Jamiyat | 13:33 / 12.09.2019
7363
2 daqiqa o‘qiladi

3 milliard so‘mlik matolarning noqonuniy ulgurji savdosi «pishmay» qoldi

Bojxona organlari tomonidan qo‘llanilgan imtiyozlardan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalangan kimsalar fosh qilindi.

Xususan, Davlat bojxona qo‘mitasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish boshqarmasi va Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan mas'uliyati cheklangan jamiyatlardan birining faoliyati o‘rganildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda

 Tekshiruv natijasida, ishlab chiqarish faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun mamlakatimizga imtiyozlar asosida mato tovarlarini olib kirgan kimsalar matolardan ishlab chiqarishda foydalanish o‘rniga, ularni ulgurji savdo nuqtalarida sotib yuborayotganligi aniqlandi.

 Xususan, xorijdan keltirilgan xomashyo poytaxtimizda faoliyat olib borayotgan mas'uliyati cheklangan jamiyatlardan biri tomonidan ijaraga olingan omborga joylanib, undan savdo bozorlariga tarqatish uchun ikkita “Isuzu” yuk avtomashinasiga joylab olib chiqib ketilayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Natijada, ushbu avtomashinalarning yukxonasida jami 318 rulonda matolar borligi aniqlandi.

Shuningdek, mas'uliyati cheklangan jamiyat tomonidan ijaraga olingan yana bir ombor ko‘zdan kechirilganida bu yerda ham 574 dona rulonda matolar borligi aniqlandi.

 O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida jami 892 dona, umumiy qiymati 3 milliard so‘mlik matolar qonunbuzarlardan ashyoviy dalil sifatida olindi.

 Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.

Mavzuga oid