlarida “inson sutiga yaqinlashtirilgan”, “ona sutiga o‘xshagan” kabi iboralarni qo‘llash mumkin emas.
Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur qonun talablariga rioya etilishi uchun javobgar organ sifatida ko‘rsatilgan, ammo bu borada davlat nazoratini amalga oshirish bo‘yicha qoidalarni tatbiq etishning aniq mexanizmi ochib berilmagan.
Shu bilan birga, qonunda ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlashga erishishning asosiy mexanizmi sifatida targ‘ibot ishlari ko‘rsatilgan. “Ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash va bunga shart-sharoit yaratish deganda biz faqat targ‘ib qilishni nazarda tutmasligimiz kerak. Balki reproduktiv yoshdagi, homilador va emizikli ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ularni sog‘lom oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash, ona suti bilan oziqlantirish uchun maxsus ajratilgan joylarni tashkil etishni maqsad qilishimiz lozim”, ─ deya ta'kidlaydi Zayniddin Nizomxo‘jayev.
Yuqoridagilarga asoslangan holda mazkur qonun loyihasi ma'qullanmadi, qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirish uchun Qonunchilik palatasiga qaytarildi.
Mavzuga oid
19:45 / 13.06.2026
Senat aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi
15:29 / 13.06.2026
Senat Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risidagi qonunni rad etdi
08:33 / 05.06.2026
AQSh Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kengaytirish sari qadam tashladi
17:36 / 23.05.2026