Tariflar oshishini to‘xtatib qololmaymiz, ammo kvitansiyalarda qayd etiladigan raqamlarni kamaytirish qo‘limizdan keladi. Kommunal xizmatlarga kamroq pul sarflashning bir necha choralari bilan tanishtirib o‘tamiz.

1. Termoizolyatsiya tizimlarini tekshiring

Hozirgi kunda aksariyat xonadonlarda eski yog‘och derazalar o‘rnini plastik romlar egallamoqda. Ular ishonchliroq, ammo vaqt o‘tishi bilan montaj ishlarida foydalanilgan ko‘pik quriydi, rezina-zichlagichlar dag‘allashadi. Derazadan shamol kirmayotganiga aminmisiz? Javob qoniqarsiz bo‘lsa, tirqichlarni berkiting, aks holda qishda ko‘chani isitasiz. Shuningdek, kirish eshiklari termoizolyatsiyasini ham ko‘zdan kechiring.

2. Xona haroratini nazorat qiling

Ushbu tavsiya mustaqil isitish tizimiga ega xonadonlar uchun amal qiladi. 

Ishga ketishdan yoki kichik safar oldidan radiatorlarni pasaytiring. Bo‘sh xonalarni isitishdan nima foyda? Qaytishingiz bilan batareya ventilini burib xonani qulay haroratgacha isitib olasiz. Taymerli termostat yordamida issiqlikni nazorat qilish eng qulayidir.

Uy isib ketsa, derazani ochish o‘rniga batareya haroratini pasaytirish maqbulroq ish.

3. Cho‘g‘lanma lampalar o‘rnini LED egallasin

Bu mablag‘ talab qiladi, ammo chiqimni oqlaydi. LED turidagi chiroqlar oddiy lampalarga nisbatan 8-10 barobar kam energiya sarf qiladi.

4. Chiqayotganda chiroqlarni o‘chiring

Siyqasi chiqqan tavsiya, ammo biz bu qoidani tez-tez buzib turamiz. Buni bolalarga o‘rgatish ayniqsa muhim. Uyda bo‘lmagan vaqtingizda hamma xonani yoritishmasin.

5. Harakat datchiklarini o‘rnating

Bu qurilmalar nafaqat ko‘p qavatli uylar yo‘laklari uchun qulay, balki hovlilardagi terras (peshayvon) va cherdak, yo‘laklar, balkon, omborcha va boshqa kam tashrif buyuriluvchi va chirog‘i ko‘p yoniq qoluvchi joylar uchun ham foydali.

6. Maishiy texnikadagi quvvat tejash samaradorligini tekshiring

Zamonaviy maishiy texnika vositalari quvvat unumdorligi sinflariga bo‘linadi.