Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tovarlarni markirovkalash va kuzatish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish boshlanadi
Sentabr oyida tovarlarni markirovkalash va kuzatish tizimini bosqichma-bosqich joriy etishning pilot loyihasini boshlash rejalashtirilmoqda. Bu DSQ tomonidan ishlab chiqilib, QHTBT portalida muhokama qilish uchun joylashtirilgan hujjat loyihasidan kelib chiqadi, deb yozmoqda Norma.
Tovarlar loyiha doirasida generatsiyalangan maxsus shtrix-kodlar bilan markirovkalanadi. Pilot loyiha O‘zbekiston DSQ va «Istiqbolli texnologiyalarni rivojlantirish markazi» MChJ (Rossiya Federatsiyasi) tomonidan imzolangan memorandum doirasida amalga oshiriladi.
Tovarlarni markirovkalash va kuzatish axborot tizimini (TMK AT) joriy etish mo‘ljallanmoqda. Pilot loyiha davomida uning operatori etib muassisi «Istiqbolli texnologiyalarni rivojlantirish markazi» MChJ hisoblangan «CRPT TURON» MChJni tayinlash taklif etilmoqda.
DSQ pilot loyiha ishtirokchilarini, shuningdek mahsulotlarini markirovkalash lozim bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlarini aniqlaydi.
Loyihada ishtirok etayotgan ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar o‘z mahsulotlarini Mahsulotlar reyestriga kiritishi lozim bo‘ladi. Buning uchun ular aloqa kanallari orqali yoki TMK AT rasmiy sayti yordamida TMK AT ma'muriga ro‘yxatdan o‘tish to‘g‘risida arizani yuborishlari kerak. Buyurtmada quyidagilar ko‘rsatilishi lozim:
• mahsulot nomi;
• tovar kodi, GS1-128 shtrix-kodi, shuningdek o‘ram turiga (idishiga) muvofiq tovar kodlari;
• o‘ram (idish) turi.
Ushbu ma'lumot asosida TMK AT ma'muri ishtirokchilar uchun markirovkalashga noyob shtrix-kodlarni generatsiyalaydi. Ishlab chiqaruvchilar ularni bevosita ishlab chiqarish liniyalarida qo‘yadilar. Import qiluvchilar ishlab chiqaruvchi bilan ushbu shtrix-kodlarni qo‘yish yoki mustaqil ravishda bojxona omborida buni amalga oshirish haqida kelishib olishlariga to‘g‘ri keladi.
Ishlab chiqaruvchilar (import qiluvchilar), ulgurji savdo tashkilotlari mahsulotga egalik huquqi tovarni muomalaga kirituvchi bir sub'yektdan boshqasiga o‘tayotganligi haqida TMK AT ma'murini xabardor qilishi lozim. Buning uchun ma'murga boshlang‘ich hujjatni ilova qilgan holda tovar yukxatini yuborish kerak. Mazkur ma'lumot elektron hisobvaraq-fakturadagi ma'lumotlar bilan birlashtiriladi.
Chakana savdo korxonalari, ya'ni tovarni realizatsiya qiluvchi yakuniy bo‘g‘in onlayn-NKM bilan jihozlangan bo‘lishi lozim. Ular TMK AT ma'muriga sotgan tovarlari haqidagi ma'lumot onlayn-NKM fiskal ma'lumotlar operatori tomonidan uzatiladi.
Ta'kidlash joizki, loyiha ishtirokchilarining cheklarida tovar kodi va identifikatsiyalash kodi haqida ma'lumot keltiriladi.
Mamlakatda onlayn-NKM tizimi joriy etish bosqichida turganligi bois loyihada yana bir taklif – ulgurji sotuvchi mahsulotlarni onlayn-NKMga ega bo‘lmagan chakana savdo korxonalariga realizatsiya qiladigan holatlar uchun alohida tartib joriy qilinishi ilgari surilgan. Mazkur holatda ulgurji sotuvchi shtrix-kodlarni skanerlab, sotilgan tovar sifatida tizimga kiritishi lozim bo‘ladi.
Tovar yaroqsiz holga kelganda, egasi uni hisobdan chiqarishi va TMK ATga quyidagilar qayd etilgan ma'lumotni yuborishi kerak:
• oborotdan chiqarilayotgan tovar kodi va identifikatsiya kodi;
• tovarning chiqib ketishi rasmiylashtirilgan hujjatning nomi, sanasi va raqami;
• tovar oborotdan chiqarilgan maydonchaning manzili;
• tovarning oborotdan chiqarilish sabablari.
Ishga tushirilayotgan tizimning eng asosiy funksiyalaridan biri – iste'molchilarni kontrabanda va kontrafakt tovarlardan himoyalash. Shu bois iste'molchilarga mobil aloqa qurilmalari yordamida tovarning asillik darajasini tekshirish imkoniyati beriladi. U identifikatsiyalash skanerlovchi vositasini bepul mobil ilovasi yordamida o‘tkazib, TMK AT ma'muridan javob oladi. Ma'lumotlarning nomuvofiqligi aniqlanganda, ushbu mobil ilova orqali MTK ATga keyinchalik chora ko‘rilishi uchun xabarnoma yuboriladi.
Tovar harakati to‘g‘risidagi ma'lumotlardan DSQ xabardor bo‘ladi. Bu tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan soliqlar to‘g‘ri hisoblanishi va to‘lanishi ustidan nazoratni kuchaytirishga imkon beradi.
Loyihani amalga oshirish yakunlari bo‘yicha 2020 yil 31 martga qadar Vazirlar Mahkamasiga identifikatsiya vositalari bilan tovarlarni markirovkalash va keyinchalik kuzatish tizimini yanada takomillashtirishga doir, quyidagilar nazarda tutilgan takliflar kiritilishi lozim:
• identifikatsiya vositalari bilan markirovkalanishi va keyinchalik kuzatilishi lozim bo‘lgan tovarlar ro‘yxatini bosqichma-bosqich kengaytirish;
• Davlat soliq qo‘mitasi qoshida ishlab chiqariladigan va import qilinadigan mahsulotlarni hisobga olish elektron bazasini yaratish.
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.
Mavzuga oid
10:26 / 08.07.2026
Tibbiy jihozlar markirovkasiga qo‘yiladigan talablar belgilandi
12:21 / 12.12.2024
Sut mahsulotlarini markirovkalash boshlanadi
18:32 / 06.08.2024
Qalbaki markirovkali tovarlar savdosi uchun jinoiy javobgarlik joriy etilishi mumkin
08:51 / 03.06.2024