O‘zbekiston | 16:16 / 25.10.2019
2753
4 daqiqa o‘qiladi

SSV tadbirkorlar davlat tibbiyot muassasalari hududida noqonuniy qurilish qilishi taqiqlanganini eslatdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi tadbirkorlar tomonidan davlat tibbiyot muassasalari hududida noqonuniy qurilish va faoliyat tashkil qilishi taqiqlanishi haqida eslatdi.

«Mamlakatimizda har qanday davlat tibbiyot muassasasi hududida tadbirkorlik faoliyatini tashkil qilish amaldagi qonun va qonunosti hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 6 oktyabrdagi 279-sonli «Davlat mulki obektlarini xususiylashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqidagi»gi qaroriga asosan balansda saqlovchi va mahalliy davlat hokimiyati organining birinchi rahbari tomonidan imzolanadigan hamda muhr bilan tasdiqlanadigan xulosasini taqdim etish tartibi joriy etilgan.

Shuningdek, prezidentimizning 2018 yil 7 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorining 11-bandida Sog‘liqni saqlash vazirining roziligisiz davlat tibbiyot muassasalarining yer uchastkalari va ko‘chmas mulklari begonalashtirilishi taqiqlanganligi belgilangan», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Vazirlik boshqarmasi mas'uli tadbirkorlar davlat tibbiyot muassasalari hududida noqonuniy qurilish qilishi bilan bog‘liq holatlarga to‘xtalgan.

«Afsuski, shunga qaramasdan bugungi kunda ayrim tadbirkorlar tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligining ruxsatini olmasdan turib, davlat tibbiyot muassasalari hududida noqonuniy qurilish ishlarini olib borish holatlari ham uchrab turibdi.

Masalan, Samarqand viloyati Bulung‘ur tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli «Navbahor» qishloq vrachlik punkti hududining 0,10 yer maydonida hammom va savdo majmuasini qurish uchun fuqaro Z.Aliboyevga yer ajratish bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligining roziligisiz 2018 yilda Bulung‘ur tuman hokimining qarori qabul qilingan. Ushbu holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga Bulung‘ur tumani hokimining qarori ustidan protest keltirilib, Bulung‘ur tumani hokimining qarori bekor qilingan. Buning natijasida qurilishi boshlangan binolarni buzish ishlari amalga oshirilmoqda. Shunday ekan, davlat tibbiyot muassasalari  xududidan noqonuniy  ravishda  foydalanish, bino va inshootlarni buzish yoki qurish hamda davlat mulki obektlaridan noqonuniy foydalanish qat'iy taqiqlanganligini unutmasligimiz kerak», — deydi vazirlikning Qurilish va moddiy texnik ta'minotni muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Akmal Norbekov.

Shuningdek, 2017 yilda Surxondaryo viloyati teri-tanosil kasalliklari dispanseri hududidagi 300 kvadrat metrdan iborat yer maydonini «Shifokor Valijon Surxon» xususiy korxonasiga ajratish bo‘yicha Termiz shahar hokimining qarori qabul qilingan. Ushbu yer maydoni tadbirkorga berilishi va mahalliy hokimlik balansiga olinishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 25 fevraldagi 54-son qarori talabiga zid ravishda Sog‘liqni saqlash vazirligining rozilik xati olinmagan. Mazkur holat bo‘yicha Surxondaryo viloyati teri-tanosil kasalliklari dispanseri yer maydonini qaytarish maqsadida Termiz shahar hokimining qarori ustidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga protest keltirilib, Termiz shahar hokimining qarori bekor qilingan hamda noqonuniy qurilishi boshlangan binolarni buzish ishlari amalga oshirilgan.

«Xulosa o‘rnida aytganda, davlat tibbiyot muassasalari hududida tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan qonun hujjatlariga asosan, Sog‘liqni saqlash vazirligining ruxsati olingan holda faoliyat amalga oshirilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Tadbirkorlar  ushbu masala bilan bog‘liq barcha savollariga vazirlikning (71) 239-44-81 telefon raqami orqali javob olishlari mumkin», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotnomasida.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid