Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Noqonuniy «snos»lar va adolatsiz auksionlar: Samarqandda qurilish sohasida jiddiy nazorat kerak
Kun.uz Samarqand mintaqaviy bo‘limiga kelib tushayotgan va o‘rganilayotgan arizalarni ko‘rib, «nahotki Samarqandda qurilish sohasidagi qonunchiliklarga amal qilinmaydi?» degan haqli savol uyg‘onadi.
Shaharda biror-bir bino yo inshoot qurilishi rejalashtirilar ekan, albatta u yerda yashayotgan uy-joy egalarining mulk huquqi bo‘yicha yugur-yugur va shikoyatlari boshlanadi. Aksariyat arizalarda ular hali uy-joyi uchun kompensatsiya masalasi hal bo‘lmasdan turib, uylari buzilib ketganidan norozi bo‘lishadi.
Aslida, ma'lum bir bino qurilishi oldidan hududdagi uy-joy egalari ko‘chirilishi, mulk qiymati baholanib, fuqaro rozi bo‘lgachgina uning mulki buzilishi va qurilish boshlanishi shart ekani – hamma biladigan qoida. Ammo fuqaroning ana shu oddiy huquqi toptalishi Samarqandda ko‘p uchrayapti.
Xo‘p, fuqaroning mulkini baholashda, rozi qilishda kelishmovchilik bo‘ldi, deylik. Bunday holatda nizoni hal qiladigan sud organlari bor aslida. Ammo ko‘ryapmizki, ba'zi holatlarda avval bino buzilib, keyin sud bo‘lmoqda.
Hatto nufuzli Prezident maktablari qurilishida ham shahar hokimligi fuqaroning mulk huquqini pisand qilmagan ko‘rinadi. Bu haqda mulk egasi shunday deydi:
«Samarqand shahri, Mir Said Baraka ko‘chasi, 50-uyda joylashgan uy-joyim hali sud jarayonlari yakuniga yetmasdan turib, mulk huquqim ta'minlanmasdan turib xo‘jasizlarcha buzib tashlandi, – deydi Dovur Sobirov. – 2020 yil 3 iyul kuni shahar hokimi va o‘rinbosarlari kelib uyimni buzishga to‘liq asoslari borligini va buzishlarini aytishdi. Menga esa yordam sifatida uyimning omon qolgan materiallarini berisharkan. Na roziligim va na sud qarori bor edi. O‘sha kuniyoq yarim kechasi uyimni buzmoqchi bo‘lib, devorlarning bir qismiga shikast ham yetkazishdi».
Shunday so‘ng Dovur Sobirov bu noqonuniy buzdirish bo‘yicha o‘nlab idoralarga murojaat qilgan. Ammo ijobiy yechim topa olmagan.
«Men qurilishlarga qarshimasman, ammo uyim uchun sal haqiqatga yaqinroq narxda kompensatsiya berilishi kerak-ku?! Birovning mulkini uning rozi qilmasdan, shunchaki buzib yuborilmaydi-ku?
Hokimlik dastlab o‘zlari topgan baholovchi xulosasi bilan shaharning qoq markazidagi uyim uchun 70 million so‘m pul va chekka hududdan 1,5 sotix yer ajratilganini ma'lum qildi. Holbuki, boshqa bir mustaqil baholovchi uy uchun 170 million so‘m xulosa berdi», – deydi shikoyatchi.
Qoidaga ko‘ra, olib qo‘yilayotgan joy evaziga yer shahar markazidan berilishi kerak edi, ammo bunga ham amal qilinmagan.
«Menga shahar markazida joylashgan 1,5 sotix joyim uchun bugun deyarli shahardan tashqarida bo‘lgan, qarovsiz hududdan o‘shancha joy taklif qilishdi. Bu taklifni qabul qilamanmi-yo‘qmi, bu keyinchalik sudda ham inobatga olinmadi. Dastlabki sud qaroridan norozi bo‘lib apellyatsiyaga berganimga qaramasdan, hali sud jarayonlari yakuniga yetmagan bo‘lsa-da, mening uyim tamoman buzib tashlandi», – deydi uy egasi D.Sobirov.

