Sport | 20:18 / 25.10.2019
3704
9 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda nima uchun sport pasporti joriy etilmoqda? Soha mutasaddisi bilan suhbat

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi «Sertifikatlashtirish va kompyuterlashtirish Markazi» davlat korxonasi direktori Hasan Dadamuhamedov biz bilan suhbatda markaz faoliyati va mamlakatda shu sohada olib borilayotgan ishlar haqida ma'lumot berdi.

– Respublikamizda bugungi kunda jismoniy tarbiya va sport sohasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

– Jismoniy tarbiya va sport sohasida so‘nggi yillarda katta islohotlar amalga oshirilib, tizimli rivojlanishga katta zamin yaratildi. Mazkur soha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Alohida vazirlik tuzilishi, tuman (shahar)larda tegishli bo‘linmalar ochilishi, sport federatsiya va assotsiatsiyalar faoliyatiga alohida e'tibor berilishi oqibatida sport sohasi respublikada yangi rivojlanish bosqichiga chiqmoqda. Bu ishlarni muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan shaxsan nazoratga olingani sohani jadal suratlarda rivojlanishiga sabab bo‘lmoqda.

Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2019 yil 4 sentabr kuni 2020 yilda Yaponiyaning Tokio shahrida bo‘lib o‘tadigan Olimpiada o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish, ommaviy sport va jismoniy tarbiyani rivojlantirish bo‘yicha olib borilgan ishlar natijadorligi va bu borada amalga oshiriladigan dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor majlisi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda proffessional sportchilarni tayyorlash jarayoniga alohida urg‘u berilib, bu borada ilg‘or innovatsion texnologiyalarni joriy etish, sport farmakologiyasi, diyetologiyasi, psixologiyasi va sport tibbiyoti masalasiga, har bir sport terma jamoalari bilan ishlaydigan ilmiy-kompleks laboratoriyalar tashkil etishga alohida ahamiyat qaratildi.

Bundan tashqari, joylarda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, jismoniy tarbiya va sportga jalb qilishda ommaviy sport turlarini rivojlantirish, har bir tuman (shahar)ni ma'lum sport turlariga ixtisoslashtirish orqali ommaviylikni oshirish, samarali va sifatli seleksiyani amalga oshirish bo‘yicha zarur topshiriqlar berildi.

Shuningdek, umumta'lim muassasalarida sport obektlarini qurish va ta'mirlash, ixtisoslashgan sport maktab-internatlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda ularni zamonaviy sport anjomlari bilan jihozlash, sport anjomlarining sifatini nazorat qilish bo‘yicha maxsus laboratoriya tashkil etish chora-tadbirlari ham belgilab berildi.

Umuman olganda, bugungi kunda jismoniy tarbiya va sport sohasi jadal rivojlanishi natijasida bizning sportchilarimiz jahon sport arenalarda nufuzli o‘rinlarni olib, O‘zbekiston bayrog‘ini va madhiyasini butun dunyoga tanitib kelmoqda.

– Mazkur ishlarni amalga oshirishda Siz rahbarlik qilayotgan Markaz faoliyati to‘g‘risida to‘xtalib o‘tsangiz.

– Bugungi kunda Markaz respublikada jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirishga qaratilgan bir qator yo‘nalishlarda faoliyat yuritmoqda. Jumladan, respublika bo‘yicha sport inshootlarining yagona reyestrini yuritish,  trenerlarni attestatsiyadan o‘tkazish ishlarini tashkil etish, jismoniy tarbiya va sport sohasiga axborot-kommunikatsion texnologiyalarni joriy qilish, sport sohasida me'yoriy-huquqiy va texnik hujjatlarni ishlab chiqish, sport anjomlari va jihozlarni standartlashtirish, sohada ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini takomillashtirish masalalarida ish olib bormoqda.

2004 yilda respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan barcha sport inshootlarini xatlovdan o‘tkazish va pasportlashtirish tizimi joriy etildi. Pasportlashtirish vaqtida sport inshootlaridan foydalanish tartibini belgilovchi toifalar beriladi. Belgilangan toifaga qarab, tegishli obektda o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan sport tadbirlari va xizmat ko‘rsatish tartibi o‘rnatiladi.

2008 yilda respublikada sport anjom va jixozlarni majburiy sertifikatsiya tizimi joriy etilishi munosabati bilan Markaz negizida «Jismoniy tarbiya va sport» standartlashtirish texnik qo‘mitasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. O‘tgan davr ichida texnik qo‘mita tomonidan 110dan ortiq sport anjom va jihozlarga halqaro standarlarga uyg‘unlashtirilgan milliy standartlar yaratildi.

2012 yildan buyon respublikamizda trenerlik faoliyatini tartibga solish, sport sohasidagi xizmatlar sifatini oshirish, sport bilan shug‘ullanuvchilar  xavfsizligini ta'minlash, doimiy malaka oshirish tizimini shakllantirish maqsadida trenerlarni attestatsiyadan o‘tkazish tizimi joriy qilingan.

