Bloomberg News Oq uy ishlari bo‘yicha bosh muxbiri Jyennifer Jyeykobsni ishdan bo‘shatdi va The Wall Street Journal jurnalisti Evan Gershkovichning ozodlikka chiqarilishi haqidagi xabarni muddatidan oldin chop etgani uchun bir qancha boshqa xodimlarga nisbatan intizomiy choralar ko‘rdi. Bu haqda 5 avgust kuni Amerikaning CNN teleradiokompaniyasi xabar berdi. 

«O‘tgan payshanba kuni biz Gershkovich va boshqa mahbuslarning ozod etilishi haqidagi xabarni muddatidan oldin nashr qildik, bu ularning ozod qilinishiga olib keladigan muzokaralar almashinuviga xavf tug‘dirishi mumkin edi», deb yozadi Bloomberg bosh muharriri Jon Mikltveyt xodimlarga yo‘llagan eslatmasida. «Hattoki bizning material, xayriyatki, hech narsani o‘zgartirmagan bo‘lsa ham, bu tahririyat me’yorlarini ochiqdan ochiq buzish», dedi u. 

Mikltveyt so‘zlariga ko‘ra, keng qamrovli tekshiruv o‘tkazildi, bunga jurnalistik standartlarga rioya etilishini nazorat qiluvchi Bloomberg News muharriri javobgar bo‘ldi. Natijada intizomiy choralar ko‘rildi. Bloomberg News, shuningdek, bunday muvaffaqiyatsizliklar yana takrorlanmasligi» uchun tahririyat amaliyotini ko‘rib chiqadi, dedi Mikltveyt. Uning qo‘shimcha qilishicha, ozodlikka chiqqanlarning har biriga shaxsan o‘zi xat yozgan. Bundan tashqari, Mikltveyt The Wall Street Journal bosh muharriri Emma Takerdan uzr so‘radi. 

«Biz har kuni minglab materiallarni nashr qilamiz, ularning aksariyati shov-shuvli yangiliklarga aylanadi. Biz aniqlikka juda jiddiy qaraymiz. Lekin to‘g‘ri ish qilish uchun mas’uliyatga egamiz. Bu holatda biz buni qilmadik», - deb davom etilgan eslatmada.

«Muxbirlarning yakuniy so‘zi yo‘q»

O‘z navbatida, Bloomberg News’da sakkiz yil ishlagan va 2016 yil noyabridan beri Oq uy bo‘yicha bosh muxbir bo‘lgan jurnalist Jyennifer Jyeykobs voqeada aybdor ekanini rad etadi.

«Men tahririyat standartlari va ko‘rsatmalariga rioya qilgan holda Evanning ozod etilishi haqida xabar berish uchun muharrirlarim bilan ishladim», deb yozdi u. «Men hech qachon ma’muriyatning embargosiga ataylab zid keladigan yoki ishtirokchilardan birortasini (almashinuvda) xavf ostiga qo‘yadigan hech narsa qilmaganman».