O‘zbekiston | 23:45 / 31.08.2019
6857
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: xalqimiz bilan ko‘p-ko‘p murakkab, muhim masalalarni birgalikda hal qilmoqdamiz

«O‘zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyida 31 avgust kuni mamlakatimiz mustaqilligining yigirma sakkiz yilligiga bag‘ishlangan bayram tantanasi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tadbir ishtirokchilari, ko‘pmillatli xalqimizni Mustaqillik bayrami bilan tabrikladi.

Prezident tabrik nutqida xalq bilan muloqotning ahamiyati haqida ham so‘z yuritdi.

“Bilasizlar, men mamlakatimiz bo‘ylab juda ko‘p safarlarda bo‘laman. Joylarda, olis tuman, qishloq va ovullarda bo‘lib, yangi-yangi iqtisodiy-ijtimoiy loyihalarni joriy etishga, odamlar nima bilan yashayapti, ularning ahvoli, kayfiyati qanday ekanini yaqindan bilishga, ularni qiynayotgan muammolarni yechish uchun yordam berishga intilaman.

Mana shunday ochiq, samimiy muloqotlar asosida bugun xalqimiz bilan ko‘p-ko‘p murakkab, muhim masalalarni birgalikda hal qilmoqdamiz. Va bu odamlarimiz qalbida kelajakka ishonch uyg‘otib, ularni yangi, ulkan marralar sari ruhlantirmoqda. Hech shubhasiz, bu – bizning eng katta yutug‘imizdir.

Shu ulug‘ ayyomda har qanday og‘ir sinov va mashaqqatlarda ham Vatanimiz mustaqilligini asrab, uning barqaror taraqqiyotini ta'minlab kelayotgan mard va bag‘rikeng xalqimizga halol va fidokorona mehnati, istiqlol g‘oyalariga sadoqati uchun chuqur ta'zim qilaman”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid