10:20 / 25.08.2019
7060

106 mingdan ko‘proq yoshlar qatnashgan «Charm to‘p» musobaqasida final bosqichi ishtirokchilari aniqlandi

2019 yil 26-31 iyul kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlar tuman(shahar)larida mahallalararo 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan “Charm to‘p-2019” an'anaviy futbol musobaqasining birinchi bosqichida respublikamizning 9 098 ta mahallasidan 7 125 talabnoma asosida 106 875 nafar yoshlar ishtirok etdi.

Mazkur musobaqaning 2-bosqichi 2-10 avgust kunlari oralig‘ida o‘tkazilishi belgilangan bo‘lib, bunda mahallalararo bosqichidan g‘olib bo‘lgan jamoalar tuman (shahar) bosqichlarida ishtirok etishdi.

“Charm to‘p-2019” an'anaviy futbol musobaqasining 10-20 avgust kunlariga belgilangan uchinchi bosqichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar hamda Toshkent shahri kesimida g‘oliblar aniqlab olindi. Shuni ta'kidlash joiz, uchinchi bosqich o‘yinlari hududiy maydoni ancha katta ayrim viloyatlarda avval mintaqaviy bosqichlarda o‘tkazilib, so‘ngra mintaqa g‘oliblari yakuniy Respublika bosqichiga chiqadigan jamoani aniqlab olish uchun o‘zaro bahslashdi.

25 avgustdan poytaxtimizda “Charm to‘p-2019” an'anaviy futbol musobaqasining hal qiluvchi to‘rtinchi bosqichiga start beriladi. Bunda saralash bahslari yakuniga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahri kesimida g‘olib chiqqan 14ta eng kuchli jamoa bosh sovrin uchun kurash olib boradi.

“Charm to‘p-2019” an'anaviy futbol musobaqasining Respublika bosqichida ishtirok etadigan jamoalar ro‘yxati:
Andijon viloyati – “Yakkatut” MFY, Shahrixon tumani;
Buxoro viloyati – “Nekkeshi” MFY, Shofirkon tumani;
Jizzax viloyati – “G‘allaorol” MFY, G‘allaorol tumani;
Namangan viloyati – “Navkent” MFY, Yangiqo‘rg‘on tumani;
Samarqand viloyati – “O‘rikzor” MFY, Kattaqo‘rg‘on tumani;
Sirdaryo viloyati – “Yettiguzar” MFY, Xovost tumani;
Farg‘ona viloyati – “Baxrin” MFY, Marg‘ilon shahri
Toshkent viloyati – “Shodlik” MFY, Yuqori Chirchiq tumani;
Qashqadaryo viloyati – “Oqqamish” MFY, Kasbi tumani;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi – “Do‘stlik” MFY, Taxiatosh tumani;
Toshkent shahri – “Iqbol” MFY, Bektemir tumani
Surxondaryo viloyati – “Sherobod” MFY, Sherobod tumani;
Navoiy viloyati – “Navbahor” MFY, Navbahor tumani
Xorazm viloyati – “Muxomon” MFY, Hazorasp tumani.

Musobaqaning guruh bosqich hamda pley-off o‘yinlari 25-27 avgust kunlari “Bunyodkor” futbol akademiyasiga qarashli maydonlarda tashkil etilsa, nihoyat final uchrashuvi 28 avgust kuni soat 18:00da “Milliy” stadionda boshlanadi. Muxlislarga qulaylik yaratish maqsadida o‘yinlarga kirish bepul etib belgilandi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Mavzuga oid
Top