«1-sinf o‘quvchilarining eng aqllilari – bog‘chaga borgan bolalardir» – Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari
31 oktabr kuni Toshkentda Maktabgacha ta'lim vazirligi va «Rossiya pedagoglari: ta'limdagi innovatsiyalar» forumi tashkilotchilari tomonidan «Ta'limdagi innovatsiyalar: xalqaro hamkorlik yo‘nalishi» yillik forumining xalqaro bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Rossiya Federatsiyasining 20ta hududi va MDH davlatlarida har yili tashkil etiladigan ushbu forum O‘zbekistonda bu yil ilk marotaba o‘tkazildi.
«Ta'limdagi innovatsiyalar: xalqaro hamkorlik yo‘nalishi» forumida Maktabgacha ta'lim vazirligining 250dan ortiq mutaxassislari, davlat va nodavlat MTTlar rahbarlari, pedagoglar, defektologlar ishtirok etdi.
Forum ochilish marosimida so‘zga chiqqqan Maktabgacha ta'lim vaziri o‘rinbosari Shodiyor Mamatqulovning ma'lumot berishicha, respublika bo‘yicha taxniman 1 million 163 ming nafar 3-7 yoshli bola mavjud bo‘lib, ularning 550 ming nafari shahar hududida, 640 mingi esa qishloqlarda yashaydi. Ularga sifatli maktabgacha ta'lim berilishi esa vazirlikning asosiy vazifasi hisoblanadi.
Xalq ta'limi vaziri birinchi o‘rinbosari Alisher Umarovning so‘zlariga ko‘ra esa, maktabgacha ta'lim yoshidagi bolalarga alohida e'tibor qaratish ularning maktabda ham yaxshi o‘qishlariga asos bo‘ladi.
«Jahon banki tahlillariga ko‘ra, maktabgacha ta'lim yoshidagi bolaga 1 dollar investitsiya kiritgan odam undan 17 baravar foyda ko‘radi.
Bugun bizga, ya'ni maktab ta'limini olish uchun keladigan bolalarning eng aqllilari ham MTTlar orqali keladi, eng bilimdonlari bog‘cha opalar qo‘lidan o‘tib, ularning tarbiyasini olib keladi», – dedi Alisher Umarov.
Forum rahbari Yelena Kobeleva pedagoglarga bolalar qanday inson bo‘lib ulg‘ayishini oldindan tasavvur qilish kerakligi haqida tushuntirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bolalar baxtli bo‘lib o‘sgandagina boshqa har qanday ishning uddasidan chiqadi.
Bundan tashqari, trenerlar bolalarga hamma narsani obrazli qilib o‘rgatish lozimligini, bitta narsaning turlicha, hech kimning xayoliga kelmaydigan ta'riflari borligini o‘rgatish mumkinligini tushuntirishdi.
Masalan, samolyot faqat uchadi deb emas, balki odamlarni bir manzildan ikkinchi manzilga olib boradi, degan ta'rif bilan tushuntirish lozim.
Shuningdek, jarayonda qatnashchilar bolalarni kreativ fikrlashiga undovchi turli vositalar, bolalardagi muammoli ahloqni tuzatish uchun mo‘ljallangan ABA-terapiyasi usullari bilan ham tanishdilar.
Mavzuga oid
16:18 / 20.04.2021
Samarqanddagi maktabgacha ta'lim tizimida qator noqonuniy holatlar aniqlandi
18:34 / 12.04.2021
Maktabgacha ta'lim sohasida moliyalashtirilmasdan qolgan 241ta DXSh to‘g‘risidagi bitimga mablag‘ ajratiladi
22:56 / 01.04.2021
Qoraqalpog‘istonda bog‘cha tarbiyachilari direktordan norozi bo‘lib avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ydi
10:07 / 20.03.2021