Jiddaga parvozlar soni ikki marta oshirilishi mo‘ljallanmoqda
Bugun, 11 oktabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Transport vazirligi rahbar va mas'ul xodimlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida temir yo‘l va havo transporti sohalarida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha ham ma'lumotlar berildi.
2019 yilning 9 oylik natijalariga ko‘ra, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tomonidan yuklar jo‘natish hajmi 68,95 mln tonnani tashkil etdi. Yuk aylanmasi hajmi esa 15,4 mlrd tonna-kilometrni tashkil etdi. Shuningdek, 16,4 mln nafar yo‘lovchi o‘z manzillariga yetkazildi.
Temiryo‘l transporti xo‘jaligini rivojlanishi va temiryo‘l transportida yo‘lovchilar tashuvi hajmining oshishi natijasida «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ yo‘lovchi vagonlari parkini yangilashni rejalashtirmoqda. Joriy yilning oxiriga qadar jami 50ta yo‘lovchi vagonlari tayyorlanib, ekspluatatsiyaga topshirilishi kutilmoqda. Toshkent yo‘lovchi vagonlarini ta'mirlash va ularga xizmat ko‘rsatish zavodi 2025 yilgacha 300ta yangi yo‘lovchilarni tashishga mo‘ljallangan vagonlarni ekspluatatsiyaga topshirishni rejalashtirmoqda. Bu orqali «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ ning yo‘lovchi poyezd vagonlarining 70-80 foizi yangilanadi.
O‘zbekiston va Germaniya aviatsiya hukumatlari o‘rtasida Myunxen shahrini «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK tomonidan «Toshkent-Myunxen-Toshkent» yo‘nalishida doimiy parvozlarni amalga oshirish manzili sifatida belgilash bo‘yicha kelishuvga erishildi. Mazkur yo‘nalishda muntazam aviaqatnovlarni 2020 yilning 1 aprel sanasidan boshlash rejalashtirilgan.
Gretsiya va Qatar aviatsiya hukumatlari bilan hamkorlikda havo qatnovi to‘g‘risidagi tegishli bitmlarni imzolash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Milliy va xorijiy aviakompaniyalarni jalb etgan holda Xitoy Xalq Respublikasining Sanya, Sian, Iu, Shanxay va Guanjou shaharlariga reyslarni yo‘lga qo‘yish hamda O‘zbekiston va Kanada o‘rtasida aviaqatnovlarni tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda.
Shuningdek, «Toshkent-Jidda-Toshkent» yo‘nalishida muntazam parvozlar sonini haftasiga 7tadan 14taga qadar oshirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bu esa o‘z navbatida «Umra+» dasturi doirasida Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlaridan O‘zbekistonga qo‘shimcha xorijiy sayyohlar oqimini jalb etish imkonini beradi.
Kun.uz muxbirining «O‘zbekistonda taksi tizimiga oid islohotlar va pulli yo‘llar bo‘yicha ishlar qanday bosqichda?» degan savoliga avtomobil va daryo transportini rivojlantirish departamenti boshlig‘i Ruslan Ro‘zimetov shunday javob berdi: «Taksi tizimini tartibga solish bo‘yish, legallashtirishni yengillashtirish bo‘yicha o‘z takliflarimizni ishlab chiqdik, ikki oydan ortiq turli vazirliklar xulosalarini oldik, qator bahs-munozaralar bo‘ldi. Va nihoyat, maxsus qaror tayyorladik va Adliya vazirligiga kiritdik. Keyingi bosqichda Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi. Ta'kidlash joizki, bu qarorda ko‘p jihatlar inobatga olingan. Jumladan, asosiy ishi boshqa bo‘lgan, haftaning ayrim kunlarida, yoki kunning qaysidir soatlarida kira qilish bilan shug‘ullanadigan haydovchilar uchun ham imkoniyatlar yaratilgan. Ko‘pchilik hozirgi kunda yangilik bo‘lgan Yandex tizimi taqiqlanadi, degan fikrlarni bildirayapti, ammo unday bo‘lmaydi, hammasi qonunchilikka muvofiqlashtiriladi. Qisqa muddat ishlovchi taksichilar o‘zlari uchun qulay operatorlardan birini tanlab olishadi, ular uchun ham qisqa muddatli soliq tizimi yaratiladi».
Mavzuga oid
21:47 / 18.10.2024
Tirbandlik, tramvay loyihasi, haydovchilarga jazo va temiryo‘llarda sifat – transport vaziri bilan intervyu
13:44 / 09.04.2024
Hayit kunida jamoat transporti butun respublikada bepul bo‘lmaydi – Transport vazirligi
15:08 / 13.02.2024
O‘zbekistonda ayollarga avtobus va yuk mashinalarini haydashga ruxsat berildi
12:25 / 08.02.2024