Jamiyat | 13:52 / 29.08.2019
5137
4 daqiqa o‘qiladi

«O‘zmilliybank» Toshkent viloyati bo‘ylab navbatdagi press-turni o‘tkazdi

Foto: KUN.UZ

21 avgust kuni Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki jurnalistlar bilan birgalikda Toshkent viloyatidagi ishlab chiqarish obektlari bo‘ylab press tur tashkil qildi. Bundan ko‘zlangan maqsad bank mablag‘lari hisobiga tadbirkorlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlar haqida keng jamoatchilikka xabar berishdir. Press tur ishtirokchilari viloyatdagi qator korxonalarga tashrif buyurib, tadbirkorlar faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Jurnalistlar avvaliga Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanidagi sarxil mevalardan sharbat tayyorlab qadoqlovchi «Master Global Plyus» MChJ ish jarayoni haqida ma'lumot olishdi. Korxona moliyaviy direktori Sunnatilla Usmonov bank ajratgan mablag‘lar tufayli ishlab chiqarish quvvati, ishchilar soni oshirilganligi bo‘yicha axborot berdi.

«Korxonamiz 2011 yilda o‘z ish faoliyatini boshlagan. «Dolce Fresh», «Safir» brendlari ostida 11 turdagi sharbatlar tayyorlash bilan bir qatorda sutni ham qadoqlaymiz. Ishlab chiqarish jarayoni yil bo‘yi davom etadi. «O‘zmilliybank» tomonidan ajratilgan maqsadli mablag‘ evaziga ishlab chiqarish quvvatini oshirib, eksportbop mahsulot yetkazib berish niyatidamiz,» – deya ma'lumot berdi Usmonov.

Press-turning keyingi manzili Zangiota tumanida joylashgan «Vahobjon qurilish MCHJ» tipografiya korxonasi tomon bo‘ldi. 2014 yildan buyon faoliyat olib borayotgan ushbu korxona ichimlik, oziq-ovqat mahsulotlari, maishiy buyumlar, dori yorliqlarini ishlab chiqaradi. Uning yillik quvvati 500 million dona yorliqlardan iborat. O‘tgan yili «O‘zmilliybank» tomonidan berilgan sarmoya hisobidan korxona uskunalari modernizatsiya qilindi. O‘z navbatida ish unumdorligi ham oshib, sifatli mahsulot ishlab chiqarishga erishildi. Ayni paytda bu yerda 20 nafar ishchilar mehnat qilishadi.

Shundan so‘ng ommaviy axborot vositalari xodimlari va «O‘zmilliybank» vakillari «LUKBO TEXTILE» to‘qimachilik fabrikasi faoliyati bilan tanishish uchun Chirchiq shahriga yo‘l olishdi. Korxona rahbari Mahammadjon Qurbonov shart-sharoitlar, istiqboldagi rejalar haqida gapirib o‘tdi.

«To‘qimachilik fabrikasi 2014 yilda tashkil topgan. «O‘zmilliybank» bergan moliyaviy mablag‘larni to‘g‘ri yo‘naltirgan holda o‘tgan yili korxonaning ikkinchi tarmog‘ini ishga tushirdik. Shvetsariya, Yaponiya va Germaniyadan zamonaviy texnologiyalarni keltirdik. Korxonada ip-kalava mahsuloti chiqariladi. Bu yerda 1500 dan ortiq ishchilar mehnat qiladi. Biz, asosan, eksportbop mahsulot ishlab chiqaramiz. Rossiya, Ukraina, Germaniya, Chexiya davlatlari bizning xaridorlarimiz hisoblanishadi. Kelajakda paxta tolasidan tortib kiyim ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq to‘qimachilik jarayonini o‘zimiz amalga oshirishni rejalashtiryapmiz».

Umumiy qilib aytganda, mamlakatimizda qulay tadbirkorlik muhitini shakllantirish uchun keng masshtabdagi sharoitlar yaratib berilgan. Bunda «O‘zmilliybank»ning hissasi yuqori.

«O‘zmilliybank» Matbuot xizmati

Mavzuga oid