O‘zbekiston | 09:40 / 26.09.2019
5853
3 daqiqa o‘qiladi

Buxoro viloyatida 7ta yangi KSZ va 2ta klaster tashkil etiladi

2019-2023 yillarda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning prognoz parametrlari belgilandi. Bu haqda Norma xabar qilmoqda.
 
Peshku tumanida qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan sanoat zonasi - qurilish sanoati klasteri, Qorako‘l tumanida esa chorvachilik mahsulotlarini sanoat usulida qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan sanoat zonasi - chorvachilik klasteri tashkil etiladi.
 
Bundan tashqari, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari va davlat mulki obektlari negizida 7 ta tuman kichik sanoat zonalari: Qorako‘l (5 ga hudud va 2 802 kv.m bino va inshootlar), Romitan (3,1 ga), Peshku (1,5 ga), Shofirkon (10 ga), Vobkent (6,5 ga), Buxoro (2,2 ga) va Olot (3,3 ga) tashkil etiladi. KSZ hududiga va ishtirokchilarning ishlab chiqarish maydonlariga tashqi yo‘l-transport hamda muhandislik-kommunikaniya infratuzilmalari o‘tkaziladi.
 
Muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasidan 2 km radiusda tadbirkorlik faoliyati uchun yer uchastkalari ajratilganda, infratuzilma tarmoqlarini qurish va o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar quyidagi mablag‘lar hisobidan qoplanadi:

• EIZ (“G‘ijduvon” va “Buxoro agro”) uchun - Davlat budjeti (suv va kanalizatsiya uchun) va mahalliy budjet mablag‘lari teng ulushlarda;
• hududda faoliyat ko‘rsatayotgan KSZ uchun - tegishli tuman (shahar) budjeti mablag‘lari.
 
2 km gacha masofadagi muhandislik tarmoqlarini qurish va o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar (EIZdan tashqari), loyiha tashabbuskori - tadbirkorlik sub'yektlari mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
 
Umuman olganda 2023 yilga kelib sanoat salohiyati o‘sishini 3 baravarga oshirish, agrar sektorni jadallashtirish va diversifikatsiya qilish, har bir gektardan olinadigan mahsulotni ayni vaqtdagi 1,2 ming AQSh dollaridan 6 ming AQSh dollarigacha ko‘paytirish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, ishlab chiqarish infratuzilmasini jadal rivojlantirish, hududni turistik xabga aylantirish (1 mln nafar turistlarning hududga qulay tashrif buyurishi, bir nafar turistdan o‘rtacha foydani $400 gacha ko‘paytirish), urbanizatsiya jarayonini jadallashtirish hamda viloyat aholisining bilimi va kasbiy salohiyatini oshirish ustuvor hisoblanadi.
 
Xususan, oxirgi yo‘nalish doirasida, 2020-2021 yillarda Buxoro shahrida BAAning ilg‘or tajribasi asosida Prezident maktabi tashkil qilinadi. U 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab faoliyat yuritishni boshlaydi.
 
Hujjat 23.09.2019 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid