Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yetim bolalar uchun ajratiladigan homiylik mablag‘laridan foydalanish tartibi belgilanadi
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Yetim bolalar hamda ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun davlat tarbiya muassasalariga ajratiladigan homiylik mablag‘lari va mol-mulklaridan foydalanish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hujjat loyihasi e'lon qilindi.
Nizomga ko‘ra, homiylik tashkilotlari hamda yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan davlat tarbiya muassasasiga mol-mulkni, shuningdek pul mablag‘larini (homiylik xayriyalari) qaytarmaslik sharti bilan yoki imtiyozli shartlarda berishda, ishlarni bajarishda, xizmatlar ko‘rsatishda va boshqacha shaklda qo‘llab-quvvatlashda ifodalanadigan ixtiyoriy beg‘araz yordamlar ko‘rsatilishi mumkin.
Davlat tarbiya muassasalariga homiylik qilish quyidagi maqsadlarda amalga oshirilishi mumkin:
tarbiyalanuvchilarni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish, tarbiyalanuvchilarning moddiy ahvolini yaxshilash, ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ularga ma'naviy-ruhiy yordam ko‘rsatish;
bolalikni himoya qilish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va ularning ma'naviy kamol topishiga ko‘maklashish;
turli madaniy-ma'rifiy, sport va boshqa ko‘rinishdagi dam olish dasturlarini amalga oshirishga ko‘maklashish;
davlat tarbiya muassasasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga.
Homiylik qonun hujjatlariga muvofiq boshqa maqsadlarda ham amalga oshirilishi mumkin.
Har bir davlat tarbiya muassasasida amalga oshirilgan homiylik yordamlarining to‘g‘ri sarflanishini ta'minlash maqsadida Homiylik kengashi tuziladi.
Kengash 7 kishidan kam bo‘lmagan toq sondan iborat quyidagi tarkibda tuziladi:
kengash raisi – muassasa direktori;
kengash kotibi – muassasa kasaba uyushmasi raisi;
kengash a'zolari - direktorning xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, bosh hisobchi, tibbiyot xodimi, yumshoq buyumlar bekasi, 1 nafar tajribali tarbiyachi.
Kengashning vazifalari quyidagilardan iborat:
homiylik yordamlarini tegishli dalolatnoma asosida qabul qilish va maqsadli sarflanishi ta'minlash;
homiylik va xayriya mablag‘lari, mol-mulklarning maqsadli sarflanishi ustidan nazorat olib borish.
Kengash har chorakda bir marta yig‘iladi. Zarur hollarda navbatdan tashqari yig‘ilishlar o‘tkazilishi mumkin. Kengash yig‘ilishi bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Kengash yig‘ilishida uning umumiy a'zolarining uchdan ikki qismi ishtirok etganda Kengash qaror qabul qilishi mumkin.
Homiylar homiylikni amalga oshirish uchun dastlab davlat tarbiya muassasasi Kengashi a'zolari bilan uchrashib, ularga homiylik maqsadini ma'lum qiladi.
Homiylik maqsadiga aniqlik kiritilgandan so‘ng homiydan qabul qilingan beg‘araz yordam, jumladan pul, oziq-ovqat mahsuloti, maishiy texnika va boshqalar muassasasining tegishli shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga va balansiga kirim qilinadi.
Homiylar davlat tarbiya muassasasi tarbiyalanuvchilari bilan uchrashib, ularning shaxsan o‘zlariga ruxsat etilgan tovar-moddiy boyliklar va oziq-ovqat mahsulotlarini Kengash a'zolari ishtirokida tarqatishi mumkin.
Homiylar tomonidan davlat tarbiya muassasasining olib kelingan tovar-moddiy boyliklar va oziq-ovqat mahsulotlarga ehtiyoji bo‘lmagan taqdirda, davlat tarbiya muassasasi rahbariyati ushbu tovar-moddiy boyliklar va oziq-ovqat mahsulotlarini qabul qilmasligi mumkin.
Homiylar Kengash bilan kelishgan holda muassasada xayriya tadbirlarini shuningdek, ma'naviy-ma'rifiy, sport va boshqa tadbirlar tashkil etishi va bolalar uchun mehmondorchilik dasturxonini yozishi mumkin.
Davlat tarbiya muassasasiga tashqaridan tayyor taomlar olib kirish taqiqlanadi. Dasturxonga qo‘yiladigan taomlar davlat tarbiya muassasasi hududida tayyorlanishi lozim.
Dasturxonga qo‘yiladigan oziq-ovqat mahsulotlari davlat tarbiya muassasasining tibbiyot xodimi tomonidan belgilangan tartibda ko‘rikdan o‘tkazilishi shart.
Kengash a'zolari homiylik asosida qabul qilingan tovar-moddiy boyliklar va oziq-ovqat mahsulotlarini tegishli dalolatnoma tuzish yo‘li bilan rasmiylashtiradi. Dalolatnomani rasmiylashtirishda homiy tomonidan o‘zi to‘g‘risidagi ma'lumotlarning kiritilishini xohlamagan taqdirda, homiyning ismi sharifi o‘rniga “noma'lum shaxs” deya ko‘rsatiladi.
Dalolatnoma rasmiylashtirilgandan so‘ng, ushbu dalolatnoma davlat tarbiya muassasasi buxgalteriyasiga taqdim etiladi.
Shuningdek, homiylik yordami sifatida qabul qilingan tovar-moddiy boyliklar va oziq-ovqat mahsulotlari belgilangan tartibda kirim daftariga qayd etib boriladi.
Davlat tarbiya muassasasida xodimlar, tarbiyalanuvchilar va ularning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslardan turli xil sabablar bilan Kengash a'zolari, davlat tarbiya muassasasi direktori va boshqa xodimlari tomonidan pul mablag‘larini homiylik maqsadida yig‘ish qat'iyan taqiqlanadi.
Buxgalteriya hisobini yuritish shuningdek, homiylikdan tushadigan mablag‘larning kirim qilinishi va sarflanishi to‘g‘risidagi hisobotlarni tuzish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Homiylar tomonidan davlat tarbiya muassasasiga ko‘rsatilgan homiylik mablag‘larining barcha summasi, agar homiy bilan maxsus o‘zgacha hol kelishilmagan bo‘lsa, budjet tashkilotining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga sarflanadi.
Mavzuga oid
18:58 / 06.05.2026
Fuqarolarni yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi belgilandi
09:54 / 14.04.2026
Yakka uy-joy va kichik binolar qurilishida xususiy nazorat joriy etiladi
18:34 / 09.04.2026
Soliq nazorati tadbiri videotasvirga olinadi
11:17 / 06.04.2026