Jamiyat | 13:21 / 30.06.2021
12819
15 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda buzilgan uy mulkdorlari 4 yildan buyon sarson: murosa yo‘li topilmayapti

Samarqand shahridagi Geologlar mahallasi Sokol ko‘chasida joylashgan, vayrona ahvoldagi turar joy binolari ahlidan tahririyatga murojaat kelib tushdi.

Bu masala haqida Kun.uz avval ham yozgan edi. Vaziyat yana joyiga borib o‘rganilganida ushbu chiqishdan keyin muammoning hal bo‘lishi tomon biror siljish kuzatilmagani ma'lum bo‘ldi.

Murojaatchilar o‘zlari istiqomat qilib kelgan 2 qavatli turar joy binolari 2017 yilning yozida buzilgani, allaqachon bu uylarning o‘rnida yangi ko‘p qavatli binolar qad ko‘targan bo‘lishi kerakligi, ularga buzilgan uylari evaziga shu yangi binolardan yoki boshqa joydan uy berilishi kerakligini bayon qilishdi.

O‘z uyini tark etmayotgan fuqarolar

Lekin guvohi bo‘ldikki, qurilish ayni kunlarda «tuya go‘shtini yeb yotibdi». Sokol ko‘chasi 52-, 53- va 54- uylarda istiqomat qilgan 24ta xonadon egalarining aksariyati 4 yildan buyon ko‘chalarda sarson-sargardon. Yarmi buzib bo‘lingan, mutlaqo sharoiti yo‘q uylarda esa uch oila chiqmasdan istiqomat qilmoqda.

Ana shundaylardan biri — Zemfira Guliyeva. U istiqomat qilayotgan xonadon o‘zi va ikki singlisiga ota-onasidan meros qolgan. Kvartiraga kadastr bo‘yicha to‘rt kishi teng ulushda egalik qiladi. Uning aytishicha, quruvchilar ularni rozi qilmasdan, uylarni buzish harakatida bo‘lishgan. Ularni majburiy chiqarish to‘g‘risida sudning qonuniy kuchga ega qarori yo‘q. Shaharning avvalgi prokurori qarori bilan uydan majburiy chiqarishga urinishlar bo‘lgan. Zemfira Guliyeva quruvchilar toki uni rozi qilmas ekan, kvartirani tark etmasligini bildirdi.

Zemfira Guliyeva

Gulnora opa Normurotova esa bir muddat o‘z uyini tark etib, quruvchidan ijara puli olib boshqa joyda yashagan. Uning uylari eshik derazalari buzib tashlanganiga qaramasdan, qaytib ko‘chib kirishga majbur bo‘lgan. Uyini qayta ta'mirlagan, imkon qadar. Bunga sabab — ijara pullario‘z vaqtida to‘lanmagani va ko‘chalarda sarson bo‘lgani.

Gulnora Normurotova

Tikuvchilik qilib kun ko‘radigan Aleksandra Glazunova ham itlari bilan shu yerda istiqomat qilmoqda. U ham quruvchilar 4 yildan buyon quruq va'dalar bilan aldab kelishayotganini aytib o‘tdi.

Aleksandra Glazunova

Ayni paytda uylarning katta qismi vayron bo‘lib yotibdi. Na eshik qolgan, na deraza. Ayrim kvartiralarda qavatlar orasidagi yopma ham buzib tashlangan. Elektr, gaz va ichimlik suvi-ku, yo‘q endi. Hattoki, tashqaridagi umumiy hojatxona ham buzib tashlangan.

Zemfira Guliyeva ayni kunlarda ijarada yashab turgan sobiq qo‘shnilari dam-badam kelib uyni tark etishni talab qilishayotgani, ular uydan chiqmasdan qurilishga monelik qilayotganini aytib, janjallar ham uyushtirayotganini ta'kidlab o‘tdi. Va bu ishda quruvchilarning qo‘li borligi tilga olindi.

Uylar nega buzildi?

Ushbu uylar 1960-yillarda qurilgan. Devorlar, zinalar va qavatlar orasi yopmasi yog‘ochdan barpo etilgan. To‘g‘risi, uylarda elementar sharoitlar bo‘lmagan. Umumiy hojatxonasi ham ko‘chada joylashgan. O‘zi avariyaviy holatda bo‘lgan uylar bugungi kunga kelib yanada abgor holatga keltirilgan.

Mahalla ahliga ko‘ra, quruvchi uylarning o‘rnida yangi uy qurib berishni va'da qilgach, aholi prezident portaliga uylarni buzishga ruxsat so‘rab, murojaat qilishadi. Ularning murojaati o‘rganish uchun Samarqand hokimligiga yo‘naltiriladi.

