O‘zbekiston | 15:37 / 12.10.2019
8737
4 daqiqa o‘qiladi

So‘rov natijasi: Mehribonlik uyida tarbiyalangan yoshlarning 1,2 foizigina muammolarga duch kelmaydi

Foto: Pinterest

Mehribonlik uyini tamomlagan 16 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 233 nafar yoshlar ishtirokida so‘rov o‘tkazildi. So‘rovda yoshlar mustaqil hayotga qadam qo‘ygandan so‘ng duch keladigan asosiy muammolarni sanab o‘tishdi. Natijaga ko‘ra, so‘rovda ishtirok etganlarning 81,1 foizi (189 nafari) turar joy, 30,4 foizi (71 nafari) ishga joylashish, 11,1 foizi (26 nafari) oila qurish masalasida qiyinchilikka duch kelgan. Yoshlarning atigi 1,2 foizi (3 nafar) mehribonlik uyini tamomlagandan keyin hech qanday muammoga duch kelmaganligini ta'kidlagan. Bu haqida Senatning 23-yalpi majlisida ota-onalar qarovisiz qolgan va mehribonlik uylarida tarbiyalangan yoshlarning jamiyatga ijtimoiy moslashuvi masalasini muhokama qilish chog‘ida ma'lum qilindi.

Senator Ro‘zi Saidovning qayd etishicha, Oliy Majlis Senatining tegishli qo‘mitalari, Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tomonidan o‘tkazilgan tahlillar ota-onalar qarovisiz qolgan, mehribonlik uyida tarbiyalangan bolalarning ijtimoiy hayotga moslashuvida qator muammolar mavjudligini ko‘rsatdi. Hududlarda mehribonlik uyini tamomlagan yoshlarni sanitariya talablariga javob bermaydigan turar joylarga joylashtirish hollari aniqlangan.

Mehribonlik uylarida tarbiyalangan yoshlar (233 nafar) ishtirokida o‘tkazilgan so‘rov natijalari quyidagilarni ko‘rsatadi:— Respondentlarning 44,1 foizi (102 nafari) ishsiz bo‘lib, aksariyati o‘rta-maxsus ta'lim tizimini tugatgandan keyin o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish topolmagan, ularning bor-yo‘g‘i 5,6 foizi (13 nafari) davlat tasarrufidagi tuzilmalarda ishlaydi. Mehribonlik uyi bitiruvchilari o‘rtasidagi ishsizlikning yuqori ko‘rsatkichlari Namangan (80 foiz), Qashqadaryo (78,9 foiz), Buxoro (72,7 foiz), Farg‘ona (62 foiz), Toshkent (58,8 foiz) va Surxondaryo (50 foiz) viloyatlariga to‘g‘ri keladi.

— Mehribonlik uyida tarbiyalanganlarning 38,2 foizi (88 nafari) o‘z turmushidan mamnun emas. So‘rov ishtirokchilari o‘z javoblarida bunga sabab qilib turli omillarni ko‘rsatishgan. Xususan, 34,4 foiz — davlat tomonidan ijtimoiy himoyaning yetarli emasligi, 22,3 foiz — ayrim rahbarlarning o‘z ishiga mas'uliyatsizligi, 21,3 foiz — mehribonlik uyidagi sifatsiz ta'lim-tarbiya, 11,1 foiz — jamoatchilikning salbiy munosabati va e'tiborsizligi.

Respondentlarning 71,2 foizi (166 nafari) fikriga ko‘ra, shaxsiy turar joyning yo‘qligi mazkur toifadagi yoshlarning eng asosiy muammosi bo‘lib qolmoqda. Shuningdek, 27,4 foiz (64 nafari) yoshlar ishga kirishda ko‘plab qiyinchiliklar yuzaga kelayotganini qayd etgan.

Yoshlarning 77,1 foizi (162 nafari) davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan ish va uy-joy topish masalasida qo‘llab-quvvatlashning yo‘qligini ta'kidlagan. Respondentlarning 66 foizi (150 nafari) hech qaysi davlat, jamoat tashkiloti ular bilan muntazam aloqaning yo‘qligini bildirgan. Xususan, mahalla, Xotin-qizlar qo‘mitalari, bandlikka ko‘maklashish markazlari, “Oila” markazi kabi tashkilotlarning mazkur yo‘nalishdagi faoliyati yoshlar tomonidan umuman e'tirof etilmagan. 

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Oliy Majlis Senati ota-onalar qarovisiz qolgan va mehribonlik uyida tarbiyalangan yoshlarning jamiyatga ijtimoiy moslashuvi bo‘yicha muammolarni hal qilish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga Parlament so‘rovi yuborishni ma'qulladi. Parlament so‘rovida mehribonlik uylarida ta'lim-tarbiya sifatini ko‘tarish, mehribonlik uyida tarbiyalangan yoshlarni uy-joy va ish bilan ta'minlash, ushbu toifadagi yoshlar istiqomat qiladigan hamda mahalliy hokimliklar balansida turgan yotoqxonalardagi shart-sharoitlarni yaxshilash kabi masalalarni nazarda tutadi.

Mavzuga oid