Afsuski, Samarqanddek shaharda bunga o‘xshash holatlar bo‘yicha shikoyatlar oz emas. Aftidan, mulk huquqiga viloyatda jiddiy qaralmayapti.
Xuddi shunga o‘xshash ikkinchi holat:


Siz ko‘rib turgan, ostidan chuqur kavlangan uyda hali odam yashaydi. Chuqur esa shu yerda ko‘p qavatli uy qurilishi uchun hamon qazilmoqda. Maxsus texnikaning shundoqqina uy ostida bergan har zarbasidan esa xonadonda yashovchilarning halovati yo‘q, «ishqilib, uy qulab tushmasmikin», degan qo‘rquv ularni ta'qib qiladi.
Samarqand shahri, Bog‘ibaland mahallasidagi yuqoridagi xonadonda yashovchi Ikrom Mardonovning aytishicha, quruvchi – «Registon ishlab chiqarish» MChJ uy egasi bilan kelishmay turib, bemalol qurilishni boshlab yuborgan. Sud jarayonlari esa keyin boshlangan va hamon davom etmoqda.
Agar ko‘p qavatli uy qurmoqchi bo‘lgan fuqaro ikkinchi bir fuqaroning huquqlarini buzsa, mulki xavf ostida qolgan fuqaro aslo hokimlikka bormasligi lozim. Chunki mana bu ishda hokimlikning o‘zi quruvchi manfaatini ko‘zlab, fuqaro ustidan sudga ariza kiritgan. Uy egasi ana shu holatdan ham norozi bo‘lmoqda. Chunki u ham shu shahar fuqarosi va uning uyi qonunga xilof harakatlardan zarar ko‘rgan.
Uchinchi holat
Bugun Samarqand shahrini bezab turgan qator favvoralarni qurilish va suv ta'minoti sohasidagi mashhur olim O‘tkir Soatov loyihalab berganini ko‘pchilik biladi. Hatto viloyat hokimligi ro‘parasida joylashgan xiyobondagi, yoz kunlarida aholi borib atrofida dam oladigan uchta yirik favvorani ham ana shu olim loyihalashtirib, qurib bergani aytiladi.
Umuman, undan keyin ham Samarqanddagi juda ko‘p favvoralar aynan Soatovning loyihalari asosida, hozirda uning o‘g‘li Akmal Soatov boshqarayotgan – «AKVA TEXNOLOG» MChJ tomonidan o‘rnatib kelinadi.
Bugun viloyatning qurilish sohasi rahbarlari sohaning oddiy me'yorlarini ham ta'minlab berolmagani sababli Samarqandda yagona favvora ishlab chiqaradigan ana shu korxona faoliyati ham xavf ostida qolmoqda. Yana qo‘shimcha katta loyihalar ham amalga oshmay qolmoqda.
Chunki, qurilish me'yorlariga zid ravishda, mazkur korxona darvozasi ro‘parasidagi umumiy foydalanuvdagi yer ko‘p qavatli uy qurilishiga sotib yuborilgan. Ana endi korxona binosiga yuk mashinalari kira olmaydi. Buning oqibatida ish to‘xtab qolgan.


«Sotilishi mumkin bo‘lmagan yer maydonining auksionda sotilishi hamda noqonuniy olib borilgan qurilish ishlari sababli 3 oydan beri korxonamiz hududiga yuk mashinalarining kirib chiqishiga imkon yo‘q. 200 ming AQSh dollarlik ehtiyot qismlarni Xitoydan olib kirib o‘zimizda import mahsulot o‘rnini bosuvchi qurilma ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishimizga to‘sqinlik bo‘lyapti.