Murojaat o‘rganib chiqilib, quruvchi — «MEVAZOR RAVNAQ SAVDO» MChJ tayinlanadi. Quruvchi xonadon egalarini to‘liq rozi qilib, ularni uy joy bilan ta'minlashni zimmasiga olib, uylarni buzishi kerak bo‘lgan. Aslida esa ish butunlay teskari olib borilgan.

Quruvchi «MEVAZOR RAVNAQ SAVDO» MChJ hali qo‘lida hokimning tegishli qarori bo‘lmasdan, 2017 yilning avgust oyida uylarni buzishga, bitta uy o‘rnida yangisini ko‘tarishga kirishgan. Qaror esa unga 2018 yil aprel oyida beriladi.

Hozir go‘yoki quruvchi ularni o‘shanda aldagan, degan xulosaga kelib bo‘lishgan. Chunki, 52-uy buzilgach, 53- va 54-uylarda istiqomat qiluvchilardan ayrimlari o‘z uylarini tark etishmayotganini quruvchilar hali hech kimga uy olib berishmagani, ijara uchun pullarni o‘z vaqtida to‘lashmayotgani bilan tushuntirishmoqda. Ya'ni agar ular ham uyni tark etgudek bo‘lishsa, boshqalar kabi sarson-sargardon bo‘lishadi. Hech bir e'tirozsiz, bu — mantiqli hadik.

Ijara haqi ham to‘lanmayaptimi?

«Geologlar» mahallasi raisi Baxtiyor Jalilov ham mahallasida sodir bo‘layotgan voqealar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi. Asosan, fuqarolar ijara haqi o‘z vaqtida to‘lanmayotgani tufayli shikoyat qilishayotganidan xabardorligini aytdi.

Baxtiyor Jalilov, «Geologlar» MFY raisi

Buzilgan uylardan vaqtincha ko‘chirilganlarning ham asosiy e'tirozi — o‘z vaqtida ijara to‘lovlari to‘lab berilmayotgani, uylari evaziga shu joyda barpo etilayotgan uylardan berilmayotgani bo‘ldi.

Tomonlar bu borada ko‘p tortishishgan. 2019 yil aprelida Samarqand shahar prokurori Boburmirzo Oblaqulovning avariyaviy uydan majburiy tartibda chiqarish haqidagi qarori ham chiqqan. Qarorni ijro etish uchun MIBga yo‘naltirilgan, ammo ijro muvaffaqiyatsiz yakunlangan.

Aholi ularni majburiy chiqarishga uringan prokuror, ayni paytda Samarqand shahar hokimi bo‘lib ishlayotgan Boburmirzo Oblaqulovdan ham xafa. Chunki, ular avvaldan avariyaviy uyda yashashmagan, quruvchi ularning uylarini shu holga keltirgan.

Bu yerda yana bir qiziq jihat bor. «MEVAZOR RAVNAQ SAVDO» MChJning 100 foiz ta'sischisi ayni paytda «SAMARKAND SITY LTD» MChJ hisoblanadi. «SAMARKAND SITY LTD» MChJ ta'sischisi Rustamjon Bozorovning aytishicha, rasmiylashtirish 2019 yilning 6 noyabrida ro‘y bergan. O‘sha vaqtdagi shahar prokurori B.Oblaqulovning fuqarolarni yashab turgan uyidan majburiy tartibda chiqarish to‘g‘risidagi qarori esa «SAMARKAND SITY LTD» MChJ ta'sischisi Rustamjon Bozorov arizasiga ko‘ra, 2019 yilning 15 aprelida qabul qilingan.

Sudlashuv va tortishuvlar

Sud hujjatlaridan ma'lum bo‘lishicha, bu joyda qurilish ishlari olib borish «MEVAZOR RAVNAQ SAVDO» MChJ tomonidan Samarqand shahar hokimining 2018 yil aprel oyidagi 671-Q sonli qaroriga asosan amalga oshirilmoqda.

Keyinroq, 2019 yilda «MEVAZOR RAVNAQ SAVDO» MChJning ta'sischisi o‘zgargan. MChJning avvalgi ta'sischisi va aholi bilan bitim tuzgan quruvchi Toyir Umarov biz bilan telefon orqali suhbatda yangi ta'sischilar MChJni undan aldov yo‘li bilan egallab olishganini aytdi. U hozir MChJni qaytarib olish yo‘lida kurashayotganini bildirdi.

