Jamiyat | 15:30 / 30.10.2019
10391
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zi ishdan nohaq bo‘shatilganini da'vo qilgan tez tibbiy yordam haydovchisi bo‘yicha sud hukmi chiqarildi

Sog‘liqni saqlash vazirligi sud tez yordam haydovchisi qonuniy asosda ishdan bo‘shatilganini tasdiqlagani haqida xabar berdi.

Foto: «Daryo»

«Ijtimoiy tarmoqlarda «Meni nohaq ishdan bo‘shatishdi». Qashqadaryolik tez tibbiy yordam haydovchisi rahbariyatini adolatsizlikda ayblamoqda» (2019 yil 11 sentabr) hamda «Kasaba uyushmasi qashqadaryolik tez tibbiy yordam haydovchisi ishga tiklanishini talab qilmoqda» (2019 yil 17 sentabr) nomli maqolalar e'lon qilingan edi. Ularda Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi maxsus va tez tibbiy yordam avtoxo‘jaligi haydovchisi Ilhom Usmonovning asossiz ravishda ishdan bo‘shatilganligi va mazkur masala sudda ko‘rib chiqilayotgani xususida ma'lum qilingan. 

Qashqadaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati ma'lum qilishicha, 2019 yil 4 oktabr kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudida bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida mazkur masala tafsilotlariga oydinlik kiritildi. 

Unda da'vogar Ilhom Usmonov ish beruvchining 2019 yil 29 iyuldagi buyrug‘i bilan 2019 yil 29 iyulda chaqiruvga vaqtida bormaganligini asos qilib u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinganligini, biroq ish beruvchi bu borada mehnat qonunchiligi talablariga rioya qilmaganligini ma'lum qilgan.

Biroq sud majlisida uning da'volari o‘z isbotini topmadi. Javobgar sifatida so‘ralganlarning tushuntirishlari hamda guvohlarning ko‘rsatmalaridan ma'lum bo‘lishicha, Ilhom Usmonov mehnat intizomini muntazam ravishda buzib kelgan. Shu sababli avtoxo‘jalik komissiya a'zolarining 2019 yil 19 iyuldagi majlisi bayoni, Qarshi shahar tez tibbiy yordam bo‘limi kolonna boshlig‘ining bildirish xati hamda kasaba uyushma qo‘mitasining rozilik xati olingan holda ishdan bo‘shatilgan. Bu borada mehnat qonunchiligiga to‘liq rioya qilingan. Kasaba uyushma qo‘mitasi yig‘ilishiga Ilhom Usmonov ham chaqirilgan. Biroq u tushuntirish xati yozishdan, yig‘ilishda qatnashishdan bosh tortgan. Bu borada tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilgan. 

Sud qarorida qayd etilishicha, ish beruvchi da'vogar Ilhom Usmonov bilan tuzilgan mehnat shartnomasini amaldagi Mehnat kodeksi talablariga rioya qilgan holda bekor qilganligi ish hujjatlari, taraflar hamda guvohlarning ko‘rsatuvlari bilan o‘z tasdig‘ini topdi. 

Shu sababli sud Ilhom Usmonov tomonidan sudga avtoxo‘jalikning uni ishdan bo‘shatish haqidagi buyrug‘ining g‘ayriqonuniy ekanligini tasdiqlovchi dalillar taqdim etilmaganligi, buyruq qonuniy asoslarga ko‘ra, ish beruvchi tomonidan da'vogarning mehnat huquqlari kamsitilmasdan chiqarilganligini inobatga olib, mazkur da'vo talablarini rad etgan», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Mavzuga oid