Jamiyat | 11:53 / 08.10.2019
8338
2 daqiqa o‘qiladi

Bojxonachilar «Chinor»da qonunbuzarlarning nayrangiga chek qo‘yishdi

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi

Mamlakatga sifati kafolatlanmagan tovar-moddiy boyliklarini noqonuniy tarzda olib kirishga bo‘lgan urinishlarga qarshi bojxonachilar samarali kurash olib borishmoqda.

Jumladan, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurash bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida bir necha qonunbuzilish holatlari o‘z vaqtida bartaraf qilindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda

Tezkor tadbir davomida Toshkent viloyati Ohangaron tumani “Chinor” yo‘l patrul xizmati maskaniga kirib kelgan, fuqaro H.A. boshqaruvidagi “ISUZU” rusumli yuk avtotransport vositasi to‘xtatilib, belgilangan tartibda tekshirildi.

Tekshiruv jarayonida, mazkur yuk avtomashinasi yukxonasida tegishli hujjatlari bo‘lmagan, umumiy qiymati 127 million so‘mlik gaz hisoblagichlar va televizorlar borligi aniqlandi. 

Tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur maskanga kirib kelgan “MAN” rusumli yuk avtotransport vositasi ham belgilangan tartibda xolislar ishtirokida nazoratdan o‘tkazildi.

Ko‘rik natijasida avtoulovning yukxonasida umumiy qiymati 47,4 million so‘mlik 5560 dona cho‘g‘lanma lampochkalar borligi aniqlandi.

Shuningdek, yana bir holatda Zangiota tumanida fuqaro A.B. boshqaruvidagi “Hyundai Porter II” rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib, belgilangan tartibda tekshirildi.

Natijada, avtomashina yukxonasida tegishli hujjatlari bo‘lmagan umumiy qiymati 53,2 million so‘mlik 17760 dona cho‘g‘lanma lampochkalar borligi ma'lum bo‘ldi.

Tezkor tadbirlar davomida umumiy qiymati 227 680 000 so‘mlik tovar moddiy boyliklari vaqtincha saqlovga olindi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Mavzuga oid