Toyir Umarovning ma'lum qilishicha, 2017 yilda shu joyda eski turar joy binolari o‘rnida yangi ko‘p qavatli uylar qurilishi taklif etilgach, u fuqarolar bilan bitim tuzgan. Uylarni buzgan va qurilish ishlarini boshlagan. 52-uy o‘rnida kotlovan qazib, uyning yerto‘la qismi va birinchi qavatini ko‘targan.

Hokim qarori esa uning qo‘liga 2018 yilning aprelida berilgan. Shundan so‘ng loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlagan. Ijara to‘lovi, fuqarolarning ko‘nmasligi bilan bog‘liq turli qiyinchiliklarga duch kela boshlagach, 2019 yilning 6 noyabrida MChJdagi o‘z ulushini boshqa qurilish firmasiga to‘liq rasmiylashtirib bergan.

Hozir u bu ishidan pushaymon. Chunki unga tegishli firmani sotib olgan «SAMARKAND SITY LTD» MChJ fuqarolarni norozi qilmoqda. Umuman, firmani rasmiylashtirish jarayonida qonunbuzilishlar bo‘lgani va hozir MChJni qaytarib olish uchun sudlashayotganini bildirib o‘tdi.

Quruvchining o‘xshamayotgan takliflari

Masala yuzasidan «MEVAZOR RAVNAQ SAVDO» MChJning ayni kundagi 100 foiz ta'sischisi «SAMARKAND SITY LTD» MChJ vakillari bilan uchrashdik va vaziyatni muhokama qildik.

«SAMARKAND SITY LTD» MChJ yuristi Ziyodulla Umarov vaziyat yuzasidan tashkilot pozitsiyasini bayon etdi.

Ziyodulla Umarov. «SAMARKAND SITY LTD» MChJ yuristi

Z.Umarovning aytishicha, «SAMARKAND SITY LTD» MChJ 2019 yilning noyabrida «MEVAZOR RAVNAQ SAVDO» MChJni to‘liq rasmiylashtirib olgan. Keyin davom etayotgan qurilish bilan shug‘ullangan, jumladan, o‘rnida ko‘p qavatli uy qurib bitkazilgan 52-uyda yashovchi 8ta xonadon egalari to‘liq rozi qilingan: ma'lum qilinishicha, ularga yaqinda foydalanishga topshiriladigan yangi uydan kvartiralar beriladi.

53-54-uylardagi 16ta xonadondan 2tasini firmaning o‘zi xarid qilgan. 3ta xonadon egalari uylarini tark etishni istamayapti. Qolgan 11ta xonadon egalari bilan notarial tarzda bitimlar qayta rasmiylashtirilgan, ularga ijara pullari to‘lab berilmoqda. Yurist ijara pullarini to‘lashda turli sabablarga ko‘ra ayrim uzilishlar bo‘layotganini inkor etmadi.

Yurist xonadonini tark etmayotgan Guliyevalar oilasi, G.Normurotova, A.Glazunovaga jo‘yali takliflar berilayotganini lekin ular nomutanosib tarzda kompensatsiya talab qilishayotganini aytib o‘tdi. Masalan, Guliyevalar oilasi 53/1 manzilidagi kvartirasi uchun 100 ming AQSh dollari yoki 4ta kvartira talab etishmoqda ekan.

Firma Guliyevalar oilasiga bitayotgan binoning 1-qavatidan 96,6 kv.m kvartira, shuningdek, yarim yerto‘la qismidan ham xuddi shuncha maydon taklif etmoqda. Aleksandra Glazunovaga bitayotgan binoning 1-qavatidan 50 kv.m maydonli kvartira, yarim yerto‘la qismidan (itlari uchun) 30 kv.m. joy taklif etilmoqda. Gulnora Normurotovaga esa bitayotgan binoning 1-qavatidan 50 kv.m. joy, u yashayotgan 53-uy o‘rnidan quriladigan binodan 38 kv.m joy berilishi taklifi berilgan. Bu taklifga ayollar rozilik bildirishmayapti.

Yuristga ko‘ra, A.Glazunova kvartirasi evaziga o‘zi rieltorlar orqali topgan umumiy hovlidagi uyni olib berishga kirishilganida ham so‘nggi onlarda rad etgan. Glazunova firma tomonidan bildirilayotgan boshqa takliflarga ham rozi emas.

«SAMARKAND SITY LTD» MChJ ta'sischisi Rustamjon Bozorov ham vaziyat yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

Rustamjon Bozorov, «SAMARKAND SITY LTD» MChJ ta'sischisi

R.Bozorovning aytishicha, uchta xonadon egalarining uyni buzilishiga qarshilik qilib oyoq tirab turib olishi ishlarning sust ketishiga sabab bo‘lmoqda. Bu yoqda firma 11 ta xonadonga 2 yildan buyon millionlab ijara puli to‘lab kelmoqda. Ular uysiz qolishmoqda.

