O‘zbekiston | 12:37 / 01.10.2019
3070
7 daqiqa o‘qiladi

«Turizm fidoyisi» ko‘krak nishoni ta'sis etiladi

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining “Turizm fidoyisi” ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 13 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5781-sonli farmoni bilan Turizm sohasini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun “Turizm fidoyisi” ko‘krak nishoni ta'sis etilgan.

“Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasi O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining buyurtmasiga asosan Ko‘krak nishoni va uning guvohnomasini belgilangan tartibda tayyorlanishini ta'minlaydi.

“Turizm fidoyisi” ko‘krak nishoni va uning guvohnomasini tayyorlash hamda mukofotlanganlarni taqdirlash bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi budjetdan tashqari Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanishi inobatga olinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining “Turizm fidoyisi” ko‘krak nishonini O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgani uchun davlat organlari, jamoat tashkilotlari, xususiy sektor, ijtimoiy soha va ommaviy axborot vositalari vakillari hamda chet eldagi vatandoshlarga “Butunjahon turizm kuni” – 27 sentyabrda berish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanishi mumkin.

“Turizm fidoyisi” ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, ko‘krak nishoni bilan O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini rivojlantirishga va ommalashtirishga munosib hissa qo‘shgan davlat organlari xodimlari, jamoat tashkilotlari, xususiy sektor, ijtimoiy soha va ommaviy axborot vositalari vakillari hamda chet eldagi vatandoshlar xizmatlari va faol targ‘ibot ishlari uchun taqdirlanadilar.

Ko‘krak nishoni bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.

Mahalliy darajadagi davlat organlari, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va xususiy sektor korxonalari har yili 1 avgustga qadar o‘z xodimlarini ko‘krak nishoni bilan taqdirlash bo‘yicha takliflarni tegishlicha O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining hududiy bo‘linmalariga taqdim etadi.

Respublika darajasidagi davlat organlari, xorijdagi diplomatik vakolatxonalar, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va tashkilotlar har yili 1 avgustga qadar o‘z xodimlarini ko‘krak nishoni bilan taqdirlash bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga taqdim etadi.

Nomzod bo‘yicha taqdim etilgan takliflarga ilova sifatida nomzodning obektivka-ma'lumotnomasi, so‘nggi uch yil davomida u tomonidan turizm sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar taqdim etiladi.

Qo‘mitaning hududiy bo‘linmalari tomonidan nomzodlar bo‘yicha taqdim etilgan hujjatlar belgilangan tartibda o‘rganib chiqiladi va nomzodlar yuzasidan xulosalar har yili 20 avgustga qadar Qo‘mitaga taqdim etiladi.

Qo‘mitaning hududiy bo‘linmalari va tizim tashkilotlari rahbarlari o‘z tashabbusiga ko‘ra ham nomzodlar to‘g‘risida har yili 20 avgustga qadar Qo‘mitaga taklif kiritishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi tomonidan ko‘krak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya tashkil etiladi.

Komissiya yig‘ilishida nomzodlar bo‘yicha hujjatlar o‘rganilib, har yili 15 sentyabrga qadar eng munosib nomzodlar bo‘yicha yakuniy xulosa chiqariladi.

Komissiya tomonidan nomzodlarni ko‘krak nishoni bilan taqdirlashda quyidagilar inobatga olinadi:

xorijda O‘zbekistonning ijobiy imijini shakllantirish va keng auditoriya o‘rtasida mamlakatimiz turizm salohiyatini targ‘ib etishdagi faolligi;

zamonaviy turizm mahsulotlari va innovatsion yechimga ega xizmatlarni yaratish bo‘yicha samarali faoliyatni amalga oshirganligi;

O‘zbekistonda turizm sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan xorijiy investitsiyalarni jalb etishdagi samarali faoliyati;

yetakchi xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalarida O‘zbekistonning turizm salohiyatini targ‘ib qilish hamda mamlakatda turizm sohasida olib borilayotgan islohotlarni keng ommaga yetkazishga qaratilgan materiallar soni va ommalashganligi;

turizm sohasidagi davlat dasturlari, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda faol ishtirok etganligi;

turizmning alohida turlarini rivojlantirish va turizm yo‘nalishlari jozibadorligini oshirishdagi faolligi;

turistlarga ko‘rsatiladigan xizmat turlarini ko‘paytirish hamda xizmatlar sifatini yaxshilash bo‘yicha sa'y-harakatlari;

turizm sohasidagi tadbirkorlik sub'yektlarining huquqi va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi samarali faoliyati;

turizm to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining ijro etilishi ustidan samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirganligi;

madaniy meros obektlarini saqlash, rivojlantirish va targ‘ib qilishda faol ishtirok etganligi;

turizm va servis sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlashda ko‘p yillik tajribaga egaligi, ustoz-shogird an'analarini joriy etganligi, mahalliy va xalqaro xalqaro grant loyihalarida faol qatnashganligi;

turizm sohasini rivojlantirish istiqbollari va mavjud muammolarni chuqur ilmiy tahlil qilish asosida ishlab chiqilgan taklif, yangilik va ishlanmalarining dolzarbligi va amaliyotga joriy etilganligi;

turizm infratuzilmasini yanada rivojlantirish va yangi turizm yo‘nalishlarini tashkil etish borasidagi samarali faoliyati;

turizm infratuzilmasi obektlarida sanitar-gigiyenik holatni yaxshilash ishlariga katta hissa qo‘shganligi;

turizm va unga yondosh sohalarda muvaffaqiyatli tadbirkorlik faoliyatini olib borib, samarali davlat-xususiy sektor sherikligi loyihalarini amalga oshirganligi;

O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirishning normativ-huquqiy asoslarini mustahkamlash hamda davlat organlari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish yo‘nalishidagi hissasi;

turizm sohasida O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish va aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha samarali faoliyati va boshqalar.

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘z tashabbusi bilan ham ko‘krak nishoni bilan taqdirlashi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid