2 noyabr kuni Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashining o‘n sakkizinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlis O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Asqar Mamin, Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri Li Ketsyan, Qirg‘iz Respublikasi Bosh vaziri Muhammadqaliy Abilg‘aziyev, Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi Dmitriy Medvedev, Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzoda, Hindiston Respublikasi mudofaa vaziri Rajnat Singx va Pokiston Islom Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining ShHT bo‘yicha milliy koordinatori Zahur Ahmadning tor doiradagi uchrashuvi bilan boshlandi. Muzokarada ShHT Bosh kotibi Vladimir Norov va ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori Jumaxon G‘iyosov ham ishtirok etdi.

Foto: primeminister.kz

Muloqot chog‘ida ShHT faoliyati izchil rivojlanib borayotgani, tashkilot Xartiyasi va a'zo davlatlar o‘rtasida Uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma bunda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotgani alohida ta'kidlandi.

Hukumat rahbarlari kengashi ishtirokchilari kun tartibi va uning doirasida imzolanadigan hujjatlar ro‘yxatini tasdiqlashdi, ShHT faoliyatiga doir dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashishdi.

Kengashning kengaytirilgan tarkibdagi majlisida ShHT Ishbilarmonlar kengashi boshqaruvi raisi M.Sharshekeyev va ShHT Banklararo birlashmasi kengashi raisi A.Omorkulov, kuzatuvchi davlatlar vakillari – Afg‘oniston Islom Respublikasi Bosh vaziri A.Abdulla, Belarus Respublikasi Bosh vaziri S.Rumas, Eron Islom Respublikasi birinchi vitse-prezidenti I.Jahongiriy, Mo‘g‘uliston Bosh vaziri o‘rinbosari U.Enxtuvshin, faxriy mehmon sifatida Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov, shuningdek, hamkor xalqaro tashkilotlar vakillari – BMT ESKATO ijrochi kotibi o‘rinbosari X.Xam, MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari S.Ivanov, ASEAN Bosh kotibi o‘rinbosari R.Tene, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashi kotibiyati ijrochi direktori H.Mirzozoda, Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi raisi T.Sarkisyan, BMT FAOning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili V.Raxmanin qatnashdi.

ShHTning xalqaro maydondagi mavqei yil sayin ortib, tashkilotga a'zo bo‘lish istagini bildirgan davlatlar safi tobora kengayib bormoqda. Hindiston va Pokistonning 2017 yilda tashkilot a'zoligiga qabul qilinishi ShHT doirasida ochiqlik tamoyili ustuvor ahamiyat kasb etishidan dalolat.