09:57 / 01.09.2019
34
39341

«Studentam ne bespokoit». O‘zbekistonda talabalar darsdan tashqari qanday sharoitda ishlamoqda?

Foto: Pinterest

Talaba deganda, asosan, oilasidan uzoqda yotoqxona yoki ijarada yashovchi, ma'lum qiyinchiliklarni bo‘yniga olgan shaxsni tushunishga odatlanganmiz.

O‘zbekistonda ularning asosiy foizi to‘lov-shartnoma asosida o‘qishini hisobga olsak, ta'limning yuqori kurslariga o‘tib, ozgina o‘zini tutib olgandan so‘ng talabalarning ishlash taraddudiga tushib qolishi tabiiy hol. «O‘z-o‘zini qoplash» tushunchasi ham ular orasida shuning uchun ommalashgan. Ba'zilar esa amaliyotda bilimni mustahkamlash uchun yoki oilasiga yordam berish uchun ishlashga harakat qilishadi.

Garchi O‘zbekistonda talabalarning necha foizi, qaysi sohalarda ishlayotgani haqida statistika ma'lumotlari mavjud bo‘lmasa-da, deyarli ko‘pchilik sohada talaba-xodimlarni uchratish mumkin.

Talabasan, deb ish bermaslik mumkin emas

«Oliy ta'lim to‘g‘risida»gi nizomda kunduzgi ta'lim shaklida o‘qiyotgan talabalar ham darsdan bo‘sh vaqtlarida – kunning ikkinchi yarmida mehnat shartnomasi asosida ishlashlariga ruxsat etilgan.

Ayrim hollarda darsdan tashqari ishlash istagini bildirgan talabalarning ish topishga qiynalishlari, bilim va salohiyat jihatdan ish beruvchining barcha talabiga javob berishsa-da, noma'lum sabablarga ko‘ra ishga olinmaslik holatlari ham uchrab turadi.

Respublika Kasaba uyushmalari yuridik bo‘limi mudiri Hamidulla Primkulovning ta'kidlashicha, amaldagi qonunchilikka binoan, barcha xodimlar, jumladan, ishlovchi talabalar ham mehnat munosabatlarida tengdirlar. Ular oliy ta'limni tugatmagani sababli biror masalada kamsitilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Agar bordi-yu, ishga olmaslik to‘g‘risidagi javob berilsa, buning ham o‘ziga yarasha talabi bor.

Mehnat kodeksida ishga qabul qilish rad etilgan taqdirda, xodimning talabi bilan ish beruvchi ishga qabul qilishni rad etishning sababini asoslab, 3 kun muddat ichida yozma javob berishi shartligi belgilab qo‘yilgan.

Asoslantirilgan javob berish haqidagi talablarni rad etish xodimning ishga qabul qilish g‘ayriqonuniy ravishda rad etilgani ustidan shikoyat qilishiga to‘siq bo‘lmaydi.

Demak, qonun talabani shunchaki talaba bo‘lgani uchun ishga kira olmasligiga yo‘l berib qo‘ymaydi.

Ish stavkasi ikki taraf kelishuviga ko‘ra belgilanadi

«Amaldagi mehnat qonunchiligi ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ta'lim olayotgan xodimlar uchun ish stavkasini chegaralamaydi. Ish stavkasining davomiyligi xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi. Bunda, albatta, ish haqi haqiqatda ishlangan vaqtga mutanosib to‘lanishi kerak», deya bu boradagi tushunmovchiliklarning qonuniy asosini ko‘rsatdi Hamidulla Primkulov.

Kunduzgi ta'lim formasida o‘qiyotgan talabalar ham kelishuvga asosan turli ish vaqtida ishlashi mumkin. Lekin ish vaqti xodimning o‘qishdan bo‘sh vaqtiga belgilanishi lozim.

Shuningdek, talabalarning mehnat qilgan muddatida ish staji ham hisoblab boriladi.  

Mukofot pulidagi rag‘bat va soliq majburiyati talabalar uchun ham bir xil

Davlat soliq qo‘mitasi ma'lumotiga ko‘ra, talaba-xodimlar ham boshqa ishlovchilar kabi bir xil miqdorda soliq to‘laydi. Bu borada ularga qanaqadir ortiqcha imtiyoz yoki yengillik berilmagan.

Va aksincha, qonun bo‘yicha, mukofot pullari va boshqa turdagi rag‘bat pullarini olishda ham boshqalar bilan teng huquqlilik saqlanadi. Aytaylik, yaxshi ishlagani uchun rahbar tomonidan rag‘bat puli olishni uning hali bakalavr yoki magistraturani tugatmagani cheklamaydi.

«Men 2ta joyda ishlayman»

Mavzuning huquqiy asosini o‘rganish jarayonida ayrim talabalarga  ishga kirishda qiyinchiliklarga duch kelmaganmisiz, sizga ham ish davomida boshqa xodimlar bilan bilan bir xil munosabatda bo‘lishadimi, degan savollar bilan murojaat qilindi.

«O‘qish bilan birgalikda 2ta joyda ishlayman. Yoshim va tajribamni inobatga olmaganda talabaligim tufayli muammolarga duch kelganim yo‘q», deydi O‘zDJTU talabasi Xonzodabegim A'zamova.

