O‘zbekiston | 18:27 / 30.10.2019
2283
7 daqiqa o‘qiladi

Mahallalarda ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarni tizimli tashkil etish bo‘yicha hamkorlik dasturi ishlab chiqildi

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Nuroniy” jamg‘armasi, Ma'naviyat va ma'rifat markazi, Yoshlar ittifoqi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi ishtirokidagi “Mahallalarda ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarni tizimli tashkil etish bo‘yicha jamoat tashkilotlarining 2019 yil oktabr–dekabr oylariga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi” ishlab chiqildi.

Poytaxtda tashkil etilgan “Oila va mahallalarda ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarni tizimli tashkil etishda jamoat va davlat tashkilotlari hamkorligi” mavzusida o‘quv-seminarida ushbu hamkorlik dasturining amalga oshirish mexanizmlari muhokama etildi. 

Yuqoridagi tashkilotlarning quyi bo‘g‘inlari ham bevosita ishtirok etgan videoselektorda Respublika mahallalar kengashi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ittifoqi, “Nuroniy” jamg‘armasi va “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazining oilalar hamda mahallalarda sog‘lom munosabatlar muhitiga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgan illatlarning oldini olishga qaratilgan qo‘shma Murojaati qabul qilindi. 

Murojaat har bir jamoat tashkilotining o‘z faoliyatini tanqidiy tahlil etib, eng quyi bo‘g‘inlarida ham o‘zaro hamkorlikni yangi sifat bosqichiga olib chiqishga qaratilgan. Jumladan, unda oilalarda mehr-oqibat, hamjihatlik yo‘qolib, munosabatlarga manfaat, tama qo‘shilayotgani, o‘z bolasining tarbiyasiga loqayd ota-onalar ko‘payib, oilalarda otaning o‘rni sezilmayotgani, oilaviy ajralishlar, jinoyatlar va mulkiy mojarolarda otalar rolining ko‘rinmayotgani, ijtimoiy-ma'naviy muhitda parokandalik, oilaviy munosabatlarda muvozanatning buzilayotgani alohida ta'kidlangan holda, jamoat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida muhim ustuvor vazifalar va istiqbolda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab berildi.

Bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri — ayrim yigit-qizlarimiz mustaqil hayotga tayyorlanmay, turmush qurishayotganidir. Natijada yosh oilalar o‘rtasida ajralishlar soni oshib borayotir. To‘y-hasham, marosimlarimizda ham bema'ni orzu-havaslar, ota-bobolarimiz amal qilgan urf-odatlarga hurmatsizlik, ortiqcha rasm-rusumlar, dabdababozlik, begona “urf-odatlar”ga ko‘r-ko‘rona ergashilayotganini afsus bilan qayd etish lozim . Ushbu illatlar qarshisida biz — mahallalarda yashayotgan har bir inson tomoshabin bo‘lib qarab turmasligimiz lozim. 

Videoselektor yig‘ilishida tasdiqlangan yetti bo‘limdan iborat Mahallalarda ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarni tizimli tashkil etish bo‘yicha jamoat tashkilotlarining 2019 yil noyabr–dekabr oylariga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi amaliy chora-tadbirlarni o‘z ichiga oldi.

Xususan, dasturning birinchi bo‘limiga asosan, jamoat tashkilotlarining respublika, viloyat va tuman darajasidagi rahbarlari uchun hamkorlik masalalari bo‘yicha bir kunlik o‘quv-seminari tashkil etiladi. Mahallalarda ma'naviy-ma'rifiy ishlarni tashkil etish metodikasi bo‘yicha videodarsliklar tayyorlanadi.

