Sport | 11:48 / 31.10.2019
8384
3 daqiqa o‘qiladi

Coca-Cola homiyligida o‘tgan O‘zbekiston Kubogi «Paxtakor»ga nasib etdi

«Paxtakor» hamda AGMK klublari o‘rtasidagi O‘zbekiston Kubogi uchun kechgan murosasiz bahs «sherlar»ning g‘alabasi bilan yakunlandi – 3:0. Bu toshkentliklar klubi uchun hisob bo‘yicha tarixdagi 12-kubok bo‘ldi.

O‘yinning ilk daqiqalaridan «Paxtakor» tashabbusga erishdi va ketma-ket golli vaziyatlar yaratdi. Final uchrashuvi o‘tkazilgan «Lokomotiv» stadionidagi ajoyib muhit va qiziqarli kurash 31-daqiqaga qadar, «sherlar» uchrashuvdagi ilk golini urishigacha davom etdi. O‘yinning ilk yarim soati o‘tganida Dragan Cheran uchrashuvda hisobni ochdi. O‘yinning ikkinchi bo‘limida Jaloliddin Masharipovga nisbatan ishlatilgan qo‘pollik uchun AGMK darvozasi tomon penalti belgilanadi va Cheran bundan unumli foydalanib hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi.

Uchrashuvning 77-daqiqasida Cheran raqib darvozasiga uchinchi golni ham urdi va het-trikni nishonladi.

«Sherlar» ushbu g‘alaba bilan bir qator rekordlarni yangilashga muvaffaq bo‘ldi.

Jamoa uchinchi marta o‘z tarixida final bahslarida yirik g‘alabaga erishdi. Birinchi marta «Paxtakor» 1999 yilgi finalda «Navbahor»ni 3:0 hisobida yenggan bo‘lsa, yana bir finalda, 2002 yilda «Neftchi»ni qo‘shimcha vaqtlarda urilgan gollar evaziga 6:3 hisobida mag‘lub etilgan edi.

Jamoa 2007 yildan buyon ilk marta oltin dublga erishdi – O‘zbekiston chempionati hamda Kubokda g‘alaba qozondi. «Paxtakor» umumiy hisobda 6ta oltin dublga erishgan.

Ushbu g‘alaba jamoaning final bahslarida uchinchi xorijlik murabbiy bilan erishgan g‘alabasi. Bu mavsumda jamoani Shota Arveladze g‘oliblik sari yetaklab kelgan bo‘lsa, yaqin o‘tmishda rossiyalik mutaxassis Sergey Butenko hamda turkmanistonlik Tachmurod Agamurodov ham jamoa bilan finalda zafar quchgandi.

Eslatib o‘tamiz, bu yilgi Superliga hamda O‘zbekiston Kubogi bahslari Coca Cola kompaniyasi homiyligida o‘tkazilmoqda.

«Biz bu kabi xalqaro brend bilan chempionat va Professional Futbol Ligasi musobaqalarida hamkorlik qilishdan xursandmiz. Bugun stadionlarimizda minglab futbol muxlislari o‘z jamoalarini qo‘llab-quvvatlamoqda, klublar natija uchun murosasiz kurashga kirishmoqda. Umuman, bu holatlar mamlakatda futbol tez va jadallik bilan rivojlanish bosqichini o‘tkazayotganini ko‘rsatmoqda. Biz esa keyingi mavsum ham ikki tomonlama foydali hamkorlikni davom ettirishni istaymiz. Kuchli murabbiylar tarkibi hamda yigitlarning shijoati, bizga birgalikda bundan ham katta marralarni egallashimizga zamin yaratishiga ishonaman», - deydi PFL Bosh direktori Davron Shoqurbonov.

Mavzuga oid