O‘zbekiston | 10:54 / 07.10.2019
9942
4 daqiqa o‘qiladi

Hukumat qarori: Aholiga narkologik yordam ko‘rsatish tizimi takomillashtiriladi, yangicha tartib o‘rnatiladi

Foto: Depositphotos

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga narkologik yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Quyidagilar aholiga narkologik yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

narkologiya xizmatini boshqarishning samarali vertikal integratsiyalashgan tashkiliy tuzilmasini tashkil etish;

narkologiya xizmatining normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish;

bino va inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish hamda kapital ta'mirlash, narkologiya muassasalarini tibbiyot asbob-uskunalari va inventar bilan jihozlash (qo‘shimcha jihozlash) orqali narkologiya xizmatining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;

narkologiya xizmatini malakali kadrlar bilan ta'minlash, shu jumladan narkolog-shifokorlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, profilaktika qilish, tashxis qo‘yish va davolashning zamonaviy metodikalari hamda texnologiyalarini joriy etish, ushbu yo‘nalishda ilmiy tadqiqotlar olib borish.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasining O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Respublika narkologiya markazi negizida Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Quyidagilar Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining asosiy vazifalari va faoliyatining yunalishlarn etib belgilandi:

narkologik kasalliklarning oldini olish, ularga tashxis qo‘yish va ularni davolashni tashkil etish tizimini takomillashtirish, narkologiya xizmati muassasalarining faoliyatiga tashkiliy-uslubiy rahbarlik qilish;

narkologik kasalliklarning oldini olish, ularga tashxis qo‘yish va ularni davolashning, psixoaktiv moddalarga qaram bo‘lib qolgan shaxslarni reabilitatsiya qilishning zamonaviy metodikalari va texnologiyalarini ishlab chiqish hamda joriy etishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish;

ushbu sohada faoliyat olib borayotgan xalqaro tashkilotlar, yetakchi xorijiy markazlar bilan hamkorlikni rivojlantirish;

birgalikda ilmiy-tadqiqot va ta'lim loyihalarini bajarish, shifokor kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, birgalikda ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish uchun chet ellik professorlarni ilmiy faoliyatga, shuningdek, xalqaro grantlarni jalb qilish;

joriy narkologik vaziyatga e'tibor qaratish bo‘yicha o‘z vaqtida munosib choralar ko‘rish uchun takliflar ishlab chiqish maqsadida sherik tashkilotlar, shu jumladan xorijiy yirik tashkilotlar bilan hamkorlikda narkologik kasalliklar tarqalishini, psixoaktiv moddalar iste'mol qilish modellari o‘zgarishini baholashga qaratilgan davriy tadqiqotlar o‘tkazish.

Belgilab qo‘yilishicha:

Markaz O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Respublika narkologiya markazining huquqiy vorisi hisoblanadi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Respublika narkologiya dispanseri, viloyatlar va Toshkent shahar narkologiya dispanserlari Markazning tashkiliy-uslubiy hududiy bo‘linmalari hisoblanadi;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari, budjetdan tashqari mablag‘lar, faoliyat ixtisosligi bo‘yicha ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan daromadlar, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar narkologiya muassasalari faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq jamoat joylarida mast holatda bo‘lgan shaxslar, agar ularga tibbiy yordam ko‘rsatish zarur bo‘lgan holatlarda (alkogoldan og‘ir zaharlanish holatlari bundan mustasno), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Respublika narkologiya dispanseri, viloyatlar va Toshkent shahar narkologiya dispanserlari huzuridagi tibbiy yordam ko‘rsatish punktlariga olib kelinishi kerak.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent shahar narkologiya dispanseri qoshida mast holatda bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish punktini bir oy muddatda tashkil etadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid