Jamiyat | 19:40 / 04.11.2019
17035
6 daqiqa o‘qiladi

«Izoh bor, lekin jur'at yo‘q». O‘zbek jurnalistikasining buguni haqida fikrlar

«Oldin faqat yo‘ldagi chuqurlar haqida yoza olgan bo‘lsak, hozir undan ham katta mavzularni yoza olyapmiz, lekin undan-da kattasini yozgimiz kelyapti. Korrupsion masalalar, manfaatlar to‘qnashuvi haqida yozgimiz kelyapti».

Muhrim A'zamxo‘jayev

«Alter Ego» dasturi muallifi Kirill Altman O‘zbekistondagi onlayn media vakillari bilan suhbatlashdi.

Dasturda soha xodimlari mamlakatdagi jurnalistika va so‘z erkinligining bugungi holati borasidagi o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar.

Jumladan, Daryo.uz muharriri Muhrim A'zamxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda matbuot va blogerlarning ta'siri bilan o‘z yechimini topayotgan muammolarning aksariyati – maishiy masalalardir. Ayrim mavzularda esa rasmiylar shunchaki sukut saqlashni afzal bilmoqda.

– Davlatning qaysidir organlari, qaysidir amaldorlar OAVda chiqayotgan, Telegram`da yozilayotgan narsalarga e'tibor beryapti. Yoki qo‘rqishyapti. Deylik, Prezident Administratsiyasidagilarga, Kabmindagilarga yetib bormasligi uchun muammoni hal etishga harakat qilishyapti. Lekin hal qilinayotgan muammolarning ham, ko‘tarilayotgan muammolarning ham ko‘pi – maishiy narsalar.

«Snos»lar bo‘yicha hokimlar chiqib uzr so‘radi. Uzr so‘rashgacha olib borildi-yu, lekin juda ham to‘rtinchi hokimiyat bo‘lib ketdik, deb o‘ylamayman. So‘z erkinligi eng yuqori darajasiga chiqdi, degan fikrda emasman. Chunki shunaqa holatlar borki, qayta-qayta yozasiz, ijtimoiy tarmoqlarda muhokama bo‘ladi, lekin baribir hech narsa o‘zgarmaydi. U narsani shunchaki «ignor» qilishadi, bo‘ldi. Undan o‘tib ketiladi va esdan chiqariladi.

«Yozaverasiz-yozaverasiz, foydasi bo‘lmayapti-ku? O‘zgarmayapti-ku?» deydi jurnalistlar. Hech qanaqa signal yo‘q. Feedback yo‘q. Nima qilaman yozib, deydi. Keyin boshqa mavzuga o‘tib ketadi. Bu yerda jurnalistikaning ham muammosi bor, lekin bu muammoni sababi – ijro yoki sud hokimiyatining beparvoligidan. Shunchaki «ignor» qilishidan. Hech qanaqa javob olib bo‘lmaganidan keyin, nima qilaman yozib, deydi-da.

Misollarni ko‘p keltirish mumkin. Masalan, to‘rtinchi hokimiyat bo‘lib, biz 722 Range Rover`larning raqamini kim yechib oldi, nega yechib oldi, bila olganimiz yo‘q. Na shahar, na respublika «GAI»si hech qanaqa izoh bergani yo‘q. Ular qo‘rqishmadi ham-da. Shu ishni qilganlar ham qo‘rqmagan.

Hech qanaqa izoh olib bo‘lmadi. Range Rover`larning raqami yechib olingan kuni biz ertalabdan kechgacha shahar IIBBga ham, «GAI»ga ham, respublika «GAI»ga ham chiqdik. Respublika «GAI»: «Biz bilmaymiz», dedi. Shahar IIBB: «Biz izoh beramiz, faqat keyinroq, keyinroq, keyinroq...» Hech qanaqa izoh berishmadi.

G‘alati holat-da. Bir kechada 40-50ta Range Rover`ni shunday chaqirib, nomerini yechvolib, boshqa nomer bervorsa... Agar biz Komil Allamjonov aytganidek to‘rtinchi hokimiyat bo‘lganimizda qanaqadir izoh ola olgan bo‘lardik. Izoh bor... Lekin uni yozishga jur'at yo‘q.

O‘zbekistonda so‘z erkinligi bormi, degan savolga jurnalist: «Qaysidir ma'noda bor», deb javob bergan.

– Qaysidir ma'noda bor. Taqqoslashda ko‘rinadi. Misol uchun, 2016 yilda biz bunaqa intervyu ham qilolmasdik. Hozir aytganim «722»lar to‘g‘risidagi gapimni ham ayta olmasdim. 2016 yilda biz muhokama qilishimiz mumkin bo‘lgani – yo‘llardagi chuqurlar, qayerdadir daraxt sinib tushgani edi.

Oradan uch yil o‘tdi, biz bemalol hokimlarning aybini ayta olyapmiz. Yo‘ldagi chuqur odamlarni qiziqtirmay qo‘ydi. Odamlarning muammolari ko‘tarilgan, ular: «Mana shu hokimni deb, shu amaldorni deb mening ishim bitmayapti», deb ayta olyapti. Oldin unaqa emasdi. Oldin gapirishdan qo‘rqishardi.

2016 yilga nisbatan so‘z erkinligi bor, farq yer bilan osmoncha. Biz o‘sha paytda qanaqa gapirish mumkin, nimani so‘rash mumkinligini bilmaganmiz ham. Endi bildik. Chegara kattalashib ketdi. Va bizning xohish-istaklarimiz ham ko‘payib ketdi. Oldin faqat yo‘ldagi chuqurlar haqida yoza olgan bo‘lsak, hozir undan ham katta mavzularni yoza olyapmiz, lekin undan-da kattasini yozgimiz kelyapti. Korrupsion masalalar, manfaatlar to‘qnashuvi haqida yozgimiz kelyapti.

Muhrim A'zamxo‘jayevning fikricha, ko‘plab mavzularni ko‘tarib chiqishda hamon qo‘rquv bor.

– Gapirib bo‘lmaydigan mavzular ko‘p. Mavzu ko‘p degan bilan, bizda hali ham qo‘rquv bor. Balki 2016 yilda mumkin bo‘lmagan yuzta mavzudan 75tasi hozir mumkin bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Biz qo‘rqayotganimiz uchun hali ham bu mavzularga tegmayapmiz. Buning oqibatini bilmaymiz. Agar yozsak, bizga telefon bo‘lmaydimi, oldimizga kimdir kelmaydimi...

Taqiqlangan mavzulardan ham oldin, bu yerda eng asosiy muammo – o‘zimizdagi qo‘rquv. Qo‘rquv hali chiqib ketgani yo‘q. Chiqib ketmayotganiga sabab ham bor: bir xil holatlar bo‘lyaptiki, bir minora «A» degan bo‘lsa, ertasiga ikkinchi minora chiqib, «Yo‘q, A emas, B», deyapti. Biz esa tushunmayapmiz, qaysi biri bo‘yicha ketishimiz kerak.

Mavzuga oid