Qarshi shahridagi «Qarshi» mahallasidagi 3-ko‘p qavatli uyda 48ta xonadon joylashgan bo‘lsa hozir nari borsa 17–20ta xonadon ahli yashab turibdi.

Qator oilalar amallab sotib olgan uyini yashash sharoiti yo‘qligi uchun tashlab ijaraga uy olib chiqib ketishgan. Hozir bir necha xonadonlar ham mana shu uyi uchun ham, ijara uyi uchun ham har oy pul to‘laydi.

Hech qanday suv tarmog‘isiz ko‘p qavatli turarjoyni tasavvur qiling. Uy 2018 yil foydalanishga topshirilgan bo‘lsa ham hanuz ichimlik suv tarmog‘iga ulanmagan. Aholi uy atrofida qolib ketgan suv jo‘mragidan idishlarda suv tashib ketadi.

Uyning barcha kirish yo‘laklari oldida bitta o‘rindiq o‘rnatilgan. Ammo ana shu har bir o‘rindiq oldida bittadan qo‘lansa hid anqib turadigan kanalizatsiya qudug‘i bor. Aholi kulgi aralash «quruvchi shu yo‘l bilan ustimizdan kulsa kerak-da» deydi. Aksiga olib bu kanalizatsiya quduqlarining bir nechtasining qopqog‘i allaqachon sinib ketgan.

Uyda kommunal xizmatlardan faqat elektr energiyasi bor. Garchi, hisoblagichlar o‘rnatilgan bo‘lsa-da negadir quruvchi – «Qarshi inshoot qurilish montaj» MChJ hisoblagichlar sertifikatini aholiga bermay kelmoqda. Bu esa iste'molchi va elektr tarmog‘i korxonasi o‘rtasida muammolarga sabab bo‘lmoqda. Uy egalari quruvchi bilan bog‘lanishning o‘zi katta muammoligini aytishmoqda.

Uylarda isitish tizimi ham mavjud emas. Quruvchi xonadonlardan uy yaqinidagi gaz taqsimlash uskunasigacha quvurni tortib borgan, ammo bir yarim yildirki, gaz ta'minoti idorasi uyni tarmoqqa ulamay kelmoqda.

Xo‘sh, buning sababi nimada? Aholini sarson qilgan narsa shuki, suv va gaz ta'minoti idoralari har safar murojaat qilib borgan odamlarga «quruvchiga bor, o‘sha hal qiladi» mazmunida javob bergan, quruvchi esa «tarmoqqa ulash mening vazifamga kirmaydi» deb javob bergan. Tartib-qoidalardan bexabar aholi ikki o‘rtada sarson.

Sodda qilib aytganda, aslida quruvchi uyning sifati, uy ichidagi muhandislik kommunikatsiya tarmoqlariga javobgar. Barcha qurilish va hujjat ishlari amalga oshirilgach, suv va gaz ta'minoti korxonalari uyni tizimga ulashi kerak. Uy tizimga ulanmagan holda xonadonlarning kadastr yig‘ma jildlarida barcha kommunal xizmatlarning «bor» deb ko‘rsatilgani ham taajjublanarli.