Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi tugatildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Jismoniy tarbiya va sport obektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta'mirlash va jihozlash ishlarini moliyalashtirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Moliya vazirligining O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasini tugatish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.
Belgilab qo‘yilishicha:
tugatilayotgan Jamg‘armaning jismoniy tarbiya va sport obektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta'mirlash va jihozlash bo‘yicha moliyalashtirish funksiyasi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga yuklatiladi;
jismoniy tarbiya va sport obektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash bo‘yicha loyihalar hamda ularning manzilli ro‘yxatlari har yili Vazirlik tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda kelishilgan holda shakllantiriladi hamda navbatdagi yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturiga kiritiladi;
tugatilayotgan Jamg‘armaning mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilib kelingan jismoniy tarbiya va sport obektlariga sport jihozlari, uskunalari va inventarlarini markazlashgan tartibda xarid qilish hamda yetkazib berish, respublika sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarini o‘tkazish xarajatlari har yili sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasida nazarda tutiladi va O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tuman (shahar) sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlari kalendar rejasini shakllantirish va moliyalashtirish uchun har yili belgilangan tartibda Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari, shuningdek, tuman (shahar) budjetlari mablag‘lari nazarda tutiladi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining Vazirlik bilan birgalikda ishlab chiqilgan 2019 yilga mo‘ljallangan jismoniy tarbiya va sport obektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash manzilli dasturi markazlashtirilgan investitsiyalar hisobidan moliyalashtiriladi;
tuman (shahar) jismoniy tarbiya va sport bo‘limlarini, ulardagi bosh buxgalter lavozimlarini qisqartirgan holda, saqlash bilan bog‘liq xarajatlar tuman (shahar) budjetlari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari tuzilmasida 2 ta shtat birligidan iborat markazlashgan buxgalteriya xizmati tashkil etiladi va ularga markazlashtirilgan tartibda tuman (shahar) jismoniy tarbiya va sport bo‘limlarining moliya-buxgalteriya faoliyatini yuritish vazifasi yuklatiladi.
Vazirlik Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki hafta muddatda Jamg‘arma va uning hududiy bo‘linmalarining hisobraqamidagi qoldiq mablag‘larni qonun hujjatlarida belgilangan to‘lovlar amalga oshirilgandan so‘ng O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetiga qaytarilishini ta'minlaydi.
Jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish, sohani boshqarish organlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish, ularning kasbiy darajasini oshirish uchun munosib shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlikning budjetdan tashqari “Sport” maxsus hisob raqami ochiladi.
Quyidagilar Maxsus hisob raqam mablag‘larini shakllantirish manbalari etib belgilandi:
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta'minlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi hamda uning filiallari tomonidan tashkil etilgan qayta tayyorlash kurslarida o‘qitishdan tushadigan mablag‘larning 20 foizi;
Vazirlik tizimidagi yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan idoraviy mansub tashkilotlarning budjetdan tashqari jamg‘armalariga tushadigan mablag‘larning 10 foizi;
trenerlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun attestatsiyadan o‘tkazish va ruxsatnomalar berish, shuningdek, jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarini pasportlashtirish hisobidan tushadigan mablag‘larning 15 foizi;
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda uning filiallarida o‘qitishning to‘lov-kontrakt summalari hisobidan tushadigan mablag‘larning 5 foizi miqdoridagi ajratmalar;
Maxsus hisob raqamdagi vaqtincha bo‘sh mablag‘larni joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy davlatlarning grantlari va texnik ko‘maklashish mablag‘lari;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar.
Mavzuga oid
14:36 / 07.11.2024
Ta’lim muassasalari o‘quv dasturiga o‘qotar qurollar taktik-texnik tavsiflari amaliy mashg‘ulotlari kiritiladi
12:32 / 22.10.2024
Profta’lim muassasalari texnikumlarga birlashyapti – tizimda qanday o‘zgarishlar bor?
20:22 / 21.10.2024
Yengil kasalliklarni dori bilan davolashga o‘rganib qolishning oldi olinadi
20:31 / 20.09.2024