Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi «O‘zgidromet»ga 50ta avtomatik meteorologik stansiya yetkazib beradi
«O‘zgidromet»da markaz vakillarining Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi (MOMEM) delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda CAMP4ASB (Orol dengizi havzasida iqlim o‘zgarishiga moslashish va uning oqibatlarini yumshatish dasturi) mintaqaviy loyihasini amalga oshirish doirasida 50 ta avtomatik meteorologik stansiya yetkazib berish yuzasidan shartnoma imzolandi.
CAMP4ASB loyihasi Markaziy Osiyo mamlakatlarida yetakchi manfaatdor tomonlar uchun iqlim o‘zgarishi borasidagi bilimlar va ma'lumotlardan keng foydalanish imkoniyatini yaxshilash, shuningdek, iqlim o‘zgarishi sohasidagi investitsiyalar va texnik salohiyatni kuchaytirish orqali iqlim o‘zgarishi oqibatlari bilan bog‘liq muammolarni hal etishga yo‘naltirilgan.
Loyiha mintaqaviy va milliy komponentlardan tarkib topgan. Mintaqaviy qismning asosiy vazifalaridan biri iqlim o‘zgarishiga moslashish hamda kam uglerodli rivojlanishga o‘tish bo‘yicha axborot-tahliliy bazani shakllantirishga mintaqaviy va milliy miqyosda texnik ko‘mak ko‘rsatish, iqlim o‘zgarishi muammolari bilan shug‘ullanuvchi idoralarni dasturiy vositalar hamda asbob-uskunalar bilan ta'minlashdan iborat.
«O‘zgidromet» Orol dengizi havzasida iqlim o‘zgarishiga moslashish va uning oqibatlarini yumshatish dasturining milliy muvofiqlashtiruvchisi sifatida MOMEM bilan yaqindan hamkorlik qiladi.
Asbob-uskunalar yetkazib berish bo‘yicha «O‘zgidromet» va MOMEM o‘rtasida imzolangan shartnoma Jahon banki mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladi. «O‘zgidromet»ning viloyatlardagi stansiya va postlariga o‘rnatiladigan avtomatik meteorologik stansiyalar iqlimiy monitoring tizimini yaxshilashga — kuzatuvlar tezkorligi va ma'lumotlarning aniqligi ortishiga, va oqibatda gidrometeorologik xizmat ko‘rsatish sifatining yaxshilanishiga xizmat qiladi.