Firma ta'sischisiga ko‘ra, agar uylar qanchalik tez bo‘shatib berilsa, qurilish ishlari shunchalik tez boshlanadi va muammo barham topadi. «Ular barcha takliflarni rad etishmoqda. O‘sha uylarining joyidan uy beramiz, desak ham, firmamiz shaharning boshqa nuqtalarida qurayotgan yangi uylardan beramiz, desak ham taklifimiz o‘tmayapti. Axir mutlaqo sharoiti bo‘lmagan eski baraklar o‘rnida zamonaviy, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan uylarni 6-7 oyda qurib, egalariga topshirish niyatidamiz», dedi R.Bozorov.

Bozorov yaqinda 52-uy egalariga o‘rnidan tushgan yangi uydan to‘liq ta'mirdan chiqarilib, o‘sha joyda yashaganlarga kvartiralar berilishini aytdi. Balkim shundan so‘ng ularning fikri o‘zgarar, deydi u.

52-uyda yashagan fuqarolardan biri Marhabo To‘xtayeva 3- va 7-kvartiralari evaziga yaqindan yangi uydan joy berilishi, ko‘chib o‘tishini aytdi.

Marhabo To‘xtayeva

Chigal va yechimi qiyin vaziyat

Qiziq vaziyat yuzaga kelmoqda. Quruvchilar ayrim oilalar buziladigan uyi evaziga nihoyatda nomutanosib kompensatsiya talab qilayotgani, o‘sha joyda quriladigan uydan yoki firma tomonidan shaharning boshqa nuqtalarida qurilayotgan yangi uylardan kattaroq yuzali yangi uyga ham rozilik bermayotganini aytmoqda.

Norozi oilalar esa quruvchilar ularga yangi quriladigan uylardan ajratib bermasdan, ularni begonalarga sotib yuborishayotganini pesh qilishmoqda.

Ochig‘i, quruvchilar eski va vayrona uydagi kvartira uchun aslo 100 ming dollarlab kompensatsiya bermoqchi emas. Kvartira egalari esa, aftidan, shu pulni olmaguncha qo‘ymaydiganga o‘xshaydi.

Firma vakillarining aytishicha, uchta oila uylarni baholash uchun borgan mustaqil ekspertlarni ichkariga qo‘yishmayapti. Firma vakillari Zemfira Guliyeva va uning singillari esa garchi ularning onasi qurilish boshlanishidan avval shartnoma tuzgan bo‘lsa-da, buzilayotgan uyni 2018 yilda meros qilib bo‘lib olib, kadastr hujjatlarini qonunga xilof ravishda taxlab olishganini ro‘kach qilishmoqda.

Bir qaraganda masalaning yechimi oddiy — uy o‘rniga o‘sha joydan yangi uy. Mana shu uchta oila rozi bo‘lsa, qurilish ishlari tezda nihoyasiga yetkazilib, barcha oila rozi qilinishi aytilmoqda. Lekin Krilov masalida aytilganidek, to‘rt yildan buyon «arava» joyidan siljimayapti. Bularni qanday qilib murosaga keltirish mumkin?

Aytaylik, firma tishini tishiga qo‘yib, o‘sha aytilgan katta miqdordagi dollarni berib, rozilikni oldi ham, deylik. Kim kafolat beradiki, bitim imzolagan boshqa uy egalari ham buni eshitiboq, kattaroq kompensatsiya talab qilib turib olmasligiga? Masala yanada chigallashmaydimi?!

Qolaversa, uy joylashgan joy katta yo‘l bo‘yidan biroz ichkarida. Bu yerda quriladigan kvartiralar ham u qadar xaridorgir emas, nazarimizda. Ko‘chiriluvchilarga yangi sotiladigan uylar hisobidan og‘ziga sig‘gan pulni berib yuborib, rozi qilinsa.

Unda murosa yo‘li qanday? Sokol ko‘chasida yashab kelgan oilalar tokaygacha sarson sargardonlikda umr kechiradi? Bu savollarga javob topish qiyin bo‘lmoqda. Chunki urush-janjal, sudlashuv bilan ham bu masala hal bo‘lmayapti.

Fikrimizcha, 4 yildan buyon yechim topmay kelayotgan ushbu masalani shahardagi mas'ul shaxslar va idoralar sinchiklab o‘rganib, tomonlarni bitta murosaga keltirib, barchani qoniqtiradigan yagona to‘xtamga kelishi kerak.

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz maxsus muxbiri
Tasvirchi: Jahongir Aliboyev

Mavzuga oid