Jamiyat | 19:49 / 30.08.2019
10087
2 daqiqa o‘qiladi

Abituriyentlardan DTMga 3 mingdan ortiq ariza tushdi

Bugun, 30 avgust kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida Davlat test markazining 2019-2020 yilgi test jarayonlari yakunlari bo‘yicha press-brifing o‘tkazildi. Unda boshqa muhim masalalar qatori apellyatsiya jarayoni qanday ketayotgani haqida ham axborot berildi. Davlat test markazi boshqarma boshlig‘i Sevar Zufarxo‘jayeva qaysi fanlar savollari bo‘yicha eng ko‘p shikoyat tushgani haqida aytib o‘tdi.

«Besh kundan beri abituriyentlarning apellyatsiya shikoyatlarini ko‘rib chiqyapmiz. 3000dan ortiq ariza kelib tushdi. Bu o‘tgan yilgiga qaraganda taxminan 1000taga kam. Murojaatlarning eng ko‘p qismi ona tili va adabiyoti fani bo‘yicha va bu holat normal, deb qabul qilinadi. Negaki, barcha yo‘nalishlarda bu fan mavjud. 5 kunlik natijalarni aytadigan bo‘lsam, birgina ona tili va adabiyotidan 983 nafar abituriyentdan apellyatsiya qabul qilindi. Savollar to‘g‘ri tuzilgani bo‘yicha DTM ekspertlari va tashqaridan shu soha mutaxassislari ham jalb qilinadi. Qo‘shimcha ma'lumot o‘rnida aytishim mumkinki, ona tili va adabiyoti fani test savollarining 20tasi ona tilidan, qolgan 10tasi adabiyotdan tuziladi. Bu yili test bazasini shakllantirishda qiyinchiliklar bo‘ldi, chunki kollej, litsey va maktab bitiruvchilari o‘quv dasturlari ba'zi joylarda bir-birini inkor qiladi. Ulardagi umumiylikni topishda qiyinchiliklarga duch keldik», deya uuning so‘zlarini keltirmoqda muxbiri.

DTM direktori Majid Karimovning qo‘shimcha qilishicha, fizika, tarix, rus tili, matematika va kimyo fanlari bo‘yicha ham apellyatsiyalar miqdori yuqori.

Mavzuga oid