Oilalarda mehr-oqibatni mustahkamlash va ajralishlarning oldini olish maqsadida yoshlar o‘rtasida o‘tkaziladigan “Ko‘ring, havas qiling, ibrat oling!” mavzuidagi davra suhbatlari chinakam saboq vazifasini o‘tasa, oila muqaddasligi, ota-ona va milliy qadriyatlarga hurmat hissini oshirishga qaratilgan “SMS-xabarnoma” yuborish xizmati yo‘lga qo‘yilishi o‘ziga xos ma'naviy eslatma bo‘lishi shubhasiz. Shuningdek, Fuqarolik ishlari bo‘yicha sud va FHDYo organi binolarida “Oila burchaklari” tashkil etilib, “Oiladagi totuvlikka birgalikda erishamiz!” shiori ostida aksiyalar, “Oila va jamiyat farovonligi — taraqqiyot omili” mavzuida uchrashuvlar ham ezgu maqsadga xizmat qiladi. 

Xotin-qizlar o‘rtasida ma'naviy-ma'rifiy ishlarni tashkil etish borasida “Kiyinish madaniyati va odobi”, “Ayol ma'naviyati” mavzularida targ‘ibot tadbirlari alohida ahamiyat kasb etadi. Ularda tuman (shahar)larda milliy liboslarimizni aks ettiruvchi kiyimlar namoyishi o‘tkaziladi. “Ma'rifatli qizning qadami qutlug‘ kelur” mavzuidagi suhbatlar orqali esa qizlarni oilaviy hayotga tayyorlash, kasbga o‘rgatish va bandligini ta'minlashga e'tibor qaratiladi.

Dasturda to‘y va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish bo‘yicha ham qator sa'y-harakatlar belgilangan. Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlarining “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori ijrosi izchil ta'minlanib, qaror mazmun-mohiyatini targ‘ib qilish bo‘yicha ma'ruza tezislari, tarqatma materiallar (slayd, buklet, tavsiya va h.k.) ishlab chiqiladi va joylarga yetkaziladi.

Yoshlarni Vatanga muhabbat, ezgulik va rahmdillik ruhida tarbiyalash borasida nuroniylar va pensiyadagi harbiy xizmatchilar ishtirokini ta'minlash muhim vazifadir. Umumta'lim maktablarida “Keksalar ma'rifati” mavzuida tashkil etiladigan tadbirlar shu maqsadga xizmat qilib, ularda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tomonidan markaziy va hududiy telekanallar orqali Vatanga muhabbat, oilaviy qadriyatlarni targ‘ib etuvchi va ogohlikka chorlovchi badiiy filmlar namoyish qilinishi ahamiyatlidir. 

Muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar va qabristonlarni obodonlashtirish, aholi bilan suhbatlar o‘tkazish, shu jumladan, uyma-uy yurish, aholiga tushuntirish ishlarini olib borishda keng jamoatchilik jalb etilishi ham e'tiborga sazovor ishlardan. 

Yana bir muhim jihat sifatida markaziy va hududiy kengashlar tomonidan bosma, elektron ommaviy axborot vositalari orqali mahalla tizimi faoliyatidagi ijobiy o‘zgarishlar va ilg‘or tajribalar, tizimdagi muammolar, ularning yechimiga qaratilgan “Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan faol hamkorlik qiluvchi tuzilma” tanlovi tashkil etilishini aytib ztish joiz. Tanlovning tuman, viloyat hamda respublika bosqichlari o‘tkazilib, yakunlari bo‘yicha faol jamoat tashkilot tajribasi ommalashtiriladi. 

Dasturdan bir qator ijobiy natijalar kutilmoqda. Xususan, ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar tizimli tashkil etiladi, ularning ta'sirchanligi oshadi, oilalar va mahallalardagi muhit yanada sog‘lomlashtiriladi. Shu bilan birgalikda, aholida salbiy illatlarga nisbatan murosasizlik madaniyati shakllantiriladi, mahalla institutini har tomonlama rivojlantirish, ularning ish faoliyatini yanada jonlantirishga erishiladi. 

Respublika mahallalar kengashi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Nuroniy” jamg‘armasi, Ma'naviyat va ma'rifat markazi, Yoshlar ittifoqi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan videoselektor yig‘ilishi samarali kechdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid