O‘zbekiston | 21:51 / 05.09.2019
10588
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbek milliy akademik teatrida 105-mavsumga start berildi

3 sentabr kuni O‘zbek milliy akademik drama teatrida 105 - teatr mavsumining ochilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Izzat Sulton va Uyg‘un qalamiga mansub «Alisher Navoiy» spektakli namoyish qilindi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Video: Youtube

Video: mover.uz

San'at sohasi vakillari, tomoshabinlar va OAV xodimlari ishtirok etgan mazkur ochilish tadbiri O‘zbek milliy akademik drama teatrida ijod qilgan san'at darg‘alarini yodga olish bilan boshlandi. Jumladan, spektakl namoyishi avvalida marhum san'atkorlar haqida tayyorlangan qisqa videorolik namoyish etildi.

«Bugungi kunda yer yuzidagi xalqlarning madaniy, ma'naviy taraqqiyot darajasini ifoda etadigan eng muhim yo‘nalishlardan biri bu – teatr.

Badiiy ijodning ko‘pgina turlari kabi ushbu san'at ham jahondagi har qaysi xalqning ezgu orzu-niyatlari, hayot tarzi, ong-u tafakkuri, go‘zal his-tuyg‘ularini, tarixiy va zamonaviy voqealarga bo‘lgan munosabatini, milliy va umumbashariy qadriyatlarga sadoqatini ta'sirchan usullar, betakror badiiy lavhalar, hayotiy obrazlar orqali aks ettirishga xizmat qiladi.

Afsuski, bugunning yoshlarida mana shu san'at turiga nisbatan qiziqishni yuqori deb bo‘lmaydi. Meni afsuslantirayotgani, yuqorida eslangan san'at darg‘alarini aksariyat yoshlarimiz tanimaydi.

Albatta, teatrda tomoshabinning ko‘pligi kishini xursand qiladi, lekin men tomoshabinlar ichida ayniqsa yoshlarni ko‘proq ko‘rishni istagan bo‘lardim», deya teatr masumining ochilishida so‘z olgan O‘zbekiston Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

«105 yil davomida qanday buyuk san'atkorlar bu sahnaning changini tuprog‘ining changini yaladi.  Sahna ortidagi odob qoidalarga rioya qildi», deydi O‘zbekiston xalq artisti Erkin Komilov.

O‘zbek milliy akademik teatri rahbari Fatxulla Ma'sudov esa mavsum oldidan o‘z fikrlarini quyidagicha ifodaladi: «Yangi mavsum boshlanishi biz uchun quvonch. Chunki, milliy teatr o‘zining ijodini, faoliyatini, xalqimiz oldida xizmatini davom ettirayapti.

Milliy teatr bu – O‘zbekistonda, nafaqat O‘zbekiston balki Markaziy Osiyoda birinchi teatr. Bu teatrning shu darajaga yetishida ne-ne ustozlarning xizmati bor.

Biz milliy teatrda teatr muxlislarini quchoq ochib kutib qolamiz».

Ma'lumot uchun, yozgi ta'tildan so‘ng o‘zining yangi mavsumini boshlagan O‘zbek milliy akademik drama teatri repertuaridan ko‘pgina qiziqarli spektakllar o‘rin olgan. Jumladan, sentabr oyi davomida 30ga yaqin spektakllar namoyishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid

E`lonlar