Ravshan Ermatov yana hakamlikka qaytmoqda yoxud Toshkentda «Charm to‘p-2019» futbol musobaqasining final bosqichiga start berildi
Vazirlar Mahkamasining «Mahalla yoshlari o‘rtasida «Charm to‘p» an'anaviy futbol musobaqasini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida»gi 1-son yig‘ilish bayoni bilan mamlakatimiz miqyosida 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida futbol musobaqalarini yuqori saviyada tashkil etish vazifasi belgilab berilgandi.
Ushbu musobaqani o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad – yurtimiz aholisi orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, yoshlarni yagona maqsad yo‘lida birlashtirish, ularga o‘z iqtidorini namoyon etishlari uchun keng maydon yaratib berish.
«Sport qiroli» maqomini olgan futbol yurtimizda ham eng sevimli sport turi sanaladi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, mahalla yoshlari o‘rtasida «Charm to‘p» an'anaviy futbol musobaqasini o‘tkazish g‘oyasi yurtdoshlarimiz tomonidan iliq kutib olindi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi hamda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hamkorligida o‘tkazilayotgan mazkur musobaqa to‘rt bosqichda tashkil etildi.
Birinchi bosqich – 26-31 iyul kunlari mahallalar o‘rtasida, ikkinchi bosqich esa 2-10 avgust oralig‘ida tuman va shaharlar bosqichida tashkil etildi. 10-20 avgustga belgilangan uchinchi bosqichda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahri kesimida eng kuchli jamoalar saralab olindi.
Bugun start berilgan «Charm to‘p-2019» an'anaviy futbol musobaqasining yakuniy bosqichida o‘z hududlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 14ta jamoa to‘rtta guruhga bo‘lingan holda bahslarga kirishdi. Kecha «Milliy» stadionning anjumanlar zalida musobaqa oldi matbuot anjumani va qur'a tashlash marosimi tashkil etildi. Unda Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Oybek Kasimov, O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov hamda «Charm to‘p» musobaqalari orqali katta futbolga kirib kelgan faxriy futbolchi, O‘zbekistonning XX asrdagi eng yaxshi o‘yinchilaridan birni To‘lagan Isoqov, shuningdek OAV xodimlari va musobaqa ishtirokchilari qatnashdi.
Qur'a natijalari quyidagicha ko‘rinish oldi:
«A» guruhi:
«Muxoman» (Xorazm), «Sherobod» (Surxondaryo), «G‘allaorol» (Jizzax), «Navbahor» (Navoiy);
«V» guruhi:
«Iqbol» (Toshkent sh.), «O‘rikzor» (Samarqand), «Bahrin» (Farg‘ona), «Yettiguzar» (Sirdaryo);
«S» guruhi:
«Oqqamish» (Qashqadaryo), «Shodlik» (Toshkent vil.), «Nekkeshi» (Buxoro);
«D» guruhi:
«Do‘stlik» (Qoraqalpog‘iston Respublikasi), «Yakkatut» (Andijon), «Navkent» (Namangan).
Musobaqaga barcha jamoalar ko‘tarinki kayfiyatda va yuqori tayyorgarlik bilan yetib keldi. Uchrashuvlar ham yuqori saviyada tashkil etilmoqda. Bahslarni mamlakatimizda ko‘zga ko‘ringan hakamlar, qaysiki Superliga va Pro-liga o‘yinlarida toblangan o‘z ishining haqiqiy ustalari boshqarib bormoqda.
Bugun ertalabdan «Bunyodkor» futbol akademiyasiga qarashli maydonlarda «Charm to‘p-2019» an'anaviy futbol musobaqasining yakuniy bosqichiga start berildi. O‘yinlar keskin va murosasiz kurashlarga boy tarzda o‘tmoqda. Buni qayd etilayotgan natijalar ham ko‘rsatib turibdi.
1-tur o‘yinlarida qayd etilgan natijalar:
«A» guruhi:
«Muxoman» (Xorazm) – «Sherobod» (Surxondaryo) – 1:4
«G‘allaorol» (Jizzax) – «Chelachi» (Navoiy) – 0:2
«V» guruhi:
«Iqbol» (Toshkent sh.) – «O‘rikzor» (Samarqand) – 1:0
«Bahrin» (Farg‘ona) – «Yettiguzar» (Sirdaryo) – 2:2
«S» guruhi:
«Oqqamish» (Qashqadaryo) – «Shodlik» (Toshkent vil.) – 2:2
«D» guruhi:
«Do‘stlik» (Qoraqalpog‘iston) – «Yakkatut» (Andijon) – 1:3
«Charm to‘p-2019» an'anaviy futbol musobaqasini tomosha qilish istagini bildirgan muxlislar uchun «Bunyodkor» futbol akademiyasi eshiklari ochiq.
Darvoqe, 28 avgust sanasiga belgilangan final uchrashuvi mamlakatimizning bosh arenasi – «Milliy» stadionda o‘tkaziladi. Unda tomoshabinlar respublikamiz mahallalarining eng kuchli jamoasini bilib olishadi. Chiptalar o‘sha kuni stadion kassalarida bepul tarqatiladi.
Yana bir gap, «Charm to‘p-2019» an'anaviy futbol musobaqasining final o‘yinini nafaqat O‘zbekiston, balki dunyoning eng mashhur hakamlaridan biri Ravshan Ermatov boshqarib boradi. Xullas, 28 avgust kuni soat 18:00da «Milliy» stadionga kelsangiz, sarflagan vaqtingizga achinmaysiz.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati