Joriy yilning 25 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi soliq siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon imzolandi.
DSQ matbuot xizmatining yozishicha, birinchidan, farmonning asosiy maqsadi – iqtisodiyotda soliq yukini kamaytirish va soliq rejimlarini birxillashtirish hisobiga teng raqobat sharoitini yaratishga qaratilgan.
Jumladan, 2000 yildan buyon respublikamizda qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 20 foiz miqdorida amal qilib, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi mamlakatlari orasida eng yuqorilaridan biri edi.
Yevropa ittifoqi davlatlarida esa, qo‘shilgan qiymat solig‘i hanuzgacha baland bo‘lib, Vengriyada 27 foizni, Daniyada 25 foizni, Buyuk Britaniyada 20 foizni, Fransiyada 20 foizni va Rossiya Federatsiyasida 20 foizni tashkil etadi.
Farmon bilan respublikada qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab, 20 foizdan 15 foiz qilib belgilandi, ya'ni 25 foizga pasaytirildi.
Qo‘shilgan qiymat solig‘ining davlat budjeti daromadlaridagi ulushi 30 foizdan ortiq. Shu inobatga olinadigan bo‘lsa, bu juda keskin qadam ekanligi anglashiladi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, budjetga qo‘shilgan qiymat solig‘i tushumlari albatta kamayadi.
Lekin, iqtisodiy nazariyadan kelib chiqilsa, biznes sub'yektlari yengilliklarni ijobiy qabul qilib, shaffof va ochiq faoliyat yuritishga o‘tadi. Bu esa, eng muhim maqsad.
Ikkinchidan, farmon bilan tadbirkorlik sub'yektlarini to‘laqonli faoliyat ko‘rsatishlari uchun qiyinchiliklarga sabab bo‘lgan, soliq organlari tomonidan bank operatsiyalarini to‘xtatib qo‘yish bo‘yicha amaldagi tartib bekor qilindi.
Joriy yilning 1 sentabr holatiga 18,6 mingta ishlab turgan tadbirkorlik sub'yektlarining bank operatsiyalari to‘xtatilgan bo‘lib, bu o‘z navbatida, ularga ishlab chiqarishda zarur xomashyo sotib olish yoki muhim texnologik dastgoh uchun pul o‘tkazish, ish haqini to‘lab berish imkoniyatini cheklab qo‘yayotgan edi.







