O‘zbekiston | 12:35 / 09.10.2019
14194
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston: O‘sh - Andijon avtobusi tufayli «Do‘stlik- avtodorojniy» o‘tkazish punktida yo‘lovchilar oqimi ko‘paydi

«O‘sh - Andijon» yangi avtobus yo‘nalishi ochilishi bilan davlat chegarasining qirg‘iz-o‘zbek uchastkasidagi «Do‘stlik - avtodorojniy» nazorat-o‘tkazish punkti orqali davlat chegarasini kesib o‘tayotgan yo‘lovchilar, yuk va transport vositalari oqimi ko‘paydi. Bu haqda Qirg‘iziston Chegara xizmati xabar bergan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, «Do‘stlik - avtodorojniy» nazorat-o‘tkazish punktini dam olish va bozor kunlari 18 mingdan 24 minggacha kishi kesib o‘tmoqda. Yuk va yo‘lovchi oqimi ko‘payishi munosabati bilan nazorat-o‘tkazish punktida 22ta pasport nazorati kabinasi ishlamoqda: 11ta kabina - chiqish uchun, 11ta - Qirg‘izistonga kirish uchun. Shulardan 3ta kabinada O‘sh - Andijon va Andijon - O‘sh avtobus yo‘nalishi orqali chegara nazorati ostida kirish hamda chiqish amalga oshiriladi.

Yuqorida ko‘rsatilgan o‘tkazish punktida kishilar va transport vositalarining to‘planishi davriy hisoblanadi hamda asosan dam olish, bozor kunlari kuzatiladi.

Qirg‘iziston Davlat chegara xizmati chegarada korrupsiyaga qarshi kurashish uchun barcha nazorat-o‘tkazish punktlarida ishonch telefonlari va bo‘lim boshliqlarining telefon raqamlari yozilgan ma'lumot taxtalari o‘rnatilganini eslatgan.

Mavzuga oid