MIB Xatirchidagi voqea yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilganini ma'lum qildi
Kun.uz saytida joriy yil 19 sentabr kuni e'lon qilingan «Xatirchida MIB xodimlari ayol kishiga kuch ishlatgani rostmi? Nega qarzdorning qo‘shnisiga tegishli qoramol qaytarib berilmayapti?» sarlavhali maqola yuzasidan Majburiy ijro byurosining Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan ma'lumot taqdim etildi.
«Joriy yilning 19 sentabr kuni Kun.uz saytida e'lon qilingan maqola yuzasidan o‘rganish ishlari olib borildi.
Aniqlanishicha, byuroning Xatirchi tuman bo‘limi davlat ijrochisi I.Otaqulov ish yurituvidagi fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan qarzdor O.Qilichovdan undiruvchi «O‘zagrolizing» AJ foydasiga 2 mln 382 ming 895 so‘m qarzdorlikni undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati bo‘yicha 2019 yil 10 sentyabrda qarzdorning Xatirchi tumani, «Quchchi» MFY, Olmazor qishlog‘idagi yashash xonadoniga borib, mol-mulklarini xatlab, olib ketayotgan vaqtda qarzdorning turmush o‘rtog‘i G.Mustafoyeva hokimiyat vakili hisoblangan davlat ijrochisining xizmat vazifasini bajarishiga faol qarshilik ko‘rsatib, egnidagi kiyimlarini yirtgan hamda unga Xatirchi tuman STEBning 2019 yil 19 sentyabrdagi xulosasiga ko‘ra, yengil tan jarohati yetkazgan.
Xatirchi tuman prokuraturasi tomonidan fuqaro G.Mustafoyevaga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Aksariyat hollarda biz huquqlarimizni talab qilamiz-u, lekin o‘z majburiyatlarimizni bajarishga to‘g‘ri kelganda, paysalga solamiz yoki bajarishdan bo‘yin tovlab, noto‘g‘ri qadam tashlaymiz.
Yuqoridagi holatda ham O.Qilichov qarzdorlikni o‘z vaqtida to‘lamasdan, ijro harakatlari amalga oshirilayotgan joydan ketib qolishi va turmush o‘rtog‘i G.Mustafoyeva davlat ijrochisining xizmat vazifasini bajarishiga faol qarshilik ko‘rsatishining huquqiy oqibatlarini ko‘rish mumkin», – deyiladi ma'lumotnomada.
Ammo ta'kidlash joizki, mazkur holat yuzasidan bir necha savol ochiq qolmoqda. Jumladan, janjal oqibatida G.Mustafoyevaga yetkazilgan tan jarohatlari va u shifoxonaga olib borilgan vaqtdagi ahvolini bilish maqsadida Xatirchi tuman tibbiyot birlashmasi bosh travmatologi Uchqun Haqqulov bilan suhbatlashganimizda, u bemor shifoxonaga olib kelinganda shok holatda va behush bo‘lgani uchun bir kun jonlantirish bo‘limida bo‘lgani, keyin esa travmatologiya bo‘limiga o‘tkazilgani, unda chap bilak sohasi ko‘kargan va o‘ng boldir tashqi to‘piq sohasida shilinish jarohatlari bo‘lganini ma'lum qilgandi.
Shuningdek, MIB xodimlari olib ketgan qoramol qo‘shnisiga tegishli ekanligi aytilgandi. Buni qo‘shni xonadon egalari ham tasdiqlagandi. Qolaversa, qoramol qarzdorlarga emas, balki qo‘shnisiga tegishli ekani «Quchchi» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi tomonidan berilgan ma'lumotnomada ham ko‘rsatilgandi. Bu ma'lumotnomaga mahalla raisi, profilaktika inspektori va profilaktika inspektorining yordamchisi tomonidan imzo qo‘yilgan.
Umid qilamizki, ochiq qolayotgan ushbu savollarga dastlabki tergov natijalari bo‘yicha munosib javoblar topiladi.
Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
18:40 / 09.11.2024
MIBning Andijon va Farg‘ona viloyatlari boshqarmasi rahbarlari o‘zgardi
07:37 / 08.11.2024
202,9 mlrd so‘mlik ijro ishlarini asossiz ravishda tugatgan MIB mansabdorlari aniqlandi
16:17 / 02.11.2024
Andijonda ishchidan alimentdan qarzini ushlab qolmagan fermer jarimaga tortildi
12:16 / 01.11.2024