Qarshi shahar hokimligi «barak uylar» haqidagi tanqidiy maqolaga munosabat bildirdi
Kun.uz saytida joriy yil 21 avgust kuni «Qarshi shahri markazidagi «barak uylar» egalari holat yaxshilanishidan umidvor. Muammoga yechim bormi?» nomli tanqidiy maqola e'lon qilingan edi.
Unda Qarshi shahridagi «Mustaqillik» mahallasi aholisi murojaatlari asosida «barak uylar»dagi abgor holat yoritilgan edi.
«Uylarimiz «snos»ga tushgani haqida ikki-uch yil avval ogohlantirish xati olgandik. Mahallamizda faqat o‘n-o‘n beshta xonadon buzilmadi. Atrofda yangi ko‘p qavatli uylar qurilgan. O‘rtada bizning xonadonlar qolib ketdi. Juda eski va xarob uylar. Buzib, o‘rniga yangi uylar quramiz, desak, qo‘limizda «snos»ga tushgani haqida ogohlantirish xati bor. Bir necha yildan buyon na buzishadi, na bir tayinli gap aytishadi. Eski uylar nurab boryapti, tom qismi butkul yaroqsiz ahvolga kelgan. Farzandlarimiz ulg‘ayib qolishgan. To‘y-ma'rakalarni bu uylarda o‘tkazishning ham imkoni yo‘q. Sharoit og‘ir, nima qilishga hayronmiz. Shu masalada yordam berishingizni so‘raymiz», – degandi biz bilan suhbatda murojaatchilar.
Shundan so‘ng yana bir necha fuqaro o‘z e'tirozlarini bildirishdi. Uylar eskiligi, devorlari nurab borayotgani, xonadonlar ichida yashash uchun sharoit abgorligi va yana bir necha holatlarni sanab o‘tishgandi.
Ushbu tanqidiy maqolaga Qarshi shahar hokimligi munosabat bildirdi.
«Tanqidiy maqola yuzasidan Qarshi shahar hokimligi tomonidan o‘rganish tashkil etildi. Natijada quyidagilar aniqlandi:
Mazkur maqolada qayd etilgan «Mustaqillik» mahallasi Olchin ko‘chasida joylashgan 8-sonli barak tipdagi uylar haqiqatan ham buzilishga tushgan. Ma'lum bo‘lishicha, bu uylar 1954 yilda xom g‘ishtdan qurilgan, 12 xonadondan iborat.
Nega aynan shu uylar?
Bu savolga javob berishdan oldin ushbu masalaga daxldor mavzu atrofida ham qisqa so‘z yuritsak.
Prezidentning 2013 yil 25 iyuldagi «Qarshi shahrini qayta qurish rejasi va zamonaviy yo‘l-transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish Dasturi to‘g‘risida»gi PQ-2010 sonli qarori asosida viloyat markazida bundan 4–5 yil muqaddam keng bunyodkorlik ishlari boshlab yuborilgandi. Qarshi shahri qiyofasini tubdan yaxshilash, zamonaviy shaharsozlik normalari asosida qayta bunyod etish, shaharni yanada obod go‘shaga aylantirish maqsadi ko‘zlangandi.
Binobarin, o‘sha paytda Qarshi shahrida mavjud yo‘l-transport kommunikatsiya tizimi, muhandislik va ijtimoiy infratuzilma tarmog‘i talabga javob bermay qolgandi. Bu kamchiliklarni bartaraf etish, milliy me'morchilikni saqlagan holda shaharning arxitekturaviy ko‘rinishini takomillashtirish asosiy vazifa qilib qo‘yilgandi.
Shu maqsadda Qarshi shahrining 2030 yilgacha mo‘ljallangan Bosh rejasi loyihasi ishlab chiqilgan va u hayotga samarali tatbiq etib kelinmoqda. Reja asosida shu o‘tgan davrda viloyat markazida ham keng miqyosli ko‘zga ko‘rinarli ishlar qilinganini hech kim rad etolmaydi.