Navoiy davlat pedagogika instituti talabasi E'zoza Ismatova ham o‘qish davri bilan birgalikda dastlab viloyatdagi «Do‘stlik bayrog‘i» gazetasida ishlay boshlagani, rahbar doim qo‘llab-quvvatlagani, biroq bo‘lim boshlig‘i ancha talabchan bo‘lganini aytib o‘tdi.

Ayni paytda u ham 2ta joyda ishlayotganini, o‘qishi bilan bog‘liq muammo yo‘qligini qo‘shimcha qildi.

«Men 4 kursning boshidan to Toshkent davlat texnika universitetini tugatgunimcha ishlaganman. Oddiy ishchi sifatida faoliyatimni boshlagan bo‘lsam, o‘qishdan keyin yaxshiroq lavozimga o‘tdim. Amaliyotni kuchaytirish uchun ishlash juda yaxshi vosita», deydi Artel korxonasi xodimi Sirojiddin Ikromaliyev.

«Studentam ne bespokoit»

Xorijiy firmalardan birida ishlayotgan Moliya instituti talabasi Hojiakbar Zuhriddinovning aytishiga qaraganda, talabalar ishga kirish uchun kerakli xususiyatlarga ega bo‘lsa, ish topish unchalik muammo bo‘lmaydi.

«Ish topishda ingliz va rus tillarini, qolaversa, sohamni yaxshi bilganim uchun muammo tug‘ilmagan. Lekin ayrim ish izlashga mo‘ljallangan platformalarda «Studentam ne bespokoit» deya yozib qo‘yishadi. Bu kabi oldindan ogohlantirishlarga vaqt muammosi bosh sabab deb ayta olaman. Chunki hozir OTMlarda dars jadvali juda zich joylashtirilgan. Tabiiyki, bu talabaning ishdan keyin ishlash imkonini cheklaydi. Talabalar jismoniy jihatdan ham ishlash uchun ulgurisholmaydi», deydi Hojiakbar Zuxriddinov.

«Tibbiyot oliygohi talabasi ishlashi kerak»

Mavzu yuzasidan o‘z fikrini bildirgan, biroq o‘z shaxsi anonim qolishini istagan Toshkent tibbiyot akademiyasi magistratura bosqichi talabasining aytishicha, tibbiyot oliygohlarining oxirgi kurslarida talabalar, asosan, 25-26 yoshda bo‘ladi. Bu paytda ularning deyarli ko‘pchiligining o‘z oilasi bor.

«Biroq akademiyaning hatto magistratura talabasi ham 1-bosqichda ishlashga qiynaladi. Ish izlayotganda o‘qish joyidan ma'lumotnoma so‘raladi. Ishlash uchun ma'lumotnoma olish ham ancha mashaqqat. To‘g‘ri, talabaning ilmiy ishi qolib ketadi degan maqsadda cheklov qo‘yishadi. Biroq amaliy jarayonda bemorlar bilan ishlash yaxshi natija berishi aniq-ku.

2-bosqich magistranti kursdan kursga o‘tgani to‘g‘risida buyruq chiqqandan so‘nggina ishlashga ruxsat so‘rab, akademiya rahbariyatiga xat yozadi. Unga moderator, kafedra mudiri, dekan va o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor imzo qo‘yib bergandan so‘nggina 0,5 stavkada ishlashga ruxsat beriladi», deydi TTA talabasi.

Yillik ta'til talaba imtihoniga mos vaqtda berilishi kerak

Garchi talabalar ishlay boshlasa, o‘qishini tashlab qo‘yadi degan xavotiri asossiz bo‘lmasa-da, lekin Mehnat kodeksi mexanizmini to‘liq ishlatolsak, bu muammoning ham oldi olingan bo‘lar edi.

Masalan, kodeksda ta'lim muassasalarida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda o‘qiyotganlarga yillik ta'tillarni ish beruvchi ularning xohishiga ko‘ra, imtihonlar va laboratoriya-imtihon sessiyalari vaqtiga to‘g‘rilab berishi shartligi belgilangan.

Bundan tashqari, oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar o‘quv yurtlarida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ta'lim olayotgan xodimlar diplom loyihasini (ishini) bajarish va bitiruv imtihonlarini topshirishdan oldingi 10 o‘quv oyi davomida mashg‘ulotlarga tayyorgarlik ko‘rish uchun 6 kunlik ish haftasi bo‘lganda haftada bir kun o‘rtacha ish haqi saqlangan holda ishdan ozod etiladi. Ish haftasi 5 kunlik bo‘lsa, ishdan ozod etiladigan kunlar miqdori ish smenasining muddatiga qarab o‘zgaradi, ishdan ozod etiladigan soatlar miqdori saqlab qolinadi.

Demak, talabalar o‘quv muddatlari va diplom ishini yozish jarayonida o‘z huquqlarini yaxshi bilgan holda ish beruvchi bilan kelisha olsa, o‘qishni bitirib diplom olganda yaxshi ish va maoshga ham ega bo‘ladilar. Bu bitiruvchilarni «4 yil shu bir parcha qog‘oz uchun o‘qidimmi?» degan shubhaga borishdan katta ehtimollik bilan himoyalaydi.

Zilola G‘aybullayeva

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top