Buxorodagi yahudiylar mahallasi yaqin vaqt ichida yo‘q bo‘lib ketishi mumkin bo‘lgan tarixiy yodgorliklar ro‘yxatiga kiritildi
1991 yildan so‘ng yahudiylarning ommaviy ravishda Isroil va AQShga ko‘chib ketishlari natijasida bir paytlar gavjum bo‘lgan mahalla deyarli huvillab qolgan va hozirda qarovsiz ahvolda.
Jahon yodgorliklarni muhofaza qilish jamg‘armasi (World Monumens Fund, WMF) yaqin vaqt ichida yo‘q bo‘lib ketishi mumkin bo‘lgan 25 diqqatga sazovor maskan nomini e'lon qildi. Bu haqda The New York Times xabar bermoqda.
Tashkilot ikki yilda bir marta yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida bo‘lgan madaniy meros obektlari ro‘yxatini tuzadi. Sabablari esa turlicha: tabiiy ofatlar, harbiy nizolar yoki insonlar loqaydligi bo‘lishi mumkin.
Ushbu ro‘yxatga Buxorodagi yahudiylar mahallasi ham kiritildi. Jamg‘armaning qayd etishicha, 1991 yildan so‘ng yahudiylarning ommaviy ravishda Isroil va AQShga ko‘chib ketishlari natijasida bir paytlar gavjum bo‘lgan mahalla deyarli huvillab qolgan va hozirda qarovsiz ahvolda.
Ro‘yxatdan shuningdek, bir necha oy avval yong‘in sodir bo‘lgan Notr-Dam de Pari ibodatxonasi, inklar vodiysidagi Machu-Pikchu shahri, Pokistonning Lohur shahridagi Anarkali bozori, Yaponiyadagi Ivamatsu tumani joy olgan.