G‘oyamizni amalga oshirish uchun maxsus konteynerlarni jihozlab, qurilma ishlab chiqaruvchi uskunalardan ikkitasini tumanlarga ham ko‘chirish niyatimiz bor edi. Uchta konteynerni jihozlab tayyor qilganmiz, ammo qolganlarini endi korxonamiz hududiga olib kira olmaymiz, yo‘limiz sotib yuborilgan.
Aslida, sotilishi mumkin bo‘lmagan yer maydonining auksionga chiqarilishi hamda noqonuniy qurilish bo‘layotgani ko‘rinib turgan bo‘lsa-da, viloyat bo‘yicha biror bir mutasaddi arzlarimizga quloq tutmaydi. Korxona hududiga oddiygina konteyner va qurilish mollarini olib kira olmasak, qanday qilib ishlay olamiz?
Holbuki, eng qiyin masalalar: karantin davrida muhim ishlab chiqarish texnologiyalarini yetkazib kelish, yuklarni karantinga olingan shaharlardan chiqarish... bu kabi ishlarni bizning mahsulot import o‘rnini bosuvchi va eksportbop bo‘lgani uchun oddiy internet messenjerlar orqali hal qilgandik. Ammo o‘z shahrimizda loaqal tinchgina faoliyat yurtishimiz uchun sharoit bo‘lmayapti», – deydi Akmal Soatov.
Yuqoridagi muammo Qurilish vazirligi tomonidan tasdiqlangan qurilish me'yorlari va qoidalari (QMQ II-89-80)da nazarda tutilgan qoidalarga zid. Mazkur hujjat 3.49 bandiga ko‘ra, mazkur turdagi korxonalar binolari darvozasidan yo‘lning chetigacha bo‘lgan masofa 12 metrdan kam bo‘lmasligi shart etib belgilangan. Ya'ni, uch o‘qli mashinalar kirishi uchun sharoit bo‘lishi kerak.
Umuman, bu holatda qator me'yorlar buzilganini mutasaddilar juda yaxshi bilishadi. Ushbu korxonaga kirish joyining auksionga qo‘yib sotib yuborilishi noqonuniy ekani haqda yong‘in xavfsizligi bo‘limlaridan ham e'tirozlar bo‘lgan. Afsuski, mutaxassislar buni bilishsa-da, bitta yirik korxona tanazzulga uchrashi xavfi yuzaga kelayotgan bo‘lsa-da, baribir ko‘z yumishgani xavotirli holat, bizningcha.
To‘rtinchi holat
Samarqand shahridagi Dahbed ko‘chasida joylashgan «Aziz Stomo Lux» MChJga qarashli xususiy tish davolash klinikasini samarqandliklar yaxshi biladi. Qisqa qilib aytganda, bugun tadbirkorga tegishli, maydoni 2000 kvadrat metr ana shu mulkni ham shahar hokimlik hech qanday kompensatsiyasiz buzdirib yubormoqchi. Hech qanday!
«Men binoni qonuniy oldi-sotti shartnomasi bilan sotib olganman. O‘z hisobimdan xususiy tish davolash kilinikasini qurib, 40 nafar odamni ish bilan ta'minlab, faoliyat ko‘rsatyapman. Shahar Arxitektura va qurilish bo‘limi ruxsatnomasi, Samarqand shahar bosh davlat sanitariya vrachi ijobiy xulosasi va boshqa barcha tegishli tashkilotlarning bergan ijobiy xulosalari asosida, viloyat bosh arxitektori bilan qonuniy kelishgan holda, rekonstruksiya va bino qurilish ishlari olib borganman.
Hujjatlarda biror bir kamchilik yoxud bilmasdan bo‘lsa ham biror xatoga yo‘l qo‘yganimda boshqa gap edi. Endi esa hokimlik vakillari «binoni buzasan, tamom», deb o‘tiribdi.