Avvalo shahar hududi salkam ikki barobar kengaytirilmoqda. Katta halqa yo‘li qurilishi boshlab berildi. Markazning asosiy ko‘chalari bugun tanib bo‘lmas qiyofaga ega bo‘ldi. Aholi yashashi uchun sharoitlar ancha yaxshilandi. Yangidan yangi ijtimoiy va iqtisodiy obektlar, zamonaviy sport inshootlari, ko‘ngilochar maskanlar barpo qilindi.
Bosh rejaga ko‘ra, Qarshi shahrida namunaviy loyihalar asosida yangi zamonaviy kvartallarni zarur ijtimoiy-madaniy infrastrukturasi bilan birga barpo etish ham bu boradagi muhim yo‘nalishlardan biridir. Yo‘l chetida joylashgan, eski, pastqam uylar o‘rnida birinchi qavati maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, savdo do‘koni, qolgani turar joy uchun mo‘ljallangan ko‘p qavatli imoratlar qad rostlashi lozim.
Shu maqsadda ko‘plab eski, ko‘rimsiz uylarning bahridan kechildi. Albatta, bunda aholi manfaati ham alohida e'tiborga olindi. Uy sohiblariga yetkazilgan zarar miqdori qoplanib, rozi qilindi. Barchasiga kompensatsiya pullari to‘lab berildi.
Bosh reja asosida ish olib borilib, hozirga qadar Qarshi shahrida yo‘l chetidagi eski uylar o‘rnida 88 ta ko‘p qavatli imoratlar qurib foydalanishga topshirildi.
Qayd etganimizdek, marra juda yuqori olingan, 2030 yilgacha bu ishlar davom ettirilishi darkor. Chunki viloyat markazida aholi soni tobora oshib borayapti. O‘z-o‘zidan turar joylarga ehtiyoj o‘sayapti.
«Mustaqillik mahallasi» Olchin ko‘chasidagi barak uylarga kelsak, ular o‘rnida ham ko‘p qavatli uy qad rostlashi ko‘zda tutilgan. Bu uylarda istiqomat qiluvchi aholiga buzilish haqidagi ogohlantirish xatlari ham tegishli qaror ijrosi doirasida yo‘llangan.
Shuni alohida ta'kidlash lozimki, barak uylar aslida uzoq muddat yashash uchun mo‘ljallab qurilmagan. Bu uylarning ayni paytdagi ahvoli ham fikrimizni tasdiqlab turibdi. Biroq aholi vakillari ularda kun kechirib kelayapti.
Mazkur uylarni hanuzgacha buzib olishga kirishilmaganiga bir qator omillarni sabab qilib ko‘rsatish mumkin.
Birinchidan, bugungi kunda bosh rejaga asosan Qarshi shahrida eski uylar o‘rnida ko‘p qavatli uylar qurilishi bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Boisi, bu borada shoshma-shosharlik, hisob-kitobsiz ish qilish yaramaydi. Aholi soni o‘sishiga mutanosib yo‘l tutish maqsadga muvofiq. Shuning uchun ham bosh reja 2030 yilgacha to‘liq hayotga tatbiq etilishi mo‘ljallangan.
Shuningdek, tadbirkorlik sub'yektlari, shu bilan birga, tijorat banklari bu jarayonda asosiy tashabbuskor bo‘lib chiqayapti. Bunga tadbirkorlarning o‘z mablag‘lari, shuningdek, ipoteka kreditlari yo‘naltirilayapti. Boshqacha aytganda, moliyalashtirish to‘lig‘icha xususiy sektor tomonidan amalga oshirilayapti. Tadbirkor yoki quruvchi biror joyda ko‘p qavatli uy qurish tashabbusi bilan chiqayaptimi, birinchi navbatda shahar hokimligiga xat bilan murojaat qiladi, rejasini bildiradi. Uning moliyaviy imkoniyati o‘rganiladi, tijorat banki kafilligi so‘raladi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi 97-sonli qaroriga asosan unga Qarshi shahar hokimining yer ajratish to‘g‘risidagi qarori chiqariladi.
Ikkinchidan, shunday bo‘lgach, tadbirkor ham, tijorat banki ham foyda ko‘rish haqida o‘ylaydi, hech kim zarariga ish qilmaydi. Axir mulk egalariga kompensatsiya pulini to‘lab berish ularniing zimmasida. Quruvchi-pudratchi ko‘p qavatli uy barpo qilishga kirisharkan, ertaga qilgan mehnati, xarajati o‘zini oqlashi haqida bosh qotirishi tabiiy.
