3,2 mlrd so‘mlik soliq nizosi. Toshkentdagi savdo-ko‘ngilochar markazi bilan bog‘liq holatga izoh berildi
«Play Island» MChJ Toshkent shahar Yunusobod tumanida ro‘yxatga olingan va bu kompaniyaning «Zarafshon» biznes markazi yonida joylashgan savdo hamda ko‘ngilochar markazi mavjud. Ushbu MChJ ta'sischilari davlat soliq xizmati organiga murojaat qilib, tuman davlat soliq inspeksiyasi tomonidan o‘tkazilgan kameral nazorat natijasida turg‘un savdo nuqtalarini ijaraga berish asosiy faoliyati sifatida baholanib, natijada yagona soliq to‘lovi bo‘yicha 3 230,2 mln. so‘m qo‘shimcha soliq hisoblanganidan norozi ekanini bildirgan.
Davlat soliq qo‘mitasi xabariga ko‘ra, murojaat Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasining soliq nizolarini sudgacha hal qilish bo‘limi tomonidan ko‘rib chiqildi. O‘rganishlar davomida Yunusobod tumani davlat soliq xizmati organlarining xatti-harakatlari qonunga zid ekanligi va 3 230,2 mln. so‘mlik qo‘shimcha soliq undirilishi asossizligi aniqlandi. Natijada ushbu inspeksiya tomonidan «Aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish haqida» jo‘natgan talabnomasi bekor qilindi.
Eslatib o‘tamiz, Davlat soliq qo‘mitasida Soliq nizolarini sudgacha hal qilish boshqarmasi prezidentning 2018 yil 26 iyundagi «Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-3802-sonli qaroriga asosan tashkil etilgan va uning davlat soliq boshqarmalarida hududiy bo‘limlari mavjud.
Boshqarma faoliyatining asosiy maqsadi soliq organlari va soliq to‘lovchilar o‘rtasida soliq qonunchiligiga oid nizolarni ko‘rib chiqishdan iboratdir. Soliq to‘lovchilar o‘zlari qoniqmagan qaror ustidan sudgacha shikoyat qilish huquqiga egalar.
Boshqarma xodimlari murojaatni sinchkovlik bilan o‘rganib chiqadilar va bajarilgan ishlar natijalariga ko‘ra soliq to‘lovchiga javob yuboradilar. Shuni ta'kidlash kerakki, ushbu jarayon sudda ko‘riladigan jarayondan bir necha baravar kam vaqtni oladi. Har bir murojaat 15 kundan 30 kungacha ko‘rib chiqiladi. Yana bir ijobiy tomoni shundaki, murojaat etuvchi har doim ham shaxsan ishni ko‘rib chiqish jarayonida ishtirok etishi talab etilmaydi. Aynan bu ham soliq to‘lovchining vaqti tejalishiga xizmat qiladi. Eng muhimi esa sudgacha nizoni hal etish jarayoniga hech qanday moliyaviy xarajat sarflanmaydi, deyiladi DSQ ma'lumotida.
Qayd etilishicha, soliq to‘lovchi yuzaga kelgan nizo bo‘yicha avvaliga soliq xizmati organlarining viloyat yoki shahar bo‘linmalariga murojaat qilishi va agar soliq nizosi hal etilmasa, DSQga yozma yoki sayt orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilishi mumkin. Soliq nizolarini sudgacha hal qilish boshqarmasi har bir murojaatni xolisona yondashuv asosida ko‘rib chiqadi.
Agar murojaat qilgan soliq to‘lovchi ko‘rib chiqilgan soliq nizosi natijasidan qoniqmasa, u holda sudga yoki Moliya vazirligi huzuridagi Soliq to‘lovchilar va davlat soliq xizmati organlari o‘rtasidagi soliq nizolarini sudgacha hal qilish kengashiga murojaat qilishi mumkin.
Mavzuga oid
08:08 / 08.11.2024
Yunusobodda bir kunda ikkita YTH sodir bo‘ldi
13:40 / 20.08.2024
Toshkentda qalbaki AQSh dollarini sotayotgan shaxslar qo‘lga olindi
13:02 / 23.07.2024
Yunusobod tumanida yangi qurilayotgan binoda yong‘in sodir bo‘ldi
21:47 / 03.07.2024