Yuqori malakali trenerlarga attestatsiyadan o‘tishlari uchun turli imtiyozlar joriy etildi. Xususan, 

1. O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti yoki ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxirasi maktab-internatlarini tamomlaganlik to‘g‘risidagi diplomlarga ega bo‘lgan shaxslarga tegishli sport turlari bo‘yicha uch yil mobaynida belgilangan attestatsiyadan o‘tmasdan ruxsatnoma olish;
2. Sportning Olimpiya va Paralimpiya turlari hamda Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlari bo‘yicha Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari, Osiyo o‘yinlari, jahon va Osiyo chempionatlari musobaqalarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarga tegishli sport federatsiyalari (assotsiatsiyalari) tavsiyanomalari asosida attestatsiyaning birinchi va ikkinchi bosqichlaridan o‘tmasdan, sport maktablarida trener sifatida ishlash uchun trenerlik faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsatnomalar berish;
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar Jismoniy tarbiya va sport boshqarmalarining tavsiyalari asosida umumta'lim maktablarining jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilariga sport maktablarida trener-instruktor sifatida ishlash uchun attestatsiyaning birinchi va ikkinchi bosqichlaridan o‘tmasdan trener-instruktorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsatnoma berish mexanizmlari joriy qilindi.

Bundan tashqari Markaz mutaxassislari tomonidan jismoniy tarbiya va sport sohasida me'yoriy-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ham faol ishlar olib borilmoqda. Jumladan, jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarini jihozlash uchun zarur bo‘lgan sport anjomlari va jihozlari me'yorlari (tabeli), bolalar sport inshootlari, umumta'lim maktablari hamda kollej va akademik litseylarning sport zallarini sport anjomlari va jihozlari bilan ta'minlash me'yorlari, sport inshootlarini namunaviy shtatlari me'yorlari ishlab chiqilgan. Shuningdek, Markaz tomonidan boshqa ko‘plab sohaga oid me'yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqishda bevosita va faol ishtirok etib kelinmoqda.

– Axborot-kommunikatsion texnologiyalarni barcha sohalarda keng joriy qilish – bu zamon talabidir. Mazkur yo‘nalishda hozirda jismoniy tarbiya va sport sohasida qanday ishlar olib borilmoqda?

– Sport sohasiga axborot-kommunikatsion texnologiyalarini joriy qilish yo‘nalishida ham ma'lum bir ishlar amalga oshirilmoqda. Markaz tomonidan respublikamizda faoliyat yuritayotgan jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlari va trenerlar to‘g‘risida davlat axborot reyestrlari yaratildi va internet tarmog‘ida joylashtirildi.

Bundan tashqari, bugungi kunda sportchilar, jismoniy tarbiya o‘qituvchilari (yo‘riqchilari) haqidagi ma'lumotlar, ta'lim tashkilotlari o‘quvchilari va talabalarining sport normativlarini topshirish natijalarini saqlaydigan va taxlil qiluvchi «Jismoniy tarbiya va sport» yagona axborot tizimini yaratish va joriy qilish bo‘yicha tashkiliy ishlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur yagona axborot tizimi jismoniy tarbiya va sport sohasida turli natijalarni tahlil qilish orqali sportga iqtidorli yoshlarni saralab olish, seleksiya ishlarini tizimli yo‘lga qo‘yish uchun qulay vosita sifatida xizmat qiladi.

Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, ommaviy ravishda jismoniy tarbiya va sportga jalb qilish, sport bilan muntazam shug‘ullanuvchilar, sport sohasi mutaxassislari, ota-onalar hamda boshqa qiziquvchilar uchun mo‘ljallangan ma'lumotlarni o‘zida aks etgan, sohaga oid bo‘lgan me'yoriy-huquqiy, ilmiy-uslubiy hujjatlar, qiziqarli va ommabop ma'lumotlar, foydali materiallarni o‘zida mujassamlashtirgan www.sport.uz internet portalini yaratish bo‘yicha tashkiliy ishlar yakuniga yetkazilmoqda.

– Markazning yangi loyihalari to‘g‘risida ham to‘xtalib o‘tsangiz.

– Bugungi kunda Markaz mutaxassislari tomonidan sportchilarni sport sohasidagi faoliyatini doimiy monitoring qilib boruvchi va ularga Sport pasportini berish bo‘yicha elektron baza yaratish ishlari boshlangan. Mazkur elektron baza sportchilarni barcha sport musobaqalardagi ishtirok etish natijalari, sport tashkilotlariga mansubligi, trenerlar bo‘yicha ma'lumotlari, tibbiy ko‘riklardan o‘tish jarayoni va boshqa zarur ma'lumotlarni tahlil qilib yagona elektron bazada saqlanishini ta'minlaydi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid