Jahon | 12:26 / 31.10.2019
4080
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyada yana bir vazir saylovchilarni sotib olgani uchun iste'foga chiqdi

Foto: REUTERS

Yaponiya adliya vaziri Katsuyuki Kavai iste'foga chiqdi. Vazir va uning parlament oliy palatasi deputati bo‘lgan rafiqasi saylov qonunchiligini buzishda gumon qilinmoqda.

TASS axborot agentligi xabar berishicha, Yaponiya ommaviy axborot vositalari vazir va uning rafiqasi saylov kampaniyasi vaqtida davlat mablag‘larini maqsadsiz sarflaganini ma'lum qilgan. Jurnalistlarning ma'lumotlariga ko‘ra, vazir va uning rafiqasi xodimlariga belgilangandan 2 marta ko‘proq haq to‘lagan va o‘z okruglaridagi saylovchilarga sabzavotlar to‘plamini sovg‘a qilib, ularning ovozini “sotib olishga” uringan.

Kavai ushbu qoidabuzarliklardan habari yo‘qligini va o‘zining hamda raqifasining saylov shtablarida “har tomonlama ichki tergov” o‘tkazishini ta'kidlab o‘tgan. U vazir lavozimidan ketsa-da, biroq parlament quyi palatasi depatuti mandatidan voz kechmasligiga ishora qilgan.

Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe sentyabrda shakllantirgan yangi hukumat uchun bu ikkinchi iste'fodir. Avvalroq shunday ayblovlar bilan iqtisodiyot, savdo va sanoat vaziri Issyu Sugavara o‘z lavozimini tark etgandi.

Kavaining iste'fosi tufayli Sindzo Abe yapon xalqidan bir hafta ichida ikkinchi marta uzr so‘rashiga to‘g‘ri keldi. Avvalroq u Sugavara iste'fosi uchun uzr so‘ragandi. Bosh vazir uning hukumati oxirgi iste'folar tufayli xalqning yo‘qotilgan ishonchini tiklash uchun barcha ishni qilishiga va'da bergan. 

Ta'kidlanishicha, endi adliya vaziri lavozimini oliy palata deputati, 55 yoshli Masako Mori egallaydi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid