O‘zbekiston | 13:22 / 02.10.2019
6019
6 daqiqa o‘qiladi

2020 yil hosili uchun ekiladigan kuzgi boshoqli don ekinlari yalpi hosilining prognoz hajmlari ma'qullandi

Foto: TASS

Vazirlar Mahkamasining “2020 yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekinlari navlarini joylashtirish va boshoqli don yetishtirishning prognoz hajmlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining 2020 yil hosili uchun sug‘oriladigan va lalmi maydonlarga ekiladigan kuzgi boshoqli don ekinlari yalpi hosilining prognoz hajmlari to‘g‘risidagi takliflari ma'qullandi.

Quyidagilar:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2020 yil hosili uchun serhosil, sifat ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan kuzgi boshoqli don ekinlarini navlar bo‘yicha joylashtirishning prognoz ko‘rsatkichlari;

“O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tarkibidagi don korxonalari tomonidan 2020 yil hosilidan boshoqli don ekinlari urug‘larini tayyorlash hajmlarining prognoz ko‘rsatkichlari;

Don va dukkakli don ekinlari ilmiy-tadqiqot instituti, uning Qashqadaryo filiali va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlar ilmiy-tajriba stansiyalarida 2020 yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekinlarini navlar bo‘yicha joylashtirish va superelita urug‘lik don yetishtirish hajmlarining prognoz ko‘rsatkichlari;

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan 2020 yil hosilidan davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan boshoqli don yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirishga ajratiladigan kredit resurslari tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari - moliya vaziri J.A. Qo‘chqorovga hamda O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi A.D. Vahobovga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimlarining takliflari asosida kredit resurslarining tasdiqlangan kafolatli hajmlariga o‘zgartirishlar kiritish huquqi berildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi:

fermer xo‘jaliklarining shart-sharoitlarini, shu jumladan, yerlarning meliorativ holati, tuproqning ball-boniteti va suv ta'minotini chuqur tahlil qilib, hosildorlikni bir gektarga o‘rtacha 70 sentnerdan fermer xo‘jaliklari kesimida belgilaydi;

ikki hafta muddatda fermer xo‘jaliklari bilan don korxonalari o‘rtasida 2020 yil hosilidan davlat ehtiyojlari uchun boshoqli don xarid qilish bo‘yicha kontraktatsiya shartnomalari tuzish ishlarini yakunlaydi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasiga:

2020 yil hosili uchun ekiladigan kuzgi boshoqli don ekinlarining urug‘larini yetarli miqdorda nav va avlodlar bo‘yicha tozalash, saralash, dorilash, qoplash va sertifikatlashtirish;

sug‘oriladigan maydonlarda, asosan birinchi va ikkinchi reproduksiyali hamda lalmi maydonlarda uchinchi reproduksiyadan past bo‘lmagan urug‘lik donni ekish uchun ishlatish;

boshoqli don yetishtiruvchilar mazkur qaror bilan tasdiqlangan boshoqli don ekinlari navlarining joylashtirilishiga qatiy amal qilishlarini ta'minlash vazifalari yuklatildi.

Tovarbop don, rayonlashtirilmagan sifatsiz tayyorlangan va dorilanmagan urug‘larni ekish, respublika hududida ekishga tavsiya etilmagan navlarni joylashtirish, shuningdek, boshoqli don ekinlarini yetishtirish va ishlov berish qiyin bo‘lgan yerlarga ekish qaiiyan taqiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi ikki hafta muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklarining takliflari asosida boshoqli don ekinlari qisqartirilayotgan maydonlarda qishloq xo‘jaligi ekinlarini, birinchi navbatda, yuqori daromad beradigan eksportbop to‘qsonbosti sabzavot ekinlari joylashtirilishini va o‘z vaqtida ekilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir hafta muddatda boshoqli don ekinlari qisqartirilayotgan maydonlardan samarali foydalanish va yuqori daromad beradigan mahsulotlar yetishtirish hamda ularni eksport qilish yuzasidan har bir hudud bo‘yicha “yo‘l xarita” ishlab chiqib, tasdiqlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi A.D. Vahobov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari 2020 yil hosili uchun ekiladigan boshoqli don ekinlari qisqartirilayotgan maydonlarda yuqori daromad beradigan eksportbop qishloq xo‘jaligi ekinlari, jumladan to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlari to‘liq ekilishiga shaxsan mas'ul ekanliklari belgilab qo‘yildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi:

har bir tuman kesimida fermer xo‘jaliklari tomonidan boshoqli don ekinlari qisqartirilayotgan maydonlardan samarali va oqilona foydalanilishini, xususan yuqori daromad beradigan eksportbop qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilishini va yetishtirilishini;

boshoqli don ekinlarini hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, belgilangan muddatlarda ekilishini, yer maydonlarini zarur miqdordagi fosforli va kaliyli mineral o‘g‘itlar bilan birga sifatli tayyorlanishini, mineral o‘g‘itlar va yoqilg‘i moylash mahsulotlari o‘z vaqtida va to‘liq yetkazib berilishini, agrotexnika tadbirlari, shu jumladan sug‘orish ishlarini sifatli amalga oshirilishini alohida nazoratga oladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid