Jahon | 14:10 / 25.08.2019
13523
4 daqiqa o‘qiladi

Lobbistlar va filantroplar: dunyoning eng boy oilalaridan biri haqida 10 fakt

Foto: AP

23 avgust kuni dunyoning eng boy kishilaridan biri Devid Kox vafot etdi. U oilaviy biznes - Koch Industries kompaniyasini 2018 yilda tark etgandi. AQShning eng katta ta'sirga ega oilasi haqidagi faktlar bilan quyida tanishishingiz mumkin.

Oilaviy biznes asoschisi Fred Kox 1900 yilda AQShning Texas shtatida, golland immigrantlari oilasida dunyoga kelgan. U kimyo yo‘nalishida ta'lim oldi va neft sohasida ish boshladi. U 1925 yilda Keith-Winkler Engineering kompaniyasiga ishga keldi, tez orada uning hammuassisiga aylandi va kompaniya Koch-Winkler Engineering deb atala boshladi.  

Kompaniya 1932 yilga kelib AQShdagi faoliyatini to‘xtatdi: Koch-Winkler kompaniyasiga qarshi 44ta patent da'vosi qo‘zg‘atildi, korxona bitta da'vodan tashqari boshqa barcha da'volarda yutib chiqdi. Biznes Qo‘shma Shtatlar tashqarisida davom etdi: 1929-1932 yillar davomida Kox SSSR hududida 15ta neftni qayta ishlash zavodini tashkil etdi. Bundan tashqari, Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharqda korxonalari paydo bo‘ldi. Ulardan biri natsistlar Germaniyasida ochildi.

Fred Koxning to‘rt o‘g‘li: Frederik, Charlz, Devid va Uilyam bor edi. 1946 yilda AQShda uning yana bir korxonasi — Rock Island Oil and Refining Company faoliyat ko‘rsatardi. U  1961 yilda Massachusets universitetining kimyo va mashinasozlik yo‘nalishida ta'lim olgan o‘g‘li Charlzni yoniga tortdi. 1967 yilda, Fred Koxning o‘limidan so‘ng aynan u Rock Island Oil rahbari bo‘ldi va uni Koch Industries deb o‘zgartirdi.

Fred Koxning vasiyati keyinchalik oilada nizo keltirib chiqardi : u aksiyalarni to‘rt o‘g‘liga teng taqsimlagandi. Uilyam va Frederik Charlzning olib borayotgan siyosatidan norozi bo‘ldi va uzoq davom etgan sudlashuvlardan so‘ng Charlz bilan Devid 1983 yilda aka-ukalarining ulushini 1 mlrd dollarga sotib olishdi.

Koch Industries asfalt, sellyuloza va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarib, AQShdagi eng yirik kompaniyalardan biriga aylandi.  

Charlz va Devid Kox Amerika siyosatida faol ishtirok etishdi. Ular Respublikachilar partiyasini qo‘llab-quvvatlab, Barak Obamani tanqid qilishdi. Ular biznes uchun imtiyoz va dotatsiyalar ajratish siyosatiga qarshi chiqishdi. Devid Kox soliq o‘zgarishlari uning biznesi uchun manfaatli bo‘lishini yoqlaydigan «Amerikaliklar farovonlik uchun» fondiga rahbarlik ham qildi. 

Koxlarning biznesi ekologiya faollarining tanqidlariga ko‘p uchraydi. Xabarlarda aytilishicha, aka-ukalar global isish nazariyasini tanqid qiladigan tadqiqotlarni moliyalashtirib turishadi.

Aka-uka Koxlar taniqli filantroplar bo‘lib, ular san'at va turli tadqiqotlar, jumladan onkologik kasalliklarni davolashning yangi usullarini o‘rganishga homiylik qilishadi. Devid  Koxda saraton xastaligi aniqlangan edi.

Devid Kox 2018 yilda salomatligi bois oilaviy biznesni tark etdi.  

Koxlar oilasi 2019 yilda Bloomberg talqini bo‘yicha eng boy oilalar ro‘yxatida uchinchi o‘rinni egallagan. Koch Industries — AQShning eng yirik ikkinchi xususiy kompaniyasi. Charlz va Devid Kox Forbes milliarderlar reytingida 11-o‘rinda joylashgan bo‘lib, Devidning boyligi 50,5 mlrd, Charlzning boyligi esa 42,5 mlrd dollar deb baholangan.

Mavzuga oid