O‘zbekiston | 11:00 / 07.11.2019
3855
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda volontyorlik faoliyati huquqiy maqomga ega bo‘ladi

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Deputatlar «Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida»gi Qonunni uch o‘qishda qabul qildilar. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2019 yil 6 noyabrda o‘tkazilgan navbatdagi yig‘ilishida deputatlar «Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdilar. Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 maydagi «Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida parlament quyi palatasi deputatlari tomonidan ishlab chiqilgandi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Lyudmila Koshelapovaning qayd etishicha, «mamlakatimizda ko‘ngillilik faoliyati, tegishli tushunchalar majmui va ushbu faoliyatni amalga oshirish tartiblari mustahkamlangan, garchi ushbu faoliyat qonun hujjati bilan tartibga solinmagan bo‘lsa-da, u amalda O‘zbekistonda rivojlanib kelmoqda».

Ayrim sotsiologik tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, qariyb 90 foiz nodavlat notijorat tashkilotlar o‘z faoliyatini amalga oshirishda ko‘ngillilardan unumli foydalanadi. Ularning eng faollari – O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, Qizil yarim oy jamiyati, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi hisoblanadi.

Ko‘ngillilar faoliyati qator ijtimoiy tarmoqlar orqali ham faollashib bormoqda. «Facebook» ijtimoiy tarmog‘ida «volontyori.uz» guruhi bo‘lib, uning a'zolari soni 12 mingdan ortiqni tashkil qiladi. Guruh a'zolari xayriya tadbirlari, aksiyalari hamda yordam ko‘rsatish bo‘yicha o‘zaro ma'lumotlar almashadi. Ular yo‘qolgan insonlarni izlashga, hududlarni chiqindilardan tozalashga, egasiz hayvonlarni himoya qilish, ehtiyojmandlarga dori-darmon sotib olishga va qimmat tibbiy operatsiyalarni bajarish uchun mablag‘ yig‘ishga hamda boshqa beg‘araz yordam tadbirlarini amalga oshirishga ko‘maklashib kelmoqda.

«Shu tariqa, mamlakatimizda qonuniy asosga ega bo‘lmasa-da, ko‘ngillilar faoliyati yetarlicha rivojlangan. Qonunchilikdagi bunday ko‘rinishdagi bo‘shliq turli toifadagi shaxslarga, shuningdek, yurtimiz yoshlarini mazkur yo‘nalishda davlat siyosati va milliy mentalitetimizga mos kelmaydigan qadriyatlar asosida «birlashtirish»ga faol harakat qiluvchi xorijliklarga «keng maydon» yaratib beradi. Qolaversa, tegishli qonun hujjatlari majmuining yo‘qligi ko‘ngillilarning huquqlari va majburiyatlari, ularning ijtimoiy himoyasi, munosib mehnat sharoitlarining kafolatlari, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, NNT va OAV bilan hamkorlik mexanizmlari to‘g‘risidagi masalalarni ochiq qoldirmoqda», deya ta'kidladi L.Koshelapova.

Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi ko‘ngillilik faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni qonuniy tartibga soladi, ko‘ngillilik faoliyati to‘g‘risida yagona qonuniy tushunchalar majmuini shakllantiradi, ko‘ngillilik faoliyatini yanada faollashtirishni rag‘batlantiradi.

Loyiha bilan Adliya vazirligi tomonidan ko‘ngillilar faoliyatini ro‘yxatga olish reyestri joriy qilinib, muntazam ravishda yangilab borilishi, «Ko‘ngillilik shartnomasi»ni amaliyotga joriy qilinishi ko‘zda tutilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid