Bugungi kunda o‘quvchi yoshlarimiz orasidan malakali profecsional sportchilar yetishib chiqib, jahon sport arenalarida turli musobaqalarda vatanimiz sha'nini munosib himoya qilib, o‘zga davlatlar vakillari orasidan o‘z muxlislariga ega bo‘lmoqda. Bunday natijalar barchamiz uchun faxrli holdir. O‘quvchi yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga jalb qilish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, katta sportga zaxira sportchilarni tayyorlash, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullantirish samaradorligini yanada oshirish borasida hukumatimiz tomonidan qabul qilinayotgan qator Farmoyish va Qarorlar mazkur sohani yanada rivojlantirish orqali yoshlarni barkamol, sog‘lom insonlar qilib tarbiyalashga qaratilgan.

Jumladan:

  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 3 iyundagi PQ-3031-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish dasturi;
  • 2019 yil 19 mart kunidagi shaxsan Prezidentimiz rahbarligida “Yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etishda madaniyat, san'at, sport, axborot texnologiyalari, kitob o‘qishga qiziqishni oshirish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusni amalga oshirish to‘g‘risida” o‘tkazilgan videoselektor majlisi va shu kabi qator hujjatlarni misol qilishimiz mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi hamda “Yoshlik” Jismoniy tarbiya va sport jamiyati markaziy kengashi tomonidan, jamiyatga belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash, kelajak avlod vakillarini jismoniy tarbiya va sport orqali harakatlanishga o‘rgatish, ular orasida do‘stlik, vatanparvarlik hislarini rivojlantirish, sog‘lom bo‘lib voyaga yetishlariga o‘z hissasini qo‘shish maqsadida an'anaviy tarzda umumiy o‘rta ta'lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida muvaffaqiyatli o‘tkazilib kelayotgan “Biz buyuk vatan farzandimiz” shiori ostida “Yoshlik sport jamoalari” sport musobaqalari muvaffaqiyatli o‘tkazib kelinmoqda. Ushbu musobaqalarda ishtirok etish uchun o‘quvchi yoshlarning soni ortib borishi erishilayotgan yutuqlardan biridir.