Prezident maslahatchisi Ravshan G‘ulomovga qo‘shimcha vazifalar yuklandi, Vazirlar Mahkamasida yangi sho‘'ba tashkil qilindi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi hamda mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoat tarmoqlarida kooperatsiya aloqalarini jadallashtirishning yangi tizimini joriy etish bo‘yicha mas'uliyatini yanada oshirish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasida importni doimiy tahlil va monitoring qilish yo‘nalishida belgilangan shtatlar soni doirasida 6 ta shtat birligidan iborat alohida tarkibiy tuzilma tashkil etilmoqda va uning asosiy funksiyalari etib kuyidagilar belgilanmoqda:
budjet va davlat maqsadli jamg‘armalarining mablag‘lari hisobidan, shuningdek monitoring yuritiladigan korxonalar tomonidan amalga oshirilgan import hajmlari va nomenklaturasini doimiy tahlil qilish;
budjet tashkilotlari, budjet mablag‘larini oluvchilar va monitoring yuritiladigan korxonalar tomonidan davlat xaridlari doirasida sotib olingan mahsulotlarning asoslanganligini, importdan olingan mahsulotlarning, shu jumladan tadbirkorlik sub'yektlari - rezidentlardan xarid qilingan import mahsulotlarining narx bo‘yicha belgilangan parametrlarga muvofiqligini o‘rganish;
o‘tkazilgan o‘rganish va tahlillar natijalari bo‘yicha mahalliylashtirish jarayonini yanada takomillashtirish yuzasidan tayyorlangan ma'lumotlarni har chorak yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritib borish.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Makroiqtisodiy tahlil, tarkibiy o‘zgartirishlar, moliya-bank tizimi va xususiy tadbirkorlik masalalari kotibiyati tuzilmasida 3 ta shtat birligidan iborat Iqtisodiyot tarmoqlarida va hududlarda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturlarini ishlab chiqish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish masalalari sho‘'basi tashkil qilinmoqda.
Belgilanishicha:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi (R. G‘ulomov) vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, shuningdek hokim yordamchilarining mahalliylashtirishni hamda sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish yo‘nalishidagi faoliyatlarini muvofiqlashtiradi;
mazkur qarorning 2, 3 va 9-bandlarida nazarda tutilgan shtat birliklari O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi tizimidagi 10 ta va Davlat soliq qo‘mitasi tizimidagi 21 ta shtat birliklarini qisqartirish hisobiga shakllantiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish jarayonlarini chuqurlashtirish bo‘yicha vakolatli organ sifatida belgilandi va vazirlikka quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklandi:
tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallar ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish bo‘yicha tarmoq va hududiy korxonalar tomonidan amalga oshirilayotgan tadbirlarni muvofiqlashtirish;
import tovarlariga bo‘lgan respublika ehtiyojlarini doimiy ravishda o‘rganish orqali respublikada mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanishni tashkil etish;
o‘zlashtirilishi tavsiya etiladigan talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarning elektron ro‘yxatini yangilab borish orqali tadbirkorlik sub'yektlariga amaliy yordam berish;
iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha mahalliylashtirish dasturlari loyihalarini shakllantirish, ularni amalga oshirishni tashkil etishda, sanoat kooperatsiyasi asosida hamkorlik aloqalarini rivojlantirishda amaliy yordam ko‘rsatish;
mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan loyihalarning maqsadli ko‘rsatkichlari bajarilishini tizimli monitoring qilib borish va hisobotini yuritish, ishlab chiqarish bilan bog‘liq muammolarni vakolatli idoralar bilan birgalikda joyiga chiqqan holda bartaraf etish choralarini ko‘rish.
Belgilab qo‘yilishicha, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoat tarmoqlarida kooperatsiya aloqalarini jadallashtirishning yangi tizimini joriy etishdagi ustuvor vazifalarni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshiradi.
Mavzuga oid
09:55 / 15.10.2024
Avtobus yo‘laklarida boshqa transportlarning harakatlanishi ustidan nazorat kuchaytirildi
21:14 / 28.08.2024
Prezident har bir viloyatning sanoatga ixtisoslashgan tumanlari bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirig‘ini berdi
07:16 / 20.08.2024
Sanoatni boshqarishning vertikal tizimi joriy etiladi
07:40 / 17.08.2024