Bugun, 22 oktabr kuni parlament quyi palatasining navbatdagi majlisida O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotiga doir bir qator qonun loyihalari muhokama qilindi.

Dastlab muhokamaga qo‘yilgan «Maktabgacha ta'lim va tarbiya to‘g‘risida»gi qonun loyihasi deputatlar o‘rtasida turli bahs-munozaralarni keltirib chiqardi.
Ma'lumotlarga ko‘ra, maktabgacha yoshdagi bolalarni bog‘chaga qamrab olish 2019 yilning birinchi yarmida 40,5 foizni tashkil qildi. Maktabgacha ta'lim muassasalari soni esa, 4 ming 940 tadan 9 ming 774ga yoki qariyb ikki barobarga ko‘paydi. Davlat maktabgacha ta'lim muassasalari bilan bir qatorda, davlat sheriklik asosidagi va xususiy maktabgacha ta'lim muassasalari soni ham ortib bormoqda.
Bu esa sohadagi qonunchilikni yanada takomillashtirishni taqozo etadi.
«Shu ma'noda, maktabgacha ta'lim va tarbiya sohasidagi munosabatlarni tartibga solishni maqsad qilgan ushbu qonun loyihasi orqali respublikada davlat va nodavlat maktabgacha ta'lim bilan bolalar qamrovi ko‘lamini bosqichma-bosqich oshirishga, ularga soliq imtiyozlari va preferensiyalar, budjet subsidiyalari ajratish hamda maktabgacha ta'lim-tarbiyaning muqobil shakllarini joriy qilishga ko‘maklashish rejalashtirilgan», deya Qonunchilik palatasining Fan, ta'lim, madaniyat va sport qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Shuhrat Bafayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Loyiha jami 10ta bob va 58 moddani o‘z ichiga oladi.
Unda shuningdek, milliy qonunchilikda birinchi marta maktabgacha yoshdagi bolalarning erta rivojlanish jarayoni alohida bosqichlarda bo‘lishi, ya'ni bolalarni tarbiyalash, ularga g‘amxo‘rlik qilish hamda maktabgacha ta'lim va tarbiyaning uyg‘unligi belgilab berilmoqda.


Qonun loyihasi deputatlar tomonidan moddama-modda muhokama, qizg‘in muhokama qilindi. Jumladan, loyihaning 21-moddasi – «Lisenziya berish, litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish yoki tugatish, shuningdek uni bekor qilish va qayta rasmiylashtirish O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan tartibda Davlat inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi» bandiga ayrim deputatlar tomonidan e'tirozlar bildirildi.
















