Jamiyat | 19:50 / 06.11.2019
6231
3 daqiqa o‘qiladi

Bolajonlarimiz kelajagi doimo e'tibor markazida 

Yunusobod tumani 15-mavze hududida joylashgan 156-sonli maktabgacha ta'lim muassasasi 1978 yilda qurilgan bo‘lib, muassasaning ayni damdagi umumiy quvvati 300 nafar tarbiyalanuvchiga mo‘ljallangan.

Bu yerda oxirgi 31 yil davomida mukammal ta'mirlash ishlari amalga oshirilmagan, muassasa binosining avariya holatiga kelib qolganligi, o‘yin maydonchalarining zamon talablariga javob bermasligi sababli, muassasada tarbiyalanuvchilarning soni keskin kamayib, 160 nafarga tushib ketgan edi.

Muhtaram Prezidentimiz Sh. Mirziyoyev topshirig‘iga asosan, bosh prokuror va Toshkent shahar prokurori boshchiligida tuman prokurori tomonidan mahalla faollari va ushbu hududda istiqomat qiluvchi yosh ota-onalardan kelib tushgan murojaat va takliflarni inobatga olgan holda bog‘chada ta'mirlash ishlari boshlandi.

Mazkur maktabgacha ta'lim muassasasini loyihalashtirish jarayonida Muhtaram Prezidentimizning “Yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish va ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish”ga qaratilgan 5 ta muhim tashabbus bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektorda bergan topshiriq va ko‘rsatmalari ham mujassamlashtirildi.

Jumladan, muassasa to‘liq kapital rekonstruksiya qilindi. Bolalar maydonchalari, zamonaviy suv havzasi yangidan qurildi. Mini futbol, voleybol, rekonstruksiyali bolalar o‘yin maydonchalari, amfiteatr, davolash yo‘lakchalari tashkil qilindi, shaxmat hududi barpo etildi.

Barcha guruhlar zamonaviy jihozlar, o‘quv-metodik adabiyotlar, didaktik materiallar, rivojlantiruvchi o‘yin va o‘yinchoqlar bilan ta'minlandi, turli yo‘nalishdagi to‘garaklar tashkil etildi.

Yangi tashkil etilgan innovatsion o‘quv xonasi eng so‘nggi texnika va texnologiya vositalari bilan jihozlandi. Ushbu xonada bolajonlarga nafaqat kompyuter texnologiyalari, balki AKTni qo‘llagan holda xorijiy tillar, matematik fikrlash, rassomlik grafikasini o‘yin tarzida o‘rgatish ko‘zda tutilgan.

Maktabgacha ta'lim muassasasi hududidagi tuzli xonada bolalarning nafas yo‘llari kasalliklari, teri kasalliklari davolanadi hamda kon aylanish tizimi normallashtiriladi, shu bilan birga ularning immuniteti oshiriladi

Maktabgacha ta'lim muassasasini mukammal ta'mirlash va rekonstruksiya qilish hamda jihozlash ishlarini amalga oshirish uchun jami 7 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ sarflandi.

Mavzuga oid