Men qat'iy qarshilik ko‘rsatganimdan keyin bu bino noqonuniy qurilgan deb topilgani yana ham alamli. Bino ostida «Chashma» kollektori o‘tgan degan vaj ko‘rsatilyapti. Ammo Samarqand shahar Obodonlashtirish boshqarmasining ma'lumotnomasiga asosan, hozirgi kunga qadar «Chashma» drenaj kollektorining pasporti mavjud emasligini aniqladim. Bu tarmoqning sohilbo‘yi mintaqasi ham belgilanmagan. 2020 yil aprel oyida sodir bo‘lgan yog‘ingarchilikdan so‘ng bizga tegishli bino va inshootlar suv bosishi natijasida cho‘kish sodir bo‘ldi. Shundan so‘ng mutaxassislar kelishib, bu yerdan kollektor o‘tganini bilib, men tomondan qurilgan stomatologiya binosi kollektor o‘tgan joydan uzoqda joylashganini ko‘rdi.
Bu bo‘yicha sudda hokimlik vakillaridan tovon pulini so‘raganimda, ular budjetda pul yo‘qligini va shahar hududidan yer maydoni berishlari mumkinligini aytishdi. Hech qanday qonunbuzarlik qilmaganim va qo‘limda barcha hujjatlar bo‘lgani uchun Payariq tuman ma'muriy sudi mening foydamga hal qilib berdi.
Ammo, Samarqand viloyat ma'muriy sudi appelyatsiya instansiyasining qaroriga asosan, Payariq tuman ma'muriy sudining hal qiluv qarori bekor qilindi. Hali hamon sudma sud sarson bo‘lib yuribmiz», – deydi tadbirkor.
Bu tadbirkor holatni yoritishimizni, muammodan respublika darajasidagi rahbarlar ogoh bo‘lishidan umidvor ekanini aytdi.
«Chunki mening ikki yildan beri Samarqandda soha mutasaddilariga zarracha ishonchim qolmadi», deydi tadbirkor.
Beshinchi holat
Yaqinda tahririyat filialiga Samarqand shahar Sartepa maskanida yashovchi bir guruh fuqarolar murojaat qilishdi. Unda quruvchiman, deya tashrif buyurgan «azamatlar» ko‘p qavatli uylar orasidagi bolalar maydonchasida hech qanday hujjatsiz qurilish boshlab yuborgani aytiladi.
Aniqrog‘i quruvchining qo‘lidagi hujjat – shahar hokimi qarori, aslida, Sartepa maskanidagi 180-uy va MTM o‘rtasidagi hududga tegishli bo‘lgan. Qurilish esa 180-uy emas, 18-«A» uy biqinida boshlangan ekan. Holbuki, bu ikki manzil, bir-biridan ancha yiroqda. (Kun.uz bu masalani avval ham yoritgan edi).

Umuman, yuqorida aytilganidek, qurilish sohasida tahiririyatga kelayotgan shikoyatlarning oxiri ko‘rinmaydi. Xuddiki sohani nazorat qilishi lozim bo‘lgan mutasaddilar yoppasiga uzoq muddatga safarga ketgandek.
Bunday pala-partishliklar davom etaverishi fuqarolarda amaldorlarga nisbatan ishonchsizlikni oshirib boraveradi, boz ustiga mulk huquqining ta'minlanmasligi – iqtisodiy rivojlanishni sekinlashtirish garovidir.
Anvar Mustafoqulov,
Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
17:45 / 05.06.2026
“AQShga murojaatingizdan xursandmiz” - Sherdor restavratsiyasiga 500 ming dollar ajratildi
17:36 / 05.06.2026
Saida Mirziyoyeva UNEP va GEF rahbariyati bilan uchrashdi
18:49 / 04.06.2026
Saida Mirziyoyeva Global ekologik jamg‘arma Assambleyasida ishtirok etdi
20:37 / 03.06.2026