Shunga muvofiq, «Mustaqillik» mahallasi Olchin ko‘chasida joylashgan, buzilishga tushgan uylar egalariga zararni qoplab, bo‘shaydigan yer uchastkasida turar yoki noturar joy qurish bo‘yicha Qarshi shahar hokimligi tomonidan bir qancha tadbirkorlik sub'yektlariga takliflar berilgan. Fuqarolar bilan kelishuv bitimi tuzib ishni boshlash so‘ralgan. Lekin hozirga qadar biror ishbilarmon aniq tashabbus va loyiha bilan murojaat qilgani yo‘q. Axir, tadbirkorga buni qurasan, deb biror narsani majburlab tiqishtirish qonunga butunlay zid.
Uchinchidan, aksiga olib, bu yerni davlat ehtiyoji uchun olib, unda ijtimoiy obekt qurish ham nazarda tutilmagan.
Qolaversa, Prezidentimizning 2019 yil 3 avgustdagi «Fuqarolar va tadbirkorlik sub'yektlarining mulk huquqi kafolatlanishini so‘zsiz ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi F-5491-sonli farmoyishi bilan bu borada uch bosqichli butunlay yangi tartib joriy qilindi.
Sir emas, birinchi bosqichda viloyatlar hokimlari tomonidan buzilishi rejalashtirilgan hudud bo‘yicha materiallar to‘plami Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi. Keyingi bosqichda mazkur material asosida shaharsozlik talablari bo‘yicha xulosa tayyorlanadi. Oxirida tayyorlangan xulosa Bosh vazirga ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish uchun kiritiladi.
Yana bir narsani unutmaslik kerakki, maqolada urg‘u berilgani kabi, Mustaqillik mahallasidagi barak uylar bugun yo yaqinda shu ahvolga kelib qolmagan. Uy egalariga ogohlantirish xati berilgan vaqtda (2017 yil noyabr) ham sharoit hozirgidan yaxshi bo‘lmagan. Kanalizatsiya yo‘qligiga sabab o‘zi bu hududdan umuman kanalizatsiya tarmog‘i o‘tmagan. Mahalla to‘liq gazlashtirilgan bo‘lsa-da, barak uylarning ayrim sohiblari maishiy gaz ballonidan foydalanishni o‘zlari lozim, deb bilgan.
Boz ustiga, quruvchi yo boshqa birov tomonidan imoratlarga ataylab shikast yetkazilmagan. Hali buzish ishlariga qo‘l urilmagan. Kezi kelganda aytish kerakki, bu xonadonlardan tashqari, o‘sha hududdan yana bir qancha uylar ham buzilishi lozim, ularning egalari ham tegishli tartibda ogohlantirilgan. Biroq ular bugungi ahvolidan, buzilish kechikayotganidan shikoyat bildirmagan.
Qayta ta'mirlash ishlari olib borilgan taqdirda ham bu vaziyatni o‘nglashga xizmat qilmaydi. Axir barak uylar o‘z nomi bilan ham omonat qilib qurilgan.
Albatta, Qarshi shahar hokimligi bu fuqarolar taqdiriga butkul befarq qaramaydi. Aholi roziligi barcha narsadan ustun. Shundan kelib chiqib, kelgusida tashabbuskor tadbirkorlarni taklif etish, fuqarolar manfaatiga mos, qonunchilik doirasida ish ko‘rishga ustuvor ahamiyat beriladi», – deyiladi Qarshi shahar hokimligi ma'lumotnomasida.
Bardoshbek SAMAD o‘g‘li.
Mavzuga oid
15:38 / 06.07.2021
Namanganda “snos”ga tushgan uylar egasining roziligisiz buzib tashlandi
13:21 / 30.06.2021
Samarqandda buzilgan uy mulkdorlari 4 yildan buyon sarson: murosa yo‘li topilmayapti
13:21 / 11.05.2021
Sud va prezident qarori bo‘lishiga qaramay Yangiyer shahri hokimligi 2 yildan buyon tadbirkorning tovon pullarini to‘lab bermayapti
18:00 / 07.05.2021